Sahifa yuklanmoqda . . .


Gladiator

Bu ayolga xush yoqmaydi qon,
Cho‘zganicha titragan qo‘lin,
Shivirlaydi behushu bejon:
— O‘lim...o‘lim...Mag‘lubga o‘lim...

Mening bekam edi bu ayol,
Ammo bekaligi o‘ziga!
"Sevaman" deb boqdim bemalol
Ko‘ziga, ko‘ziga, ko‘ziga!

Qamchi bilan urdi u meni,
Biroq o‘jar labim tinmadi.
U qarshimda boshini egib
Yig‘ladi, yig‘ladi, yig‘ladi!

Xo‘jayinim — semiz senator -
Rashkimi, yo‘q, kelibmi g‘ashi,
Qah-qah urib kuldi:
— Teatr!
Jangga, xotinimning o‘ynashi!

Men mag‘lubman. Sindi hayotim.
O‘ldirmoqlik raqibning burchi...
Tushlarimda men u ayolni
Ozodlikdan qattiqroq quchdim!

Sen nimani ko‘ribsan, ey, Rim?—
Dabdabayu, janglar, qurbonlar...
Men-chi, anov ayol-la surdim,
Tushlarimda ne-ne davronlar!

Men o‘laman. Sen-chi, ketasan
Senatga, yo qurgani bazm.
Sen mast-alast uxlab o‘tasan,
Unutgansan tush ko‘rishni, Rim.

— O‘lim!— ayol silkitar qo‘lin —
U ham sening bir qo‘rqoq nasling.
Rim, qurbonning ko‘ziga qarab,
Aldamoqni qilgansan rasim.

Men o‘laman. Meni ko‘mmaysan.
Yem bo‘ladi itlarga tanim.
Sen odamni itcha ko‘rmaysan,
Senga nima insonning sha’ni!

Men o‘laman. Shoiring o‘qir -
Xos majlisga g‘ofil she’rini.
Erkaklaring yolg‘on va’z to‘qir,
Xotinlaring aldar erini...

Qanday o‘lar gladiator?—
So‘ng onamni aytmoq ham burchim...
O‘larimda men u ayolni
Hayotimdan qattiqroq quchdim!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 22-Aprelda yuklangan

159 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
rim gladiator o'lim g'alaba beka xo'jayin sevgi senat
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari