Sahifa yuklanmoqda . . .
U bahorni kutdi intizor,
Yo‘llariga ko‘z tutdi ilhaq.
Quyosh chiqsa, erib bitsa qor,
To‘yib-to‘yib o‘ynardi chillak.
Kelib qoldi bahor ham mana,
Dalalarga sochib lolalar.
Tepalikda quvonch-tantana -
Chillak o‘ynab ketdi bolalar.
Kutib oldi uni ham sho‘xlik.
Ochganicha keng quchog‘ini,
Nimagadir sho‘xlik ham qiziq!
Bosolmadi dil chanqog‘ini.
Do‘stlariga boqdi u hayron,
Do‘stlar chillak o‘ynar berilib,
Bola ko‘ngli bo‘lgancha vayron.
Bir zumgina qoldi termulib.
So‘ngra sirli xayolga cho‘mib,
Chiqib ketdi dala tomonga.
Lolalarga o‘zini kumib,
Uzoq-uzoq boqdi osmonga.
Voy-bo‘y!.. Osmon bunchalar tiniq!
Sofligiga ne bular qiyos?
O‘ylab ketdi, o‘yladi... qiziq
Qiz ko‘ziga o‘xsharkan bir oz...
U kechgacha qoldi shu ko‘yi,
Uzun-uzun xayollar surdi.
Tepalikda bo‘lsa kun bo‘yi,
Bolaligi hayqirib turdi.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).