Sahifa yuklanmoqda . . .


Bolalikdan ikki xotira

1

QISH

U payt palto kiymas edi qish,
Qo‘lqopi yo‘q edi qo‘lida,
Qish — yamoqli, ardoqli kalish —
Oyoq qo‘ysang — qorga ko‘milar.

Yayramasdi issiq uylarda
Izg‘irinning uvvosin tinglab.
Qish — mol boqib muzlagan bola —
Darvozadan kiradi titrab.

Qish kezmasdi dil ochar mahal
Ko‘chalarda burqsitib nafas.
Qish — dahlizda jon saqlar sandal,
Qish — pechkali uylarga havas.

U payt kitob o‘qir edi qish —
Hayajondan titrab tovushi.
Qish — zindondan chiqqan Alpomish,
Qish — Barchinning siniq nolishi.

Qish — ertakning haroratida
Qalb ostida erigan toshlar.
Qish — orzuning sharor zabtidan
Kitoblarga to‘kilgan yoshlar.

2

YOZ

Oftob g‘olib keldi — muqarrar —
Kiyimini yechmasin qancha,
Termizdan to Toshkentga qadar
Yoz yiqildi shundoq chalqancha.

Turonning sha’n kengliklarida
Gulu maysa lahzada — xazon.
Hayot — tog‘lar qo‘ltiqlarida,
Ariqlarning bo‘ynidadir jon.

Lohaslanib mudradi kunduz
Gujumlarning soyalarida.
Irmoqlanib o‘zin otdi muz
Boysuntog‘ning qoyalaridan.

Shahar tomon jo‘nadi bola —
Qo‘llarida eski jomadon.
Jomadonda bir parcha dala,
Uch-to‘rt kitob, ikki kulcha non.

Hovuzlarning tor o‘lkasida
Qurbaqalar kechasi hofiz.
Boshin qo‘yib yoz yelkasiga,
Kuyib-kuyib yig‘ladi bir qiz.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 21-Mayda yuklangan

70 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
qish bahor sevgi palto non jomadon kitob hayot
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari