Sahifa yuklanmoqda . . .


Bobolar mozori

“Vatan haqida yetti rivoyat” turkumidan

Dunyoning yarmin olib,Ashampoo_Snap_2017.06.21_22h23m17s_018_a.png
Yarmiga qilib da’vo,
Tinmasdi janggoh aro
Shon-shavkatli shoh Doro.

U qonga o‘ch ko‘zini
Tikdi yangi yerlarga
Va hayqirdi so‘zini
Kutib turgan erlarga.

— Dengiz ortidan cheksiz
Yastanib yotar bir dasht.
Uni o‘ylab kunu-tun
O‘yim bitmas,
Dilim g‘ash.

Bir chetida bahoru
Bir chetida saraton.
Bir yog‘ida tun cho‘kar,
Bir yog‘ida balqar tong.

Ko‘klam chog‘i bepoyon
Bu dasht chechakday yashnar,
O‘sha dashtda amrimga
Bo‘ysunmagan xalq yashar.

Necha zamon ilgari
Ular bizni xor etgan.
Bobolar qo‘shinini
Jangda toru-mor etgan.

Ulardan olmoq kerak
Ajdodlarning o‘chini,
Bir ko‘rsatib qo‘yaylik
Qilichimiz kuchini.

…Shoh so‘zini aytdi, bas –
O‘ylamoqqa hojat yo‘q.
Yangradi jangari sas,
Sadoqlarga tushdi o‘q.

Yetti yuz ming askarni
Boshlab tog‘u-rog‘ aro
Dengiz oshib, dashtliklar
Yurtiga kirdi Doro.

Yov duch kelsa,
Parchalab
Tashlayman, deb o‘ylardi,
Vazirlarga: “Menga teng
Shoh yo‘q!” – deya so‘ylardi.

Xabar aytar josuslar:
“Dashtliklar uzoq emas.
Forslar to‘xtasa, to‘xtab,
Yursa, qarab o‘tirmas.

Yuklaydi-yu, o‘sha dam
Otlariga ko‘chini,
Yo‘lga tushar xotirjam
Dashtliklarning qo‘shini.

Oralari bir kunlik
Yo‘ldir –
Ammo beado.
Qancha ko‘chib yurmaylik,
Tugamaydi bu sahro…”

Taxtidan tushmay, ko‘zdan
Kechirarkan sahroni,
Josuslar aytgan so‘zdan
Vahm bosdi Doroni.

Vazirlarin chaqirib,
Qilgan bo‘lib maslahat,
Yov oldiga choparin
Yubormoqni qildi ahd.

“Shamol kabi yelginu
Tez izingga qayt!” – dedi,
“Dashtliklarning shohiga
Mening so‘zim ayt!” – dedi.

“Aytgin, — dedi, — ey, odam,
Qochaverma, bo‘ldi bas.
Jang qilmay yovdan qochmoq
Shohlarning ishi emas.

Quyondek qochavermay,
O‘zingni qiynamagin.
Kuching bo‘lsa,
Jang qilib
Sen meni qiymalagin.

Mendan qo‘rqsang,
Yo ojiz
Sezsang agar o‘zingni,
Qoshimga kel bosh egib,
Yerga tikib ko‘zingni.

Tortiq qilgin yer-suving,
May ich bitta idishdan.
Qaysi yo‘lni tanlama,
Qutularsan qochishdan”.

Yov emas,
Chopar qaytdi
Yerga tikib ko‘zini
Va tiz cho‘kib Doroga
Yetkazdi yov so‘zini:

“Forslar shohi!
Bilib qo‘y,
Xoh inonma, xoh inon:
Lekin dushmandan qo‘rqib
Qochmaganman hech qachon.

Bilib qo‘y,
Sen kelmasdan
Qanday yashagan bo‘lsam,
Shunday qo‘rquv bilmasdan
Yashayapman hozir ham.

Bilib qo‘ygin,
Bizlarda
Na shahar, na qishloq bor,
Toki sendan ularni
Himoya qilsak, g‘addor!

Yana takror aytaman,
Qochganim yo‘q yov kelib,
Avvalgiday ko‘nglim shod,
Ko‘chib yurib,
Ov qilib.

Dasht – bizning keng uyimiz,
Yer – to‘shak,
Ko‘k – ko‘rpamiz.
O‘rtamizda quvonch, g‘am,
Barin baham ko‘ramiz.

Ammo cheksiz dasht aro
Bir mozor bor –
U yerda
Bizning qadim ajdodlar
Yotibdi har bir go‘rda.

Agar sen g‘azabimiz
Kuchini bilmoq bo‘lsang,
Agar sen dashtliklarning
O‘chini bilmoq bo‘lsang,

O‘sha mozorni topib
Bir qabriga tegib ko‘r!
Sening nopok qo‘lingdan
Ozor topsa biror go‘r:

O‘sha zahot bilursan
Biz qanday jang qilurmiz,
Har bittamiz yuztangiz
Mahv etib yiqilurmiz.

Toki o‘sha mozorga
Qo‘l urmasang,
Ey, Doro,
Avvalgidek bemalol
Yashagaymiz dasht aro”.

Bu so‘zni eshitgan shoh
Qo‘rquv sezdi ko‘ksida.
Qo‘rquv yulduzi yondi
Vahm bosgan ko‘zida.

Avvaliga qo‘rquvni
Bosib yo‘qotmoq bo‘ldi,
“Mendan zo‘r podshoh yo‘q!” – deb
Ichi g‘azabga to‘ldi.

Taxtidan sapchib turib,
Amrimni aytay, dedi.
Manman yovga chang urib,
Zabt etib qaytay, dedi.

Aytmoq bo‘ldi:
— Mozorni
Topib tez g‘orat qiling!
Har bir dushman go‘rini
Kovlab haqorat qiling!

Ammo o‘sha dam yana
Qo‘rquv dilin g‘ashladi.
Dashtliklar aytgan so‘zlar
Yana yangray boshladi:

— O‘sha zahot bilursan
Biz qanday jang qilurmiz,
Har bittamiz yuztangiz
Mahv etib yiqilurmiz!

Ko‘zini qamrab qayg‘u,
Es-hushi og‘gansimon,
Chodiridan chiqib u
Boqdi cheksiz dasht tomon.

“Qani, tezroq bu yerdan
Ketaylik, — dedi keyin, —
Men angladim,
Bu xalqni
Jangda yengmoqlik qiyin!”

1989


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

63 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari