Sahifa yuklanmoqda . . .
1
* * *
Qodir egam bandalariga
Etmoq bo‘ldi g‘ussani tasvir:
Kechdi yozning xandalaridan —
Kuzni bu tong ayladi asir.
G‘ira-shira tong quchog‘ida
Hayron boqqa haydadi kuzni.
Jim sozida, mungli sozida
Bir ayriliq dunyosin tuzdi.
O, ayriliq! Bepoyon hijron!
O‘zing menda saltanat o‘rnat!—
Yuragimdan, qara, bepaymon
G‘amlar borar ruhimga o‘rlab
Tugab barcha savolu so‘roq,
Charx tangriga some’ bu chog‘da:
Panjarasiz qoldi yurak, bog‘—
Taqdir kirdi yuragu boqqa...
2
* * *
Saraton — ochiq yuz,
Baxtiyorim ketdi.
Qolmadi men bilan
Beqarorim ketdi.
Ey, barg, sening kabi
Men ham sarg‘aydim,
Vaqtning qo‘llarida
E’tiborim ketdi.
Gul qani? Yoz bo‘yi
Meni kutgandi —
Oh, qaysi xazonda
Intizorim ketdi?
Yozu bahorini
Berib hijronga,
Xazonlarni bosib
Yoru zorim ketdi.
Ruhim zardu bargu
Dardga qorishdi —
Mezon kabi uchib
Tanda borim ketdi.
Gul, kechir! Yor, kechir!
Kuzga asirman —
Ixtiyorim ketdi,
Ixtiyorim ketdi...
3
* * *
Bir barg hayot jimgina bitdi,
Mangu ketdi bir mo‘jaz navo.
Alloh, meni buncha titratdi,
Barg uchganda uyg‘ongan havo?
Zabt ayladi meni xayoling,
O‘rtamizda qolmadi firoq.
Yuragimda, Alloh, jamoling —
Barg uchganda uyg‘ongan titroq...
4
* * *
Bog‘larni ixtiyor etmoqda yurak —
Xazonrez tartibin buzmay, besado,
Shovshagan yaproqqa qo‘nsaydi titrab —
Shabnamday, yo tomchi yoshday benavo.
Bog‘larga qaytgisi kelmoqda yurak...
Taqdir — temir dunyo sinib ketsaydi —
Yurak pinhon yoshday oqib jonsarak,
Kuzning yelkasiga singib ketsaydi.
5
* * *
Mehrga eltmadi yozdagi yo‘lim:
Shodlik — o‘yinqaroq, g‘ussa — tamizli...
Kuz — mening sen tomon uzatgan qo‘lim,
Boqqa cho‘z qo‘lingni... Yarashamizmi?
Osmonga qaragin, kengayib ketdi,
Qancha g‘ussa bo‘lsa sig‘ar olamga.
Kelgin, yarashaylik... Dard yomon etdi —
Dardning zarrasi ham ulkan odamga.
Vujudni to‘ldirdi bir og‘riq — mayin,
Yoqamni chok etib yig‘lasam o‘zim...
O, seni yo‘qotib borganim sayin,
Yurakka aylanib boryapti so‘zim.
Chidab yashayversang, ayriliq — ko‘nim,
Bir jur’at topmasang hijron tolmaydi.
Kuz mening sen tomon uzatgan qo‘lim,
Boqqa qo‘l cho‘zmasang, kuz ham qolmaydi.
6
* * *
Kuzda yaqin kelar zaminga Alloh...
Kuzning rahmatidan nechun judosan?
Sen — mening yuragim yaratgan gunoh,
Gunohim yaratgan — tanho xudosan.
Oyatlar o‘qiydi kuzning har ro‘zi,
Har yaproq bir hadis — tersam, maylimi?
O‘rikning qontalash bargidan o‘zim
Bargdastalar tuzib bersam, maylimi?
Kuzakning ro‘yiga boqib bu oqshom,
Bir hol topmoq kerak yashamoqqa mos.
Tobora olisda hayotdan hijron,
Tobora ko‘rishmoq jon bermoqqa xos.
Men tuhmat qilmayman baxtu iqbolga,
Nimaiki ko‘rdim sen yolg‘iz guvoh.
Xohlasang — qarg‘agin, xohlasang — olqa...
Yerga kuzda yaqin — eshitgay Alloh!
7
* * *
Zamin bilan osmon — senu menman,
Sahar bilan oqshom — senu menman.
Yeru osmon aro bir ishq bordir —
Ishqdan bunyod hijron — senu menman.
Kuzdagi ikki yaproq — senu menman,
Bargdagi mitti firoq — senu menman.
Jonim, firoq aro bir sevgi bor,
Firoqda qolgan chiroq — senu menman.
Mashriq bilan Mag‘rib — senu menman,
Mag‘lub, yana mag‘lub— senu menman.
Jonim, mag‘lublikda bir umid bor —
Yo‘llarda sarson maktub senu menman.
Olov bilan olov — senu menman,
Olov ichida birov — senu menman.
Jonim, olov ichra shahidlik bor —
Yonib qolgan yalov — senu menman.
Quyosh bilan quyosh — senu menman,
Ko‘zyoshga tomgan ko‘zyosh — senu menman
Har tomchi yoshimizda dodimiz bor —
Doddan bunyod ikki tosh — senu menman.
8
* * *
Qahraton o‘tkinchi — to‘nmoq o‘tkinchi,
Bahor o‘tkinchidir — unmoq o‘tkinchi.
Yoz ham o‘tkinchidir — to‘lmoq o‘tkinchi —
Faqat kuzak cheksiz — so‘lmoq cheksizdir.
Qahraton o‘ldirsa — muzlik lahzadir,
Bahor telba etsa — gullik lahzadir,
Yoz faqat bahorga qullik lahzadir —
O, sening ishqingda o‘lmoq cheksizdir.
Men senga hamisha omonlig‘ berdim,
Qiyinini oldim — osonlig‘ berdim,
Har kuni jonimdan qurbonlig‘ berdim —
Ko‘yingda qurbonlig‘ bermoq cheksizdir.
Muhabbat o‘tida qalbimiz kuydi,
Qo‘llarimiz kuydi, labimiz kuydi,
Ikkov bir saf edik — safimiz kuydi,
Olov — bir daqiqa, so‘nmoq — cheksizdir.
Kuzgi bog‘lar ichra yuragim yaydoq,
Kelgin, boq! Holimga, kelgin, yorim, boq...
Nogahon novdadan uchdi bir yaproq —
Bu bargga tuproqqa qo‘nmoq cheksizdir.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).