Sahifa yuklanmoqda . . .


Iskandarning dunyodan ketishi

(Iskandarning yetti iqlim mamlakatlarini o‘z qo‘liga kiritgani va bo‘sh qo‘l bilan bu dunyodan ketish otini ilgari surgani)

 

Hamma iqlimlarni qo‘lga kiritgan shoh Iskandar jahon mamlakatining taxtiga ega bo‘ldi. U borib olmagan biron yer qolmadi. Biron yer qolmadiki, u bormagan bo‘lsin. Dunyodagi hamma yer va suv uning hukmiga o‘tib, xo‘l-u quruq buyrug‘ining qavzasiga tushdi. Osmonning ko‘k gumbazi ustida xutba o‘qib, adolat tamg‘alarini (oltin, kumushga emas), yulduzlarga urdi. Shohlar o‘z ixtiyorlari bilan unga qul bo‘lishdi; unga qul bo‘lish bilan ular faxrlandilar. U ham shoh edi, ham valiy, ham payg‘ambar. Uning tabiati esa donishmandlik bilan rostlangan edi. Uning asl zotida Jamshidlik odatlari bor edi. Oddiy ko‘zgu unga jahonni ko‘rsatadigan jom bo‘lib xizmat qilardi. Yetti qavat osmon hukmronligi unga muyassar, yetti iqlim unga bo‘ysungan edi.

Shunday yuksak martabali baxtiyor podshoh bu o‘tkinchi dunyodan ko‘chin ko‘tarmoqchi bo‘lib qolganda qiziq bir ojizlik va bechoralik holatini boshidan kechirdi. Oldida qiziq bir ovoralik yuz berdi. Unga na hakimlari yordam qila oldi; na xizmatkorlari, na qullari uning farmonini bajara oldi. Ular barchasi bu yashil bog‘da qolib, u bir o‘zi qora tuprog‘ning ichiga yo‘l oldi. Bunday halokat uning ichini o‘rtagach, shunday so‘zlar bilan u ichini bo‘shatdi:

- Shu nafasda men pastga qarab boryapman; shohlik nog‘orasi safarga chorlamoqda. Kim o‘z or-nomus shartini saqlamoqchi bo‘lsa, mening unga shunday vasiyatim bor: vaqtiki pok bo‘ston qushi men tomon uchib kelib, poklik ayvoniga borishimni eslatgan chog‘da, oh tortib, olamni qorong‘i qilib, tobutdan menga uxlash uchun joy hozirlab, yo‘limni qabr tomon boshlar ekansizlar, bir qo‘limni tobutning yonidan chiqarib qo‘yinglar. Kishilar tobutga nazar solar ekanlar, ibrat yuzasidan shu qo‘lga qarasinlar. Bilsinlarkim, yetti o‘lka podshosi, yetti osmon mushkullaridan xabardor odam, endi jismida jon yo‘q, bu makondan, bu jahondan bo‘sh qo‘l bilan ketmoqda. Kimki jahon mamlakatini havas qilsa, ushbu qo‘l unga yetarli tajribadir.

Ey Navoiy, bu jahondan, jahondangina emas, jonning javharidan ham qo‘lingni tort.

Ey soqiy, dilim orzusi - mastlikdir. Lekin qo‘limning quruqligi bunga mone’lik qilmoqda. Marhamat qilib, qo‘limga may javharidan ber! May nimasi? Iskandar oynasini ber!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 21-Noyabrda yuklangan

98 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari