Sahifa yuklanmoqda . . .
Faqat xavfu xatar shikorda —
G‘animlarning jodusi yomon.
Shikor chiqsam, mushkulot korga
Boshlab kelar telba bir doston.
Jonholatda o‘tar qichqirib,
Kalxat soya tashlagan oqquv...
Otning boshin yuborar burib,
Ichimdagi nogoh titranuv.
Yo, dovdirab devlar kelishar —
Aylanishar — ketishmas nari,
Yana g‘avg‘o qilar surbetlar...
Ot solaman Ko‘hi Qof sari.
Yo yig‘laydi sochini yoyib,
"Voh, bolam" deb yoqa chok maston.
Chambil qolar yana behisob,
Yana jangda tug‘ilar doston.
Uxla, uxla majnun sarguzasht!
Uxla, ertak! Tin olgin, baxshi!
Shamolimdan pirpirama dasht,
Qilich, qinda turganing yaxshi!
Do‘stlar, keldi uyg‘onmoq fasli —
Yuming!— o‘zni ko‘rsin ko‘zingiz.
Bog‘i Eram sizdirsiz asli,
Ko‘hi Qof ham xuddi o‘zingiz.
Sayyohlikni men ham etdim rad
Va shunday ahd bo‘ldi barqaror:
Elni tashlab ketmasligi shart
El suyanchi Go‘ro‘g‘li nomdor!
Boqib yurtning nochor yuziga,
Ovoz berdim Alpomishga ham:
"Madad bersin Alloh o‘zingga,
Chohdan chiqib yurtga qayt, bolam.
Bir zo‘r bergin — chekinar taqdir,
"Xudo" degin — pirlaring ko‘pdir…
Go‘ro‘g‘lisiz el bo‘lmas, axir,
Alpomishsiz mamlakat yo‘qdir!
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).