Sahifa yuklanmoqda . . .
Aprel. Olmaota. Tongotar. Jimlik.
Bir yengil shabboda oqadi ravon.
Mash’um bu xabarni yetkazdi kimdir —
Devorga suyandi G‘afur al G‘ulom.
Shoirga nima ham kerak aslida?
E’tibor, shon-shuhrat unga bir xasdir.
Boqib diyorining bo‘yi-bastiga,
Xalqini kuylamoq sharafi basdir.
Devorga suyandi G‘afur al G‘ulom,
Radio murvatin behol buradi.
"Toshkentda... Zilzila...
Bugun... Aprel... Tong..."
Shosh, nahot, yelkangga kulfat quladi?
Bir lahza egildi oqargan boshi,
Bir lahza diliga ko‘chdi qiyomat.
Oqdi... Oqaverdi ko‘zidan yoshi,
Ona yurt, bormisan sog‘u salomat?
Shoir nima uchun yashaydi, axir?
U mangu ishonch-la oladi nafas —
Balolar qanchalar topmasin tadbir
Vatanni o‘rnidan qo‘zg‘ata olmas.
Qozoq osmonida bulutlar semiz,
Bo‘rdoqi qo‘ylarday yurishar kezib.
(Sobit, ey Sobit do‘st, sen ko‘p xushta’miz,
Ammo g‘am ketdi-ku yurakni ezib!")
"Sen etim emassan!"— bir payt bo‘zladi
Bu sag‘ir dunyoning silab boshini.
Kelajak nomidan yonib so‘zladi
Va Dunyo jilmaydi artib yoshini.
Shoirning umridan axir, ne ma’ni?
U kuylar — qalblarda lovillar quyosh.
Baland qo‘shiqlarga ruhin eltgani,
Ovozi bormikan hali ham, ey Shosh!
Balki — qarilik-da — tilini bog‘lab,
Bo‘g‘ziga ko‘ndalang yillarning toshi...
Toshkent bor tarafga termilib, qaqshab,
Oqdi... Oqaverdi ko‘zidan yoshi.
U bilar, yo‘q, o‘zbek emasdir tanho,
Qalqisa yelkasin tutadi do‘stlar.
Nahot, qalbda qolib ketadi ammo,
Shunday kun Vatanga atalgan so‘zlar!
...Keyin u Toshkentda kezdi piyoda —
Ko‘rganlar aytadi — g‘amgin, xayolchan.
Balki u o‘ylagan shunda ziyoda,
Bedardlar uzoqroq yashashini ham.
Balki o‘ylagandir — qulagan g‘isht — she’r,
Ammo qo‘yilgani "Xamsa"day doston.
("Qaydasan yuragim — ey, mo‘ysafid sher,
Nahot, uni bitmak bizlarga armon!")
U kezgan xo‘rsinib, ko‘zini artib —
Ko‘zlariga qo‘nmish ne achchiq gardlar?—
Shoirni dunyodan oldi-ku tortib,
Xalqiga aytmagan muqaddas dardlar.
Balki so‘nggi oni u pichirlagan
(Bilasiz, Muharram, ana, siz guvoh):
— Quvonchu g‘amini eshitsin olam,
Tabiat, o‘zbekka shoir qil ato!
Men bir bola edim — o‘n olti yoshda,
Bu da’vat ma’nosin qayda chaqmog‘im?
G‘afurning do‘ppisin qo‘ndirib boshga
Qarshidan chaqnadi she’rning chaqmog‘i.
Demak, savol sizga, Abdulla Orif!
Zilzila tinchidi — ko‘nglingiz to‘qmi?
Ko‘ksimni bir vulqon bormoqda yorib,
Menga aytadigan gapingiz yo‘qmi?
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).