Sahifa yuklanmoqda . . .
Ko‘zing qaro sening, qoshlaring qaro,
YUzlaring oq sening, kulishlaring oq.
Qo‘lingdagi ta’na toshlaring qaro,
Menga g‘amgin boqib turishlaring oq.
Unutishing — qaro, hijroning qaro,
Sog‘inching oppoqdir, xatlaring — oppoq.
Qarodir yurganing o‘ch-mehr aro,
Menga tashlab ketgan dardlaring — oppoq.
Shommi, yo saharmi — vaqtimdir qaro,
Sen deb to‘kayotgan yoshlarim oppoq.
Sening ham, mening ham baxtimdir qaro,
O‘ttiz to‘rt yoshingda sochlaring oppoq.
Ishon, yurak oqdir, qarodir taqdir,
Oq-qora bo‘yoqlar bizning bog‘larda...
Men milyon bo‘yoqni bilardim, axir,
Ikkimiz baxtiyor bo‘lgan chog‘larda.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).