Sahifa yuklanmoqda . . .


Bulbulga aylangan odam haqida ballada

Bu odam gullarni juda sevardi —
Xonasida gullar qiyg‘och, rang-barang.
Ishidan shoshilib qaytib kelardi,
So‘zlashgani erka gullari bilan.

Ko‘ngil qo‘yishgandi unga gullar ham,
Keldimi, o‘zgacha tarashardi bo‘y.
Ranglari yanada tortardi ko‘rkam,
Yomg‘ir yoqqan kabi cho‘zishardi bo‘y.

Gullar mehr qo‘ysa odam ham o‘sar —
Ko‘ksida tobora yuksalardi qalb.
Har barg shivirining ma’nosin sezar,
Suyub yaproqlarga tekkizardi lab.

Bu kishi juda ham uxlardi sergak:
Bir tun uyqusida eshitdi ayon —
Bulbul sayrar edi devorni qarg‘ab,
Derazaga to‘shin urib har zamon.

Gullar chayqalardi — intiq, bezovta.
So‘nggi toqatlari borardi erib.
Titrab turishardi (dardlari katta!),
Derazaga shundoq bag‘rini berib.

Devorlar qulagay gullar yig‘lasa,
Deraza suv bo‘lgay bulbul ursa to‘sh...
Odam ko‘zlarini ochib qarasa,
Qator tuvaklarning hammasi bo‘m-bo‘sh.

Ravoqda sayrardi bulbul, sayrardi,
Derdi:— Kuyib bitsin bu xona-qafas...
Gullar derazaga nigoh tashlardi,
Jim-jit turishardi, xo‘rsinib besas.

— Sizning ishqingizdan bag‘rim dog‘larda,
Voy, gulim!— oh urdim — yorishdi tunlar.
Balkondan bir sakrang — ketdik bog‘larga,
Bekinmang devorning qa’riga, gullar!

Xonada karavot g‘amgin g‘ijirlar,
Ravoqda rozi dil tinmaydi bir dam.
Gullar titrab-qaqshab nochor pichirlar;
— Bizsiz ne bo‘ladi bechora odam?

— Odam...
Sayrashidan bulbul to‘xtaydi.
— Odam...
Yaxshi odam!..— takrorlar gullar.
— Bulbul, u ham senga juda o‘xshaydi,
Bizsiz o‘ldiradi sho‘rlikni munglar.

Yozning so‘nggi tonggi boradi tugab,
Zar muhrin bosadi kuz ilk yaproqqa.
Bulbul o‘z dardidan kul bo‘lib, tutab,
Kuylab uchib ketar uzoq-uzoqqa.

Qunishib turishar gullar bir lahza,
Xonaga tortinib kirishar nochor:
— Qaddingni tiklayver, devor, deraza,
Mana, turibmiz-ku, tuvakda qator...

Ularga minnatdor boqadi odam,
Ammo pirpiraydi negadir labi:
Gullarni quchoqlab oladi bir dam —
Xuddi sevgilisin topgani kabi.

Gullarga odamning quchogi to‘lar...
Gandiraklab tashqari qadam tashlaydi,
Qayrilib nimadir demoqchi bo‘lar,
Va nogoh... bulbulday sayray boshlaydi.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Aprelda yuklangan

54 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
odam gul bulbul tuvak devor deraza dard kuy
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari