Sahifa yuklanmoqda . . .
Bu odamning ikki qo‘lida
ikki qappaygan to‘rxalta,
ro‘zg‘oridan boshqa dunyoni bilmaydi
bu odam.
Bu odam dushman bilan quvongani uchun
do‘stlarining yonida g‘amgin.
Bu odamning bo‘lsa, bir orzusi bor:
Surxon dashtidagi kungay tepada
yelkasini bahor oftobiga tutib,
erib-erib uxlasam, deydi.
Bunisi uy qurdi,
mashina oldi,
endi nima qilarini bilmay ichadi.
Bu odam shoshgani-shoshgan,
orzularning poyoniga umri yetmasmish.
Bu ayolning rangi sap-sariq —
bevafo erini sevadi.
Bunisi lorsillab turibdi —
erini ham, o‘ynashini ham sevadi.
Bu yigitning turishi vijdon —
faqat tan oladi haqiqat tarozusini.
Bu cholning ko‘zlari lovullar,
yashaydi inqilob olovini odamlarga
ulashib.
Bu qizning yuziga tikilsang,
nigohi tipirchilar
bo‘g‘ziga pichoq qadalgan ohuday.
Bu qiz shahvoniyatning sog‘liqqa foydasi haqida
suhbatlashishni yaxshi ko‘radi.
Bunisi hamma yaxshilarni yaxshi ko‘radi.
Bu qizchaning qo‘llari yorilgan —
nomard kuzning sovug‘idan qo‘rqmay
paxta teripti-da yana, azamat!
Bu bolaning ko‘zlari o‘tkir —
tikilsa kelajakni ko‘radi.
Bu odam — qizchaning va bolaning otasi —
"Paxta bayrami"ga kiyib chiqsin deb
bayramlik izlaydi farzandlariga.
Bunisi, aniq, Boysundan kelgan
(boshidagi gilam do‘ppisi guvoh)
O‘tgan mashinaga qo‘l ko‘taradi —
poezdga shoshyapti.
Poezd uni Boysunga olib ketadi...
Boysunda akam bor —
do‘st deb biladi uchratgan odamini,
Opam bor —
o‘n bitta bolaning onasi —
eng ulkan orzusi Toshkentni ko‘rmoq...
Onam bor...
Onam... meni sog‘inadi.
Darvoqe, men...
Nega aftingiz bujmaydi?
Mendan xafa bo‘lmanglar.
Kasbim shunaqa:
Sizga kimligingizni ochiq aytishim kerak.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).