Sahifa yuklanmoqda . . .


Erk haqida she'rlar

1

* * *

Bandadan kutmagin erk,
Ko‘ngilga tush, ko‘ngilga —
Ko‘ngilga o‘zingni ek,
O‘zingni aylagin berk —
Dil ichida ko‘m gulga.

Erk istama dunyodan,
Erkni o‘zingdan so‘ra.
G‘aming bo‘lsa ziyoda,
Yolvormagin ziyoga —
Yo‘lga joningni o‘ra.

Erk — manzilmas. Erk — yo‘ldir
Yuru kutgin, yuru kut...
Kimningdir yo‘li o‘ngdir,
Kimningdir yo‘li so‘ldir —
G‘ashlanma dilni ko‘ndir
Va o‘zingni mahkam tut.

Tangrining ravishi mo‘l,
U hamisha xolisdir.
Beerkka sen g‘amxo‘r bo‘l —
Uning yo‘li olisdir.


2

* * *

Qo‘llarimni qiydi zanjir. Ezg‘iladi boshimni —
Tog‘day qullik yerga egdi — bo‘ynimdan torta-torta.
Men haq bildim bu dunyoning katta-kichik toshini,
Men toshlarga yuzim tutdim yoshimni arta-arta.

Bo‘g‘izlarim achishdi. Ha, o‘pkalarim achishdi.
O‘pkam to‘ldi odamlarning "oh"lari to‘la tunga.
"Havo", dedim — tomog‘imga qaro qurum yopishdi,
Necha yilki, men havosiz yashayapman — butunlay.

Sovuq qotdim. Izg‘irinda chirsilladi so‘ngagim,
Tomirlarim — ayozlarda muzlagan qiyoq hanuz.
Olov so‘rab, gulxanlarni bo‘zlab kezdi yuragim,
Yong‘inlardan yonib chiqib, quchoqladi meni muz.

Men — suvsadim. Men — qaqradim. Men — xas bo‘ldim. Quridim.
Har bargimu, har navdamni tark etdi barcha hayot.
"Najot" bormi?— Men tangriga savol berib urindim,
Va yolvordim: — Vujudimda qolmadi zarra sabot.

O, She’riyat! O, Ozodlik! Sen ham qulliksan asli!
Sohili yo‘q dengizingda ne maqsadni ko‘zlayman.
Ishonaman, hamma uchun keladi hurlik fasli,
Hurlikdan ham hurlik so‘rab faqat men-da bo‘zlayman.


3

HAMLET

Hali Sahna orqasidaman.
Sahna — tez, Yer aylanar og‘ir.
Besabr o‘ch qorishgan tuman
Yuragimga kirmoqda og‘ib.

O‘yin emas — fano toshidan
Arvoh chiqdi — boshlandi taqdir.
Ofeliya, ko‘zing yoshidan
Nega ruhu yuragim taxir?

Hali Sahna orqasidaman
Sahnagacha necha yillik yo‘l?
Yeru Sahna aro yosuman
Og‘ulagan Hayot totar cho‘l!

Turfa tezlik qaramog‘ida
Aylanadi Sahna va Hayot —
Sen dunyoning junun bog‘ida,
Men qasosning yo‘lida barbod.

Turfa tezlik oralig‘ida
Qon ichida o‘sar San’at — She’r,
Qachon, qachon, qachon dunyoda
Mos aylanar Sahna bilan Yer.


4

* * *

Keng dunyoning torligin ham bildim.
Kuylasang, haq yorligin ham bildim...
Qafasda kuylash borligin bilgandim —
Kuylashda qafas borligin ham bildim.


5

* * *

Bir nafasim — bahor, bittasi kuzdir,
Bir manzilim tog‘dir, bittasi tuzdir,
Bir onam olovdir, bir onam muzdir,
Toshlarning ichida soyday sarsonman.

Bir qadamim — umid, bittasi — armon,
Bir yonim makondir, bir yonim — zamon,
Bir yo‘lim zamindir, bir yo‘lim — osmon,
Osmonning ichida oyday sarsonman.

Bir yilim yo‘q erur, bir yilim — hamroh,
Bir kunim g‘aribdir, bir kunim — panoh,
Bir lahzam tavbadir, bir lahzam — gunoh,
Dardlarning ichida "voy"day sarsonman.

Bir do‘stim — to‘g‘rilik, bir do‘stim — sabr,
Bir singlim ishonchdir, bir ukam — qadr.
Bir dushman qo‘rquvdir, bir dushman — qahr,
O‘q otib titrangan yoyday sarsonman.

Hamma o‘yim oqdir, bor baxtim — qaro,
Faqat ishqim pokdir, faqat dil — gado.
Yo Alloh! Ishqingning umidi aro,
Oyoqqa ilashgan loyday sarsonman.


6

* * *

Iltijo etaman — qush qilib yarat,
Tangrim, uchmoqlikka qanot ber, qanot.
Ko‘nglimga, ko‘zimga beparvo qarab,
Meni Yer qa’riga tortmoqda hayot.
Shaffof shiddatini dunyoga yoyib,
Shamolli yo‘llarim uzlatga ketdi.
Botib borayapman Yerga...
Xudoyim! -
Hayotning quyqasi bo‘ynimga yetdi.
Yerga botayapman... Bu tavqi la’nat —
Keng dunyo degani shuncha tormikan?
Tangrim!
Yolvoraman —
Qush qilib yarat...
Yerga qo‘nmaydigan qushlar bormikan?

7

* * *

Lahzaga joyladim milyon yillarni —
Yuragamga kirdi qo‘rqinch vahima:
Tog‘lar osmonotar to‘lqinlar kabi
Yugurib borishar cheksiz sohilga.

Lahzani milliard yillarga cho‘zdim —
Qalbimni qamradi karaxtlik, hayrat:
Tog‘lar tizmasiday qotdilar to‘zg‘in —
Horigan to‘lqinlar qoldilar yayrab.

Shunday o‘yin topdim ermakka bu dam,
Jonimdan o‘tkazdi hayot maromi:
Netay, tog‘lar mustar turgani-turgan,
Netay, dengizlarning yo‘qdir oromi.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

1273 marta ko'rildi

8 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
erk Alloh qush iltijo yer sahna osmon dunyo inson hayot
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari