Sahifa yuklanmoqda . . .


Erim yurib ketdi

Mani erim yurib ketdi,

Yurak-bag’rim kuyib ketdi,

O’zim bilsam go’rga edi,

Bu ovoza bo’lib ketdi.

 

Kech keladi ishidan ham,

Ayrilganday hushidan ham,

Yurganini bilsa bo’lar

Ko’rayotgan tushidan ham.

 

Ro’zg’or, bola manga qolib,

O’tiradi o’yga tolib,

Telefoni jiringlasa,

Gaplashadi bekinvolib.

 

Har nodon der: "Folbinga bor, 

Issiq-sovuq, sehr bergin".

Biror dono aytmaydiki:

"Eringni sev, mehr bergin!"

 

Bolalarim bilishmasin,

Ko’zyoshimni ko’rishmasin,

Ko'ngli qolib, otasini

Yomon ko’rib qolishmasin.

 

Qaynar g’iybat: "Iya-iya,

Eriz uylanvoganmish-a?"

Yonin olib urishaman:

"Ajab qipti, sizga nima?"

 

Opam ko’rib, boshlar rosa:

"Xotinbozmish ering rosa?"

"Nima qisin, xotinlariz

O’zlari erkakboz bo'sa?!"

 

Eplaptimi yurivosin,

Mayli, o’ynab-kulivosin,

Mani mulki davlatimda

Davr-u davron surivosin.

 

"Voy sen ahmoq, voy sen beor,

Sanga kerak bo’lmasa yor,

Sot kimoshdi savdosida,

Mahallangda ochib bozor!

 

Pochchangni ko’r, qanday erkak,

Chakki yurmas, toza yurak..."

"Mani erim zo’r-da, sizi

Latta eriz kimga kerak?!"

 

"Voy zo’r bo’lgan ering qursin,

Bino qo’ygan shering qursin,

Sanga jonim kuyibdi-ya,

Yurmog’idan ortiq yursin.

 

Qizg’anmaydiyam, eh sani,

Yana ortiq kerilgani".

"Nimasini qizg’anaman,

To'plimidi yeyilgani?!

 

G’iybat qilib ochmang bozor,

Hamma ishni fursati bor,

Endi bitta opti, asli

To'rttagacha ruxsati bor!"

 

Yuraman-u bermay sirim,

Ammo yurak tilim-tilim,

Kundoshli xotinlar bekor

Chekishmagan ekan chilim.

 

Kim u jonon bilgim kelar,

Aftini bir ko’rgim kelar,

Tutib olib, sochlarini

Bitta-bitta yulgim kelar.

 

Borgim kemas mehmongayam,

Boqqim kemas insongayam,

Janjal qil, deb gijgijlaydi,

Ish topildi shaytongayam.

 

Yetib bor, der o’sha yerga,

Ikkalasi hozir birga,

Bormayman-ey, jinnimanmi,

G’ururimni urib yerga.

 

Nima foyda urishlardan,

Qozilashib yurishlardan,

O'q otayin kundoshimga

Mag’rur qarab turishlardan.

 

Er ko’ngli - qush: uchib ketar,

Sovuq yerdan ko’chib ketar,

Tutmoq uchun don sepayin,

Miltiq otsam, qochib ketar.

 

Ranjimasin erim, mayli,

Zo’r ayol er talashmaydi.

Boplab qo’yar edimku-ya,

Bu ish manga yarashmaydi.

 

Nodonga donolik qilay,

Sahroga daryolik qilay,

Do’stim qilsa begonalik,

Man unga oshnolik qilay.

 

Jilsin desam tosh joyidan,

Bo’lay erimning poyidan,

Quyosh bo’lib mehrim sochib,

Aynitay o’sha oyidan.

 

Pardozlab yuz, qosh-u ko'zni,

Quvnoqlikka olib o’zni,

Har tong qarab toshoynaga,

Takrorlayman bitta so’zni:

 

Ming turlansin o’sha Layli,

Marhaboga o’xsholmaydi.

Kiygan bilan kavushimni,

Qilolmaydi yurishimni!


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi She'rlar Marhabo Karimova She'rlari Marhabo Karimova asarlari