Sahifa yuklanmoqda . . .


Botirlar

Necha bor zaminni kuydirdi otash,
Necha bor moziyning aylandi charxi.
Va lekin yo‘lidan toymadi quyosh,
Va lekin tushmadi botirning narxi.

G‘animlar yurtimga qildilar yurish,
Muqaddas tuproqda tutdilar chodir.
Intiqom olmoqqa chorladi urush,
Yovlarga o‘q bo‘lib sanchildi botir.

Botirlar jon berdi mardona turib,
Tulporlar qon kechib chopdilar sarson.
O‘q egan burgutdek nogoh charx urib
Ularning ko‘ksiga yiqildi osmon…

Ular ham hayotni sevardi jondan,
Ular ham yashardi tole axtarib.
Botirlar ko‘ksidan sachragan qondan
Ko‘kdagi yulduzlar qoldi qizarib.

Eh, ular sharob ham ichmadi qonib,
Umr ham bermadi jangi beomon.
Shoirlar qudratni kuyladi yonib,
Ularning sha’niga bitdilar doston.

Zotan, men ulardan olgayman saboq,
Shul uzoq o‘tmishga solgayman nazar.
Bugun ham qaydadir pisgancha qo‘rqoq,
Botirning ortidan urmoqda xanjar.

Men qanday chidayin bunday jafoga,
Ne qilay go‘daklar qolsalar sag‘ir!
Umrimni bergayman balki da’voga,
Men ham botirlarga zuryodman, axir…

Va lekin bu bilan o‘zgarmas tarix,
To‘kilib bitmagay kiprikdagi gard.
Bari-bir ularni bo‘lmas qaytarib,
Jazoga mustahiq bo‘lmagay nomard.

Mayda gap qilsam gar kechiring,biroq,
Do‘stlarim, botirlik emasdir oson.
Ko‘z yumgan botirlar bugun ham uyg‘oq,
Ularning kiftida turibdi osmon.

1975


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 13-Iyunda yuklangan

21 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Amirqul Po'lkan

Amirqul Po'lkan

Amirqul Po‘lkan kamtar, kamso‘z, lekin ishonchli do‘stlari davrasida dilkash, tafakkuri teran shoir edi. U bilan do‘stona munosabatlarimiz bor edi. U „Sharq Yulduzi“ining she’riyat bo‘limida, men esa yozuvchilar uyushmasida she’riyat bo‘yicha adabiy maslahatchi bo‘lib ishlardim. Uning she’rlari quyma shaklda, misralari me’yoriga etkazilgan bo‘lar, quruq maqtovni yoqtirmas, tez qizarib ketguvchi edi (Shoir Yodgor Obid xotiralaridan).

Batafsil


Yangi She'rlar Amirqul Po'lkan She'rlari Amirqul Po'lkan asarlari