Sahifa yuklanmoqda . . .
Bu yerda quyosh ham fayz bilan botar,
Ajoyib sha’n bilan to‘shalar shomlar.
Dalalar dengizdek hansirab yotar,
Shu yerda yuz ochar kumush rang tonglar.
Bu yerda obodlik kuylanar mudom,
Bu yerda hamisha quyosh parvona.
Bu yerda muqaddas bilar har odam,
So‘nggi yo‘q paxtazor – baxtdan nishona.
Hammani shu yerga yetaklar yo‘llar,
Peshona ter bilan yashnaydi tuproq.
Shu tuproq dardida qabargan qo‘llar
G‘oliblik tug‘ini tutar balandroq.
Shunchalik azizdir bu yerda inson,
Shu qadar jaranglar dehqonning nomi.
Ishga ham, to‘yga ham topilar imkon,
O‘zidek soddadir qutlug‘ kalomi.
Odamlar ko‘nglini kuylamoq uchun,
Shodlikdan entikib, so‘z topolmadim.
Chevarlar madhini so‘ylamoq uchun,
Dalalar qoshidan hech ketolmadim.
Dehqonning dalasi shunaqa bugun,
Zotan, bu kenglikning yo‘qdir poyoni.
Men sajda qilgayman shu dala uchun,
Shu dala kiydirar butun dunyoni.
1970
Amirqul Po‘lkan kamtar, kamso‘z, lekin ishonchli do‘stlari davrasida dilkash, tafakkuri teran shoir edi. U bilan do‘stona munosabatlarimiz bor edi. U „Sharq Yulduzi“ining she’riyat bo‘limida, men esa yozuvchilar uyushmasida she’riyat bo‘yicha adabiy maslahatchi bo‘lib ishlardim. Uning she’rlari quyma shaklda, misralari me’yoriga etkazilgan bo‘lar, quruq maqtovni yoqtirmas, tez qizarib ketguvchi edi (Shoir Yodgor Obid xotiralaridan).