Sahifa yuklanmoqda . . .


Kuz ertagi

Terimchi qizlar
Shoxlardagi qushlarday yengil,
Qomatlari – xayol,
Quyosh isi anqib turar chehralaridan.
Ular
To’lib ketgan armonlar kabi
Egatlarga sochilgan.
Orzulari mezonlar kabi
Oppoq-oppoq uchib yurguvchi
Oydin shamollarga osilgan.
Huv… Bo’g’ilib sayragan
qushdan ham uzoq,
Qishlog’imning cheksiz dalalarida,
Oppoq shiyponlarda ko’ksini titroq,
Iliq, moviy shamollar o’pib,
Uxlab yotar terimchi qizlar
Tushlarini quyoshga ko’mib…

1978

* * *

Senga uni yoz deb ko’rsatdim.
Holbuki u qahraton edi –
Bizga kuz kerak edi.

Senga uni manzil deb ko’rsatdim,
Holbuki, u oston edi –
Bizga yo’l kerak edi.

Senga uni non deya tutdim.
Ochlik edi holbuki u,
Biroq, qon kerak edi.

Senga ana, erk, deb ko’rsatdim,
Qo’llarida zanjir bor edi,
Uzmoq kerak edi zanjirni.

Senga, bu so’nggi jang, dedim –
Holbuki, birinchi jang edi.
O’lim mana shu, dedim senga,
Holbuki, bu mangulik edi.

1979


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

16 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari