Sahifa yuklanmoqda . . .
Yuragimda tinchim yo‘q,
Dunyodan ilinjim yo‘q.
Xudodan o‘tinchim yo‘q
Sizga qolgan kunim bor.
Rangim somon azizim,
Bu ne zamon azizim?
Holim yomon azizim
Sizga qolgan kunim bor.
Tig‘lar zanglar ko‘ksimda,
G‘ubor changlar ko‘ksimda.
Mudom janglar ko‘ksimda
Sizga qolgan kunim bor.
Sizmi boshimda tojim,
Ishqim dunyoga bojim.
Boru yo‘q ehtiyojim,
Sizga qolgan kunim bor.
Ruhim bor nur, ziyoda,
Bugun qayg‘um ziyoda.
Hech narsam yo‘q dunyoda
Sizga qolgan kunim bor.
Guljamol Asqarova 1978-yil 5-mart kuni Samarqand viloyati, Kattaqo’rg’on tumani, Beshdarg’at qishlog’ida tug’ilgan. O’zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, 2001 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining adabiyot yo’nalishi sohibasi. "Dil fasli", "Ro’shnolik", "Bedor qo’ng’iroq","Baxt dastxati" nomli she’riy kitoblari nashr etilgan.