Sahifa yuklanmoqda . . .


Ibrohim Adham va Robiyai Adaviya hikoyati

(Ibrohim Adhamning Ka’baga namoz o‘qish bilan borgani va Robiyai Adaviyaga esa Ka’baning o‘zi muhtoj bo‘lib kelgani)

 

Qachonki Ibrohim Adham o‘rinbosarlikdek yuqori mansabini tark etar ekan, Alloh fano tojini uning boshiga kiydirdi. Uning podshohligi va dabdabalarini fano yeli uchirib, (Ka'baga olib boradigan) dashtni bosib o‘tish uchun qadam qo‘ydi. Masjidni qo‘yib o‘z holicha namoz o‘qir, har qadamda ikki rak’at namozini o‘qishni qo‘ymasdi. Shu tarzda u o‘n to‘rt yil yo‘l yurdi. Uni madh etish uchun har bir tikan va giyohlar tilga kirdi. Makkani tavof etish uchun u kirib kelar ekan, Baytul-haram (Ka’ba ziyoratgohi) o‘z o‘rnida yo‘q edi. Ibrohim Adham «Bu ne hol, ey Allohim!» - deb fig‘on solar ekan, g‘oyibdan ovoz keldi: «Ey yo‘lovchilarning piri! Bir qariya ayol cho‘lni bosib o‘tar ekan, (Allohga bo‘lgan) shavq-u muhabbat yuki og‘irligidan qaddi bukilibdi. Zaiflikdan u shunday kuchsizlanibdiki, (endi) Ka’ba o‘zi uni ziyorat qilishga ketdi!» Bu voqea Adhamni hayron qoldirdi. U qarab turar ekan, Robiya kelayotganini ko‘rdi. U dedi: «Ey sayrgohing Arsh bo‘lgan zot! Ka’ba o‘zi seni tavof etish uchun yo‘lga chiqibdi! Qaraki (o‘z ishlaring bilan) sen dunyoga qanday ovoza solibsan!» Robiya unga javob berib dedi: - Oshirib yuborma! Butun olamga ovoza solgan sen bo‘lasan! Dashtni bosib o‘tish uchun o‘n to‘rt yil yuribsan! Ibrohim dedi: - Ey pok qadam, sen farishtalardek, Osmonni ham kezib chiqishga qodirsen! Ammo ayt-chi, nima uchun men shuncha yo‘l yurib azob chekdim, azobni men chekdim-u xazina senga tegdi? Robia unga dedi: - Tushun! Bir necha yil cho‘lda barcha yo‘llarni bosib o‘tar ekansen, sening ishing namoz o‘qimoq bo‘ldi, xolos! Men esa Unga istagimni aytdim, ishva, noz qildim, yalinib-yolbordim! Namoz o‘qib, riyo qilib, erishgan hosiling shudir. Menga esa yalinib-yolborishim va o‘zligimdan kechganligim shu mevani berdi.

Ey Navoiy, noz ahliga boqma! (Alloh oldida) o‘zini muhtoj tutganlarga arzi niyoz qil! Ey soqiy, ko‘p noz qilma, qadahni olib kel! Boq - senga muhtojlar naqadar tashna! To‘latib ber, - uni har bir ulfat, xususan, ulardan eng zaifi - men ham ichaylik!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 19-Noyabrda yuklangan

291 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari