Sahifa yuklanmoqda . . .


Bolalikning bir kechasi

Zanjirband it huradi,
Tunga qarab g‘ingshinar...
Gulbutaning tagida
O‘ltiradi ajina.
Tunga osmon qo‘ynida
Bulutlar alkash-chalkash.
Ajina jim o‘ltiradi —
Sochin taraydi yakkash.
Tor ko‘chada tun quyuqdir,
Kimdir chalar chanqovuz.
Gulbutaning tevragida
Aylanadi yalmog‘iz.
Goh zo‘rayar, goh susayar
Yomg‘irning tund kuylari.
Ho‘l bo‘ladi ajinaning
Nurday nafis ko‘ylagi.
Chaqmoq chaqar.
Tosh qarsillar —
Keldi bahor sellari.
Soy bo‘yida aylanishar
Ko‘hi Qofning devlari.
Ajina jim soch taraydi.
Juda-juda chiroyli —
Gulbutaning tagiga tun
Tashlab ketganday oyni.
Akam jiddiy — etik kiyar —
Garovnimi yutgani,
Tun qo‘yniga kirib ketar
Ajinani tutgani...
U qaytadi:
— Uxla,— deydi, —
Uxla,— deydi,— endi jim.
Ajinani men o‘ldirdim,
Ajinani o‘ldirdim...
Nimagadir men yig‘layman —
Torayib ketar boshim.

Onam qo‘li astagina
Artib qo‘yadi yoshim.
Yuguraman tongda boqqa —
Gullarmi bu — ochilgan,
Yoki... Yoki... Kimning qoni
Gulbutaga sochilgan?


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 18-Mayda yuklangan

62 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
bolalik aka ajina go'zallik tun o'lim qon osmon
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari