Sahifa yuklanmoqda . . .


Kuzgi bog' III

1

* * *

Og‘irlashib qoldi yuragim —
Yonsa, o‘zi olar alanga.
Botinlikda kul aylar g‘amin,
Yoshsiz yig‘lab boqar olamga.
U uchmaydi — tosh kabi og‘ir,
Tortar — balki teranlik sari.
Unga yog‘ar eng yog‘iy yomg‘ir —
Yetti qavat osmonning qahri.
Unda gullar bo‘ladi xazon,
To‘qnashadi Mashriqu Mag‘rib.
Unda iymon aytadi azon,
Ayriliqdan faryodi changib.
O, yugurib yashamoq qayda!
Yo‘llar, axir, ketmadi qolib,
Ular o‘sha — eng og‘ir joyda —
Qiynashmoqda o‘ralib olib.
Dunyo so‘rab yig‘layapmanmi?
Og‘irlashdi, do‘stlar, yuragim —
Ha, tun to‘lgan dunyo kabi bor,
Har tomiri, har bir bo‘lagi.
Og‘irlikning girdibodida
Buzildi tan muvozanati,
Yurak — vazmin-vazmin otida —
Tamomila zabt etdi mani.
Mag‘lub yana keraksiz xasmi?
Meni tashlab ketmagan, olam.
Tangrim, senga kerak emasmi,
Yuragidan yengilgan odam?


2

* * *

Pala-partish befahm suron
Kir-chir oyoqlarin ostida —
Poymolladi meni beomon,
Ruhimni parchalash qasdida.
Yasharkanman yolg‘on ro‘zida
O‘zligimni ajdarday yutdim.
Boshim uzra horg‘in to‘zigan
Samovatdan bir nido kutdim.
Men chorladim sukunatlarni,
O‘zligimni yig‘moq-chun bir on —
Tanimdagi kukunatlarni
Etsin dedim yolg‘izlik talon.
Yolg‘izlikning bo‘sh-bo‘sh dashtida
Omon qolgan yurakni ochdim.
— Meni yarat!— jonni dastiga
Tutdim: — Sochgin! Jonimni sochgin!
Bepoyonlik ichra o‘sdim men.
Behududlik ichra ko‘kardim.
Huvillagan qaro tunda eng
Qaro yerdan tanni ko‘tardim.
O‘zni soldi unga sukunat,
Ruh baxsh etdi tanholik unga.
Va bir nido negadir titrab,
Bulbul kabi qo‘ndi bo‘g‘zimga.
Nidolangin! Bulbul, nidolan!
Azobimda kuylagin erkin...
Ko‘zni ochib jang ayla, olam,
Ko‘zgu ayla,
Bir nido berdim.


3

* * *

Mening tosh ko‘nglimni taroshla,
Ishq, devona shaklingga solgin!
Jonni g‘amga tashla taloshga —
Dard rishtasi tortmasin salqi.
Olib ketgin — qolmasin osmon,
Yerni toshmi yo havo ayla.
Bu dunyoda qolmasin armon —
Ko‘nglimni bir haq nido ayla.
Ishq, sendadir eng so‘nggi najot,
Uzat, toza dastingni uzat —
Sen yo‘q joyda g‘aribdir hayot,
Sen yo‘q joyda kishandir uzlat.
Kel, qirq yillik umrimni buzib
Kel, qirq tomchi yoshimni yutay.
Va umrimni bir gulday uzib,
Bir yo‘lchining qo‘liga tutay...


4

* * *

Bebaxtlikda bu kuzak baxtli!—
Tabiat ham qismatga ko‘nar.
Bugun hamma-hamma daraxtni
Quchib-quchib yig‘lasam bo‘lar.
Vazminlik bor ular o‘yida,
Vaqt oldida fidoyilik bor.
Xazonrezning g‘amgin to‘yida
Hasrat bergan xudoyilik bor.
Dunyo bugun sarg‘aygan chorbog‘ —
Yov bo‘shliqlar tegarasida —
U o‘zidan ketmoqda yiroq,
U chidamning chegarasida.
Payg‘ambarday turibdi bosiq,
To‘pig‘ini tutib alanga —
Men bir bargning hasratin yozib,
Dovrug‘ solsam bo‘lar olamga.
Yo bir bargni tug‘day ko‘tarib,
O‘tsam bo‘lar so‘nggi dars uchun —
Yelga aylab bir so‘zni targ‘ib:
"Tushunsang-chi! Tushungin! Tushun!"....
Bir barg dardin eshitdim men ham —
Ruhga ko‘chdim — tanim qolmadi.
Tilga kirdi tilsimli olam —
Menga bir ham g‘anim qolmadi.


5

* * *

Xazonlig‘ning azobi ichra,
Ariq, suving buncha pokiza.
Tiniq ruhing — dilimga uchrab —
Poklik sari sokin oqizar.
Sohilchangda junjikib g‘amgin,
Boqarkanman sayyoh barglarga,
Go‘yo etgan bo‘laman tamkin
Allaqanday go‘zal haqlarga.
Xazon bo‘ldi bu baytulhazan!—
"Oh" urmoqning yetdi fursati.
Sen bog‘lardan oqib o‘tasan,
Tubinggacha o‘zin ko‘rsatib.
Izg‘irinlar keldi to‘lg‘onib,
Mavjlarida yaproqlar qalqir.
Karaxtlikdan hozir uyg‘onib,
Sening bilan ketaman balki...
Vidolarga to‘lgan g‘arib kun,
Seni oqin farishta etdi.
Men ham tiniq bo‘lishim mumkin
Xazon fasli menga ham yetdi.
Kuzga chiqdim o‘zin yoqmoqqa —
Yon gunohning barcha-barchasi!
Dil, tavba qil!
Ana, oqmoqda
Allohimning tiniq parchasi...


6

* * *

Boysunga ham kuzak kelgandir.
Tog‘lar bu kun o‘yindan to‘xtab,
Silkinmasdan yig‘layotgandir —
Selda ketgan bir toshni yo‘qlab.
Ufqlarga qarab besabr,
Toyligini tush kurgan otlar —
Tuyqus-tuyqus kishnayotgandir
Biyalarning tushini yodlab.
Sarqamishmi, Dashtig‘ozlarda,
Ko‘zlarida munglari kabir,
Ol ko‘ylakli ayollar shomda
O‘tovlarni buzayotgandir.
Archaga ham yetgandir kuzak —
Bargin pinhon to‘kayotgandir.
Hatto toshlar nimadir izlab,
O‘zlariga cho‘kayotgandir.
Sukunatlar jim chalgandir nay,
Dillar dardga to‘layotgandir.
Xabarini hech loshga aytmay,
Alloh qaytib kelayotgandir.
Bo‘shat, qismat, bushatgin dastni!
Umr keldi qirqni qoralab.
Boysun tomon ketsam bo‘lmasmi,
O‘tkirguncha xazon oralab?
Tan — jonimda,
Jon — tanimda yo‘q...
O, sog‘inchga to‘ldim men buncha!
Yo‘q, Boysunni sog‘inganim yo‘q,
Tangrim, seni tanigunimcha.


7

* * *

Xayollanib soladi razm —
Qish Turkiston darvozasida.
Kech. Qarg‘alar quradi bazm
Yaproqlarning janozasida.
Ko‘p sog‘indim, kelgin, do‘stginam,
Umr, axir, bir toshqin zabtdir.
Bugun jonim yaproqlar bilan
U dunyoga ketishga taxtdir.
Talx sharobdan limmo-lim to‘ldir.
Har tarafga oqsin boshimiz.
Bir lahzaga g‘ashlikni o‘ldir.
Bir lahzaga tinsin yoshimiz.
O‘tdi. O‘tdi bearmon kunlar!—
Xotiralar kuli — yurakda.
Biz tushnuksiz, beshafqat munglar
Ichra qoldik yakkayu yakka,
Ko‘rmayapsan — tun ichra tuman,
Kuzda battar tumanli holman,
So‘nggi oni gullash istagan
Telba xohish daraxt misolman.
Ozod ichdim umr jomidan,
Yorilguncha bo‘zladi yurak.
Borajakman tangri yoniga
Faqat yana azoblar so‘rab.
Farishtalar boqqusi xurram,
Tangri rahmat so‘zlarin aytar.
Men-chi, tinmay yig‘layman purg‘am:
"Qaytar, menga do‘stimni qaytar!"
Samovatda shamol tinadi,
Xayolga jim toladi Rahmon...
U Xudodir —
Axir, biladi:
Ketgan do‘stlar qaytmas hech qachon.


8

* * *

Navqiron kuz saltanatida
Bir tavakkal fitnadir bu on.
Kuz titrandi nogoh taxtida —
O, Yer — Ko‘kda oppoq g‘alayon.
Bir kunlik qor yog‘ishlarida:
Na afsus bor, na zarra kadar.
Turfa rang bog‘ og‘ushlarida
Oppoq, zarrin, qizil — qon qadar.
Ehtiyotkor qishdan bo‘linib,
Ot choptirib kelgan telba qor —
Xazonlarda kutar o‘liming,
Bil, bu iliq kechalar ag‘yor.
Ammo bordir qanday jasorat,
Sening erka o‘yinlaringda.
Qolarmanmi jismingni asrab,
O‘lsam muzday qo‘yinlaringda.
Fasllarning sarhadin uzib,
Oq uchqunlar otgan farishtam,
Kuzning og‘ir tartibin buzib,
Bog‘larimga jim qo‘nding tushdan.
Xazonrezning yong‘inlarida
Sochding oppoq uchqunlaringni.
Turfa olov yolqinlaridan
Topdim yana xush kunlarimni.
Naqadar oz omonlik oni!..
Poylarimda g‘arib yotma, bas
Sen shu qadar go‘zalsan, jonim,
Seni hatto Alloh asrolmas.


9

* * *

Tiyramohning xazonrezida
Ruhim pinhon toparkan voya,
Anglaymanki, tanim ezilgan
Dunyolardan to‘zg‘igan soya.
Shamol kabi allaqaylardan
Ko‘kragimga urilar surur.
Ayon bo‘lar, jonim yengilgan
Ezgu dunyo azobi erur.
Kuz Do‘rmonda bog‘ni yoqadi.
Yaproqlarni betartib to‘shab,
Dunyo menga g‘amgin boqadi —
Bandasi yo‘q tangriga o‘xshab.
Huvillagan Yer-Osmon aro
Dorboz kabi boraman qalqib,
Bir satr she’r bo‘ladi paydo —
Mustabid Vaqt hukmidan chalg‘ib.
Boqib osmon moviyligiga
"Tangrim" deyman,
Chekaman fig‘on:
Butun olam kirar shu so‘zga,
Shu bir so‘zda bo‘ladi nihon.


10

* * *

Erib bitar qancha qor,
Necha yomg‘ir yog‘adi.
Necha-necha gullarni
Qovjiratar saraton.
Mening oyday umrim ham
Qaro yerga botadi.
Meni tashlab, qaygadir
Hovliqib jo‘nar jahon.
U bilmas — har nafasi
Qabrimda berar sado,
Har bosgan qadamidan
Zirqiraydi mozorim.
Sezgum: uni kim sotar,
Kimlar uning-chun fido —
Har sharpadan ingranar
Jonsarak ruhim tori.
Jahongirlar shuhrati
Shamollarda sovrilar,
Ne abadiy zamonlar
Lahadlarga ko‘chadi.
Faqat quyosh falagida
O‘z o‘tida qovrilar,
Mingta yulduz tug‘iladi,
Bitta yulduz o‘chadi.
Dunyo shovqinlarini
Men jimgina tinglayman
(Marhumga yorug‘ dunyo
Tashvishlari emas ep),
Ko‘zim tuproqqa to‘lib
Ko‘z yoshlarsiz yig‘layman:
"Bu dunyoga biror kim
Ustun bo‘lolmadi", deb.


11

* * *

SO‘NGGI SO‘Z

Eshqobil SHUKUR she’riga

Hayotdan hech qachon qilmaymiz gina,
Savol bersak hamki, kajraftor jimdir.
Ukajon, aslida o‘lim-ku NIMA,
Ammo bevaqt o‘lim hamisha KIMDIR.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

996 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
kuz bog' yer ko'k dunyo yurak g'am xazon xayol hayot
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari