Sahifa yuklanmoqda . . .


Ertak

Ishqning osmonida oyga qo‘shilib,
Aylangan boshingga bulutlar qaytar.
Mening quchog‘imda kuyday eshilib,
Asta shivirlaysan:
— Joningiz qayda?

O‘g‘irlaysan ja’mi kalitlarimni,
Sandiqlar ochilar — senga sir aytar.
Izlaysan Qo‘ng‘irot, Yovmudlarimni,
Horib shivirlaysan:
— Joningiz qayda?

— Shumi? — Qilichimni ko‘lga tashlaysan,
— Balki bu? — Qo‘lingni cho‘zasan yoyga.
So‘ngra yig‘lab-yig‘lab so‘roq boshlaysan:
— Bir marta ayting-chi,
Joningiz qayda?

O‘zingni qadringni suvga otasan,
Mening izzatimni qotasan loyga.
Bolang o‘lgan kabi fig‘on tortasan:
— Hamon tirikmisiz —
Joningiz qayda?

Og‘ular qo‘shasan hamma oshimga,
Har qanday qasoslar tuyilar mayda.
Yalinib turasan yana qoshimda:
— Nega o‘lmayapsiz?
Joningiz qayda?

Jonim senda deyman — aylanmas tilim,
Jonim sensan deyman — yuragim to‘nar...
Mening omonatim...
Jonim!
Sevgilim!
Endi seni qanday asrasam bo‘lar?...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 18-Mayda yuklangan

69 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ishq muhabbat sevgi jon qilich omonat yurak sir
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari