Sahifa yuklanmoqda . . .
Bu yerga keltirdi meni tasodif,
Kimdir sherigiga latifa so‘ylar.
Kimdir kresloda uxlaydi qotib,
Mark Byornes turnalar haqida kuylar.
Qarshimda lobar qiz o‘ltirar jiddiy.
Ichmagan. Stolda qadahi lim-lim.
Sezdingmi, xonada bir armon hidi,
Turnalar olamda uchmoqda, singlim!
Kimgadir yoqmadi bu ma’sum qo‘shiq...
Boshlandi mashina haqida bahslar,
Bir juft qiyshanglaydi o‘zicha jo‘shib,
Yangi nag‘ma emish ajnabiy raqslar.
Qaydasan, Marks Byornes? Kuylagin ezib,
Olifta, nahs bosgan davra cho‘ksin tiz.
...Ketaman, tun bo‘yi darbadar kezib,
Turnalarim bilan qolgani yolg‘iz...
Na bo‘ldi, bu sening tashrifingmi, she’r?
Boshimni tark etmas o‘jar bir xayol...
Lobar qiz davraga yaxshi qoling der,
Va jo‘nar hammani qoldirgancha lol,
Ishqiboz yigatcha topolmas tadbir:
— Nimaga? Ne bo‘ldi? Shunday tunda.. .Bas..
O‘jar qiz xo‘rsinar:
— Tushuning, axir,
Marks Byornes kuylaydi, hech kim tinglamas!.
Qaytmagin! Yuraklar bordir olamda —
Ki, ular pok hislar yurti — vatani.
Ularni izlab top,
Hech bo‘lmaganda,
Turnalar uchganda g‘amgin boqqani.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).