Sahifa yuklanmoqda . . .
Ko‘kda uchar qirqta kabutar,
Bir o‘spirin yugurar yerda.
Qushlar bilan manzillar o‘tar,
O‘tib borar daladan, qirdan.
Qirq kabutar falakda uchar,
Bir o‘spirin yugurar yerda.
Osmon bilan yer farqi o‘char,
Har qadami aylanar she’rga.
Ufqlarga tashlab ko‘z qirin
Qirq kabutar uchadi tinmay.
Yuguradi yerda o‘spirin,
Qirqta qushdan ko‘zini olmay.
Mashriq taraf qoraya boshlar,
Mag‘ribda-chi, shafaq so‘nadi.
Kabutarlar osmonni tashlab,
Bir yalangga kelib qo‘nadi.
Ular echar qush liboslarin —
Qirqta pari bo‘ladi paydo.
Butazorlar aro o‘spirin
Termuladi ularga shaydo.
Eshitilar qandaydir bir kuy,
Sho‘x yangraydi tanburmi, chiltor.
Qirqta pari — tonglarday xushro‘y —
Bazm boshlaydi, aytishib alyor.
Oy nurida sochlar yiltirar,
Kuy mavjida buralar bellar.
Ko‘ylaklari sho‘x-sho‘x hilpirar,
Qo‘shilganda raqsga yellar.
Qirqta pari qirq gulxan yoqar,
Qirq muqomda qiladi xirom.
Butazordan o‘spirin boqar —
"Oh"lar urib qo‘yar har zamon.
Yuragida uyg‘ongan bahor,
O‘ray boshlar yog‘duga boshin —
Shunda yelday kelib beozor
Qo‘lga olar bir qush libosin.
To‘zg‘ib-to‘zg‘ib tunning qa’rida
Uchadilar parilar shoshib.
Biri qolar yalang bag‘rida
Qo‘llarini havoda yozib.
Alangadir o‘spirin ko‘zi —
Parizodga to‘ymay tikilar.
Oy nuriday qaltirab, to‘zib,
Oyog‘iga kelib yiqilar:
"Sevaman", der, so‘raydi shafqat,
So‘zlar aytar shirindan shirin.
Pari esa yolvorar faqat:
— Libosimni qaytarib bering!
"Sevaman", deb yig‘lar o‘spirin,
Pari esa avraydi:
— O‘g‘lon,
Gar va’dangiz hayotday shirin,
Yer — sizdandir, mendandir — osmon.
Osmon bilan o‘ynashmang — qo‘rqing,
Ko‘z yosh to‘kmang, ishqdan urmang lof
Hali-zamon qudratli qo‘shin —
Qo‘zg‘oladi butun Ko‘hi Qof...
"Qo‘rqmayman!", der o‘jar o‘spirin,
Qushlibosni quchadi mahkam.
Pari esa yolvorar betin:
— Libosimni bering, ey odam!
Silkinadi hozir bu jahon,
Zulmat cho‘kar, bo‘ron yeladi.
O‘g‘lon, sizni etgani qurbon
Uchib lak-lak devlar keladi...
"Kelaversin!"— yonar o‘spirin,
Pari o‘ylar ming hiyla-makr:
— Endi sizga ochay bir sirim —
Pari zoti bevafo, axir!
Jamolimga bir qarang-chi, oh!
Bir boqishdan asir bo‘lmas kim?
Bu tun birov vaslimga mushtoq,
Ertaga-chi, boshqada sevgim.
"Chidayman...", deb ingraydi o‘g‘lon,
G‘ijimlaydi qaqshab ko‘ksini.
Pari unga boqar beorom,
Allaqanday titrab, o‘ksinib:
— Biz tushganmiz ertak mahriga,
Parilar — ruh, yigit, siz — vujud.
Duchor bo‘lmang xudo qahriga,
Qolmang abad do‘zaxni quchib.
"Mayli,— deydi o‘g‘lon,—shu taqdir —
Ishq yo‘lida xudo yo‘q — tamom!"
Xo‘rsinadi bechora pari,
Yuguradi yalangda har yon:
— Barcha gapim yolg‘ondir, yolg‘on,
Qora qilmang sha’n hayotimni.
Yasholmayman, axir beosmon,
Uka, bering shu qanotimni.
Devlar sizga bas kela olmas,
Ko‘hi Qofdan balki siz aziz.
Ammo erksiz siz ham bir qafas,
Qanotimni, uka, bersangiz...
Erk! Ko‘zlarin yumadi o‘g‘lon,
Tebranar bir to‘lqin mavjida.
U maysaga o‘xshaydi shu on,
U gullarga o‘xshaydi juda.
— Ol!—pariga libosin tutar...
Uchib ketar lahzada pari.
Uchib ketar oppoq kabutar,
Erkinligi — osmoni sari.
Ko‘zi chaqnab bolakay qaytar,
Ko‘ksida Yer, Osmon oqadi.
Adashmasdan ayni tong-sahar,
Eshigimni kelib qoqadi.
Gaplashamiz osmon haqida,
Uning tili naydir — bo‘zlaydi.
Goh kuylaydi qushlar baxtidan,
Ba’zan to‘xtab yerdan so‘zlaydi.
Bahslashadi ko‘ksiga urib,
Nimanidir o‘ylar, mo‘ltirar.
Keyin meni bir chetga surib,
Stolimga kelib o‘ltirar.
Nurga to‘la boshlaydi olam,
Guvillaydi sohilsiz hayot...
Ilk she’rini yozadi bola
Baxsh etgani hammaga qanot!
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).