Sahifa yuklanmoqda . . .
Cheksiz ufqlarni quchmoq istayman,
Yulduzlarga etsa deyman oyog‘im.
Uzoq -uzoqlarga uchmoq istayman,
Qushlar parvozini kuzatgan chog‘im.
Dengizlar qa’riga sho‘ng‘igim kelar,
Tanimay qolaman o‘zimni o‘zim.
Bag‘rim ham ajib bir qo‘shiqqa to‘lar,
Ulkan kemalarga tushganda ko‘zim.
Gohida xirmonlar bo‘yini ko‘rib,
Bu shoshqin ruhimni chulg‘ar hayajon.
Bir nafas ko‘nglimga ixtiyor berib,
Ot surmoq istayman dalalar tomon.
Bog‘larda yor bilan kezganim chog‘i,
Quvonchdan osmonga etganda boshim.
Bilaman, bu baxtning bordir adog‘i,
Abadiy emasdir yigitlik yoshim.
Lekin men ufqni quchmoq istayman,
Va toki yurmayin deyman o‘kinib.
Hayotni qonguncha ichmoq istayman,
Hayotim, suv kabi ketma to‘kilib!..
1972
Amirqul Po‘lkan kamtar, kamso‘z, lekin ishonchli do‘stlari davrasida dilkash, tafakkuri teran shoir edi. U bilan do‘stona munosabatlarimiz bor edi. U „Sharq Yulduzi“ining she’riyat bo‘limida, men esa yozuvchilar uyushmasida she’riyat bo‘yicha adabiy maslahatchi bo‘lib ishlardim. Uning she’rlari quyma shaklda, misralari me’yoriga etkazilgan bo‘lar, quruq maqtovni yoqtirmas, tez qizarib ketguvchi edi (Shoir Yodgor Obid xotiralaridan).