Sahifa yuklanmoqda . . .


Ikki vafodor yor hikoyati

(Ikki vafodor yor bir-biriga vafo qilib, boshlaridan kechgani, ularning sharofati bilan yuz ming bosh qilichdan va qilich qindan qutulgani, hatto qayta qinga kirgani)

 

Eshittimkim, baxtli podshoh, to‘rt ulusning xoni Temur Ko‘ragon iqlimlarni fath etishga kirishganda, Hindistonda qattiq jang bo‘ldi. Unga g‘alaba yuz ko‘rsatib, taqdir dushman lashkariga shikast soldi. Dushmanlarning hammasi dinsiz bo‘lgani uchun (Temur) bek: «Hammasini qilichdan o‘tkazinglar!» - dedi. O‘liklarning ko‘pligidan dashtlar to‘lib ketdi. Qizil qon Nil bo‘lib oqdi. O‘sha soy toshicha kallalar uchdi; har kishi o‘zboshimchalik bilan bosh oldi. O‘tkir tig‘lar har tomonda qon to‘kib, butun olamga g‘avg‘o soldi. Shu payt ikkita bechora sevishgan nogoh ushbu qotillarga duch keldi. Shohning jazosidan omon qolish uchun askarlardan biri ularning birini chopmoqchi bo‘lib otidan tushdi. Uni o‘ldirish uchun askar yonidan tig‘ini chiqargan edi, unisi o‘z sherigini tig‘ ostida ko‘rib, uni himoya qilish uchun qotilga o‘z boshini tutdi.

- Agar sening maqsading bosh olish bo‘lsa, uni qo‘y, uning o‘rniga bu boshni ola qol! -dedi u.

Askar uning boshini olmoqchi bo‘lgan edi, unisi ham xuddi shu so‘zni aytdi. U qaysiga o‘z zulmini ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, boshqa biri o‘sha gap bilan oyog‘iga yiqilar edi. Burgut panjali qotilning jahli chiqib:

- Paysalga solmay ikkalangizni ham chopaman! - dedi. U qaysi birini o‘ldirishga oshiqsa, ikkinchisi toqatsizlik bilan der edi:

- Tez bo‘l, oldin meni o‘ldira qol, to men o‘lguncha loaqal u tirik tursin!

 Ular bir-birlariga o‘z boshlarini in'om qilardilar. Boshlarini kesdirish uchun tig‘ni talashar edilar. Shu munosabat bilan orada birpas xayallash yuz bergan edi, birdan xalq orasida omon-omon bo‘lgani haqida nido ko‘tarildi. Chunki bu ikki yor bir-biri uchun jonidan kechgan edi, shoh ham xalqning gunohidan o‘tdi. Bu ikki yor do‘stlik, sadoqat tuyg‘ularini namoyish qilib, elni ham, o‘zlarini ham xalos qildilar.

Ey Navoiy, Xudo senga ham yor bersa, sen ham unga boshingni va joningni fido et. Ey soqiy, mehr-u vafo shartlariga sodiq bo‘lsang, chin do‘st bo‘lsang, bir qadah keltir. Jonim xalqumimga keldi, menga davo qil, qachongacha va'da berasan, endi va'dangga vafo qil! 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 20-Noyabrda yuklangan

680 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari