Sahifa yuklanmoqda . . .


Chingiz Aytmatov

Qarayman, xayolim qushin uyg’otib,
Ko’raman: “Erk” so’zin aytgan quldayin,
Ismingni olgancha qayg’uga botib,
Bo’zrang otda yig’lab borar Kul Tegin.

Koshg’ariy tushida seni ko’rgandi
“Devon ul lug’atit turk” qog’oziga
Toliqib boshini birpas qo’yganda –
Quloq tutmay so’zning ko’r ovoziga.

Yassaviy tushida ko’rgandi seni,
Ko’rganu chehrangni unutmay deya,
Abadiy zulmatga oldi o’zini,
Dunyodan tilamay o’zga bir hadya.

Sen aytar dardlarning unsiz nidosi
Bor edi Behzodning ol ranglarida,
Sen aytar dardlarning munis sadosi
Jaranglardi Yunus Emro ohanglarida.

Navoiy ko’rgandi seni, so’nggi dam
Bo’g’zidan sirqirab chiqarkan joni,
Taft qocha boshlarkan hatto so’ngakdan,
Sharqirab oqarkan tuproqqa qoni.

Manas ham seni deb jangga chiqqandi,
Seni deb mix botgan tovonlarining
Qora og’rig’iga Boychibor ko’ndi,
O’tlarga socharkan ol qonlarini.

Bolalari dorga tortilgan ona –
Qurbonjon ketmadi ko’zini yoshlab.
Sening kelishingga ishonib, yana
Janggohga qaytgandi erlarni boshlab.

Lekin ulardan ham oldin seni xalq
Tushida ko’rgandi…
Bilib yurarsan:
Shu sabab ortingda: “Qo’rqmagin, sen haq!”
Degan bir nidoni sezib turarsan.

1986


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

73 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari