Sahifa yuklanmoqda . . .
1
* * *
Yolg‘izgina jahonim,
Osmondagi tobonim,
Mening ko‘nglim to‘lmadi —
Ko‘nglimni to‘ldir, jonim.
Bir mayus qarosh bilan,
Rashk bilan, talosh bilan —
Ko‘nglimni to‘ldir, jonim,
Pinhon tomchi yosh bilan.
Qaroshing nozli-nozli,
Nozingda ishqing ozdir.
Mening ko‘nglimda ayoz,
Sening ko‘nglingda yozdir.
Sabrim tolib ketmoqda,
Ishqim yonib ketmoqda.
Ko‘nglim to‘lmadi manim —
Ko‘nglim qolib ketmoqda...
2
* * *
Ko‘nglim cho‘kdi.
Ko‘nglim bulutday cho‘kdi —
Ko‘nglim — qabrday cho‘kdi.
Noumidlik ichra g‘arib
Bejon sabrday cho‘kdi.
Ko‘nglim cho‘kdi.
Ko‘zim tubsizligiga
Pinhon yosh kabi cho‘kdi.
Hayotning ummoniga
Tushgan tosh kabi cho‘kdi.
Ko‘nglim cho‘kdi.
Tirikligim — o‘limdan battar.
Shamollarda sovruldim — becho‘g‘.
G‘amgin turma, hayot, qarshimda
Endi ko‘nglim yo‘q.
Endi ko‘nglim yo‘q.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).