Sahifa yuklanmoqda . . .


Garrincha

Qarsaklar yog‘ildi mening sha’nimga.
Zarb!.. Zarb!.. Darvozabon tosh kabi qotdi.
Bir surur hayqirib kirdi tanimga,
Stadion o‘zin falakka otdi.

Quvonchi kam dunyo, iqbolni ham ko‘r,
Yashil maydon, koptok...— Mana shu iqbol!
Hamon karaxtlikda silkinadi to‘r,
Hamon darvozabon yotibdi behol.

Himoyachi menga g‘ijinib boqar —
Mag‘lub g‘azablarni ko‘rishdan bezdim!
Do‘stlarim tabriklab yelkamga qoqar —
Pele va Didining qo‘llarin sezdim.

Raqib yecholmagay xayolida ham,
Mening aldashlarim kalavalarin.
Dahoning o‘yini hamisha ulkan,
San’atdir dahoning g‘alabalari...

Yam-yashil maydonda chiqar quyoshim,
Yam-yashil maydonda quyoshim botar.
Ishqibozlar, ana, changallar boshin —
Biri shlyapasin burdalab otar.

Raqib naq ustimga kelar to‘p surib,
Chapga!.. Yonginamdan o‘tadi qushdak.
Haqorat seliday kelar bostirib,
Boshimga jaladay yog‘ilar hushtak.

Trener g‘ijinib ushlar ko‘ksini...
To‘p — menda! Garrincha oson o‘lmaydi!
Yerga yiqilaman yana o‘ksinib...
Endi raqiblarni aldab bo‘lmaydi!

Trener qo‘l siltar... U haq, albatta!
So‘ng bor to‘pga boqdim maydon chetidan...
Daho mag‘lubligi, o, mudom katta —
G‘alabalar unut bo‘ladi birdan.

Futbol! Meni asra shu futbol haqqi!
Nahot, xatolarga kunlarim bog‘liq?
Umrim — yuzga nogoh tushgan tarsaki,
Yam-yashil maydonda qoldi daholik.

Garrincha! Polisning yondi ko‘zlari.
Tun bo‘yi mahbuslar tinchini buzdi:
Qamoq devoriga to‘qmog‘i bilan
Mening fintlarimning rasmini chizdi.

Hayot guvilladi. Aylandi boshim,
Panjalarim aro baxt yelday oqdi.
Aroq so‘rib olgan keraksiz loshim,
Tunlar stadion eshigin qoqdi.

Menga ochilmagay qayta bu eshik...
Stadion! Qara! Bu men — Garrincha!
Menga to‘p tekkanda qalqigansan tik,
Qarsaklar chalgansan qo‘ling tolguncha.

Meni tanimaysan, qilmaysan parvo,
Qo‘y meni... tegrangda bir oz kezaman...
Axir, seni ko‘rsam, yelkamda nogoh
Pele va Didining qo‘lin sezaman.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Aprelda yuklangan

44 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
futbol pele didi koptok raqib dunyo stadion darvoza
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari