Sahifa yuklanmoqda . . .
Iztirobdan Yurak yuksalib borar, Teranlashib borar, Borar kenglashib, Go‘shtlikdan Asabga aylanib borar, Tobora boradi ruhga tenglashib. Iztirobning munglig‘ tumanlarida Tentirab yurarkan o‘zlik — mitti cho‘g‘, Kechib vaznsiz to‘g‘onlaridan, Sokin tutashadi ko‘ngil bilan ko‘k. Iztirob — umrning xazonligida Kunlaring haq sari tashlarkan qadam, Qalb chiqib betartib to‘g‘onligidan, Ko‘radi: o‘limu hayot bir qadam. Senga nimanidir aytmoqchi bo‘lar, Sog‘inchdan titranib mangulik labi — Senga Hamma narsa Oson tuyular: O‘lim — yashamoqning davomi kabi...
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).