Sahifa yuklanmoqda . . .


Koshg'ariy

I

Olis-olislarda, ko’k yorug’ida
Tovlangan adirda surgancha xayol,
Osmonu zaminning o’rtalig’ida
Chol turar – soqolin qo’mitar shamol.

U daftarning oppoq varag’i kabi
Moviyrang samoni tekislab, shaylab,
Qalamni olovga botirib olib
“Quyosh” degan so’zni bitar avaylab.

Shunda daryolarda to’lib suv oqar,
Qirlarga tomchilar gullar quyoshdan.
Ufqlarga qarab chopar so’qmoqlar,
Maysalar sakrashib o’tadi toshdan.

II

Olis-olislarda, yillar qa’rida
So’zlarni uyg’otar o’ychan ko’zli chol.
Quyoshning tafti bor yurak qo’rida,
So’zlarning changidan oqargan soqol.

Chol bilar, so’zlar – bu xalqning yuragi,
Xalq o’lmas – so’zini o’ldirolmasang.
So’zlarda tirikdir – xalqning tilagi,
So’zlarda tirikdir qadimiy ohang.

Xira ko’zin uzmay oppoq varoqdan
Bitarkan eng oddiy ulug’ so’zlarni,
U so’zlarni emas, zabun bo’lmoqdan
Aslida qutqarib qoldi bizlarni…

1983


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

27 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari