Sahifa yuklanmoqda . . .


Chapani yoxud jaydari she'rlar

1

* * *

Shamollarda ko‘zimdan
Uchgan yoshimsan, yor-a.
Ko‘ngil tubiga cho‘kkan
Otash toshimsan, yor-a.

Oshiq dilga yarashgay
Devonalig‘lar, yor-a.
Oshiqlarni o‘ldurgay
Begonalig‘lar, yor-a.

Begonalig‘ ichida
"Oh"lari ko‘pdir, yor-a.
Tashlagani hijronning
Chohlari ko‘pdir, yor-a.

Baxtni osmonga otdim
Qaytib tushmadi, yor-a.
Yurak asli qush edi —
Nega uchmadi, yor-a.
Hay, yor-a!
Voy, yor-a!
Yurak bo‘ldi ovora...


2

* * *

Chaman ichida o‘sib
Gul bo‘lgan omonyorim.
Bulbulning ovoziga
Qul bo‘lgan omonyorim.

G‘ussa, g‘ussa, ming g‘ussa
Xun bo‘lgan omonyorim.
Otashin ishqi turib,
Kul bo‘lgan omonyorim.

Kunduzimning qo‘ynida
Tun bo‘lgan omonyorim.
Kulgular jarangida
Mung bo‘lgan omonyorim.

Senga qachon qilgandim
Yomonlik, omonyorim.
Yuragimda qolmadi
Omonlik, omonyorim...

Omonyor...
Omonyor...
Yurak endi tamom, yor!..


3

* * *

Bog‘ ichinda bir daraxt,
Yolg‘izligidan bebaxt,
Kuygan yor.

Yashil edi barglarim,
Sarg‘aytirdi dardlarim,
Kuygan yor.

Kuzga mezon osib o‘t,
Xazonimni bosib o‘t,
Kuygan yor.

Ayriliqqa tolmagin,
Kuzda yolg‘iz qolmagin,
Kuygan yor.

Kuzda yo‘qdir ro‘shnolig‘,
Bekor bo‘ldi oshnolig‘,
Kuygan yor.

So‘rmading bir holimni,
Kuz oldi-ku jonimni,
Kuygan yor.

Kuygan yora-a,
Kuygan yor!
Kuyishini qo‘ygan yor...


4

* * *

Shamollar oqib yotar,
Alam yor,
Eshikni qoqib yotar,
Alam yor,
Hijron degan bir ilon,
Alam yor,
Yurakni chaqib yotar,
Alam yotar,

Ilon zahrida so‘lsam,
Alam yor,
Sening ishqingda o‘lsam,
Alam yor,
Ko‘zni yumar paytimda,
Alam yor,
Diydoringni bir ko‘rsam,
Alam yor.

Alam yor,
Alam yor,
Alam bo‘ldi olam, yor!..


5

* * *

Bu dunyo bir mayxona,
Alyor.
Sog‘lar undan begona,
Alyor.
Bir piyola ishq ichgin,
Alyor.
Yurak bo‘ldi g‘amxona,
Alyor.
Yolg‘izgina armonim,
Alyor.
Gulxandagi zamonim,
Alyor.
Yo‘lingdan yurib bo‘lmas,
Alyor.
Kuyib borar tovonim,
Alyor...

Alyor-a,
Alyor-a,
Alyor!
Yoqam yo‘q. —
Qo‘yvorgin, ag‘yor...


6

* * *

O‘ynaguncha o‘ynagin,
Ha, do‘st, yor.
O‘ynashingni qo‘ymagin,
Ha, do‘st, yor
O‘ynab-o‘ynab dunyoda,
Ha, do‘st, yor.
Mening kabi kuymagin,
Ha, do‘st, yor.
Hijron yo‘li qarodir,
Ha, do‘st, yor.
G‘ussang undan borodir,
Ha, do‘st, yor.
G‘ussang u yo‘ldan borib,
Ha, do‘st, yor.
Yuragimni yorodir
Ha, do‘st, yor.

Ha, do‘st, yor-a,
Ha, do‘st, yor,
Ha, do‘st, yor.
O‘zim o‘zimga ag‘yor,
Ha, do‘st, yor.


7

* * *

Ikkimiz ham podshoh bo‘ldik,
Dod-a,
Bitta yurtga oshno bo‘ldik,
Dod-a,
Ishq atog‘li bitta yurtni,
Dod-a,
Bo‘lolmasdan ado bo‘ldik,
Dod-a.
Dod-a, bedod-a, dod-a...
Qiynamagin jonimni
Ot-a!
Sen gunohkor, men gunohkor,
Dod-a,
Yoshlarimiz qator-qator,
Dod-a.
Ishq degan bir bechoraga,
Dod-a,
Ikki dilda qurildi dor,
Dod-a...
Dod-a, bedod-a, dod-a...
Dod-a,
Qiynamagin jonimni,
Ot-a!
G‘amli she’rlar yozilgaydir,
Dod-a,
G‘am ham bir kun bosilgaydir,
Dod-a.
Huvillagan ikki qalbga
Dod-a,
Birgina ishq, osilgaydir,
Dod-a...
Dod-a, bedod-a, dod-a...


Qiynamagin jonimni,
Ot-a!


8

* * *

Cho‘llar arolab ketma —
Chamanyoringman.
Sarob qarolab ketma,
Chamanyoringman.
Yantoqlarga ko‘z tikib
Chamanyoringman,
Gulni yarolab ketma,
Chamanyoringman.
Yomg‘iringdan ichmadim —
Chamanyoringman.
Shabnamingni quchmadim -
Chamanyoringman.
Sahrodan ham sarg‘ayib,
Chamanyoringman,
Sendan zarra kechmadim,
Chamanyoringman.

Chaman yor, chaman yor,
Chamanli bo‘ldim.
Chamanning ichida
Alamli bo‘ldim.


9

* * *

Bog‘lar zar badanu zar siyna o‘ldi,
Yerda — men, falakda — oy tiyra o‘ldi.
Moviy osmonlardan nariga boqdim —
Sog‘indim, sog‘indim — dard xiyla o‘ldi.

Firoqni lahzada ko‘mgim keladir,
Bedard yor, nahotki, o‘ngim keladir?
Xazonli boqqa kel — seni sog‘indim,
Seni ko‘rmay desam, o‘lgim keladi...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 21-Mayda yuklangan

428 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
omonyor yor yurak chaman bog' sevgi hijron alam dard dunyo
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari