Sahifa yuklanmoqda . . .


Go'ro'g'li

Bu osmon — zil-zambil. Juda zil-zambil.
Yer kechib boryapman tizzamga qadar.
Qirq kunlik yo‘l erur maqsadim — Chambil,
Bog‘i Eramgacha qirq kunlik kadar.

Bu osmon — zil-zambil. Juda zil. Juda.
O, yana bo‘yimga osilgan qayot.
Yunus, Misqol pari shirin uyquda,
Tablaning eshigin ocholmas G‘irot.

Bu osmon — zil-zambil — yelkamda turar —
Aytayin ko‘rsatgan qaysi dog‘ini:
Sarqamish cho‘lida xayollar surar,
Yarmi yerga botib Asqar tog‘ining.

Bu osmon — zil-zambil. Bu osmon — nodon.
Yo‘llarga ko‘milar bekorga ko‘zim —
Qaytib Vayanganga ketgan Hasanxon,
Vo darig‘, o‘lgandir Avazim — qo‘zim.

Bu osmon — zil-zambil. Juda zambil. Zil.
O‘mganim mayishib yo‘llarga botdi.
Qirq yigit qirq qilich soldi behazil,
Qirq yigit boshimni qirq yovga sotdi.

Bu osmon — zil-zambil. Zildir bu osmon.
Boshimda charx urar qirq chilton gangib —
Sodiq pirlik qilgan, buzrukvor yoron,
Men yerga kirsam-ku — chiqmasdan changim.

Go‘ro‘g‘lidan aytgin! Har bir so‘zing o‘ng.
Shoir, men — vujudman. Sen — tirik yurak.
Mendan uyalmagin. Men kirgandan so‘ng
Zax yerning osti ham — osmondan yuksak.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

813 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
go'ro'g'li shoir osmon yer og'ir tog' xayol dunyo
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari