Sahifa yuklanmoqda . . .


Kun botib, oy chiqqanda...

Kun botib, oy chiqqanda,
Oyday go‘zal juvonni
Osmon kabi bag‘rimga
Bosib, balandlab ketdim...

Baxtli edim — yig‘lardim
Yulduzlarni oralab,
Tomchi yoshim falakda
Yulduz bo‘lib chaqnardi.
Yig‘lardim — bitar edi
Ko‘ksimdagi yaralar,
«U qanotsiz uchmoqda», deb
Qushlar meni maqtardi.
Uning sochin tarar edi
Tunga qorishgan shamol,
Lablarimning chanqog‘ini
To‘yib-to‘yib bosardim.
Hatto aksildunyolar ham,
Boqishardi bizga lol.
Mushtariymi, qay bir yulduz
Poyondozlar yozardi.
Tegramizda ne bahorlar
Uchardi gullar sochib,
Ne kuzaklar sarg‘aygancha
Qochib qolardi pinhon.
To‘rtta ufq to‘rt tarafda
Turardi quchoq ochib —
Chunki mening quchog‘imda
Oydan ham go‘zal juvon...
U kechaning xayolida
O‘tmoqda mening umrim:
— Men qanotsiz uchgan edim...
Do‘stlar kular betoqat.
Faqat qushlar meni ko‘rsa
Sayrashadi betinim —
Mening qanday uchganimni
Ular eslashar faqat.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Aprelda yuklangan

304 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
parvoz qush kun oy osmon baxt yulduz do'st
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari