Sahifa yuklanmoqda . . .


BADOYI UL-BIDOYA (1-tom) 1-qism

 

DEBOCHA

Fasohat devonining g‘azalsaroylari tab’ maxzaanidin sho‘ridahol oshiqlar xirmani joniga o‘t solg‘udek bir otashin la’l nazm silkiga torta olmag‘aylar, agar so‘z debochasin ul soni’ javohiri hamdi bila murassa’ qilmag‘aylarkim, ishq ahlin olmosi lison sharafi va gavhari bayon lutfi bila soyir insonning durratul-toji qildi.

Subhonallohu huval-aliyul-mutaol, 
Kim ayladi ishq bahrini molomol. 
Insonni chu anda soldi g‘avvos misol, 
Ham gavhari hol berdi, ham durri maqol.

Va balog‘at bo‘stonining chamanoroylari xayol gulshanidin sohibjamol ma’shuqlar gulbuni husnig‘a ziynat bergudek bir otashin gul vazn guldastasig‘a bog‘lay olmag‘aylar, agar kalom fihrastin ul qodir zavohiri shukri bila mulamma’ qilmag‘aylarkim, husn xaylin gulbargi uzor bog‘i va nargisi bemor charog‘i bila  koffayi xaloyiq qurratul-ayni etti.

Alhamdu limujidil-hadoyo va ni’am, 
Kim kesti vujud bog‘idin xori adam. 
Ul bog‘da har gul o‘tikim, chekti alam, 
Jon evini  yorutti, nazar sham’inn  ham.

Bu hamdi mazkur va sanoyi masturg‘a ko‘ngul moyil va til qoyil bo‘lub, ko‘ngulga orom va tilga kom etishmagay, to risolat burjining munir axtari va nubuvvat durjining samin gavhari va «mo yantiqu an-il-havo» taronasining mushorun ilayhi va «in huva illo vahyun yuho» xazonasining mu’tamadun alayhi va «ana afsahu» surudining mutarannimi va «ana amlahu» durudining mutakallimi na’tining tuhfasi anga vosita va durudniing hadiyasi anga vasila bo‘lmag‘ay.

Muhammadkim, rusul anjumdur, ul oy, 
Qayu oy, balki mehri olamoroy.

Vujudining tufayli to‘qquz aflok, 
Bu da’vo shohidi manshuri «lavlok».

Olib yuz barqdin sur’at samandi, 
Yangi oy ul oy samandi siynabandi.

Sitomi markabi Birjisu Nohid, 
Iki yondin chanoqi oyu xurshid.

Zalolat ko‘yining mahzunlarig‘a, 
Jaholat dashtining majnunlarig‘a,

Shafi’ etkil oni jovid, ilohiy, 
Meni ham qo‘ymag‘il navmid, ilohiy.    

Va sallallohu alayhi va alo olihit-tayibin va ashobihittohirin va alo man taba’ahum ajma’in ila yavmidin.
Bu parishon ajzoning varaqnigori va bu oshufta avroqning qissaguzori, mehnat paymonasining jur’achashi va malomat xumxonasining sabukashi, shaydoliq mahallasining rasvosi va rasvoliq ko‘chasinnng shaydosi

Vafo bo‘stonining dostonsaroyi, 
Malomat bulbuli, ya’ni Navoiy
g‘afarallohu zunubahu andoq arz qilurkim, ul chog‘kim Xuroson taxti ko‘ragonliq duvoji ila ziynatafzoy va Ko‘ragon farqi jahonbonliq toji bila falakfarsoy erdi, umrum shabistoni shabob sham’lari nuridin munavvar va hayotim gulistoni yigitlik gullari atridin muattar erdi, sinn muqtazosidin tabiatg‘a havo g‘olib va havo g‘alabasidin tabiat lahvg‘a tolib erdi, ko‘nglagim chokidin ko‘ksumdagi eski to‘ganlar bir-bir ayon va ko‘kragimda kesgan yangi aliflardin ko‘nglagim xat-xat qon, mudom may rag‘ba-ti ko‘ngulga mahbub va hamisha mahbub ulfati xotirg‘a marg‘ub, jonim ishq bodasidin mast va ko‘nglum boda ishqidin mayparast:

Bo‘lmasa  ollimda gulrux soqiy,  ahvolim  xarob, 
Yo‘q esa  soqiyda gulgun jomi may, bag‘rim kabob.

Oz vaqtda boda selidin hushu aqlim evi yiqildi va ishq barqi salohu ofiyatim xirmanin kul qildi:

Birovki,   ishqu  may  ilgida   mubtalo  bo‘lg‘ay, 
Ne tong, agar anga har lahza yuz balo bo‘lg‘ay.

Agarchi sa’b balodur, vale budur tilagim, 
Ki bu balo manga bo‘lg‘ay hamisha, to bo‘lg‘ay.

Bori shuur  surati ko‘nglumdin ketdi va ko‘ngul surati holi bir
erga etdikim,

Tun-kun ayog‘im yalang, yoqam chok, 
Mayxona yo‘lida mastu bebok.

Har dam etibon falakka huyum, 
Avbosh ila barcha guftugo‘yum.

Chun tab’i jibilliy salomatdin va jibillat zoti istiqomatdin oriy ermas erdi, oshiqliq ko‘chasidakim, ajib holotg‘a g‘oyat va xumorliq mahallasidakim, g‘arib mushkilotg‘a nihoyat yo‘qturur; ishqda xoh habib jamoli hayratidin va xoh raqib xayoli g‘ayratidin va xoh visol bahori intizoridin va xoh firoq xazoni xor-xori iztiroridin har nav’ ish yuzlansa erdi; va mayda xoh mastliq ayshu tarabidin va xoh maxmurliq ranju taabidin va xoh mayfurush inoyatidin va xoh muhtasib shikoyatidin har amr voqi’ bo‘lsa erdi, ul holg‘a loyiq va ul xayolg‘a muvofiq:

Ko‘nglumda ne ma’ni o‘lsa erdi paydo, 
Til aylar edi nazm libosida ado.

Ul nazmg‘a jonin qilibon xalq fido, 
Solurlar edi gunbazi gardung‘a sado.

Bu vayron tab’ni bayt etsa mastur, 
Tutub shuhrat nechukkim bayti ma’mur.

Xarobot ichra paydovu nihoniy, 
Ul erdi xalqning ratbul-lisoni.

Yo‘qkim, xarobot durdno‘shlari, balki munojot xirqapo‘shlari va demaykim, avom arozili, balki xavos afozilining tillariga joriy va ko‘ngullariga koriy tushar erdi va ul zamonning karimul-xulq ozodalari, balki azimush-sha’n shahzodalari iltifotig‘a musharraf bo‘lur erdi. Xususan, saltanat ganjining durri samini va qanoat kunjining xoknishini, ilmu zako ahlining yagonasi va faqru fano xaylining benishonasi, itik zehni daqoyiq rishtalarining girihkushoyi va arig‘ tab’i haqoyiq chehralarining pardaraboyi

Tab’i darveshu o‘zi shohnishon, 
Shohi darvesh Muhammad Sulton

abqol-lohu kanza fanoihi va adoma izza g‘inoihikim, matla’e yo ortuqroq, yo tamom g‘azal tilim xomasi taqririg‘a kelsa erdi, yo xomam tili tahrir qilsa erdi, filhol ani mushkbor qalam birla kofurkirdor safhag‘a raqam qilib, oqu qaroni andin maxtut qilur erdi va yana ham anga qarobat hisobliq tezfahm shahzodalar va musohib intisobliq xushtab’ mirzodalar mutaaddid savod qilib, soyir ulusg‘a yoyilur erdi va oshiqpesha beqarorlarning ja-lisi mehnati va ma’shuqsheva gul’uzorlarning anisi suhbati bo‘lub, xavosu avom orasida ishtihori tamom va intishori molokalom topar erdi. Va lekin    xotirimg‘a kelmaskim, bu parishon abyotni jam’ qilmoq xotirimg‘a kelmish bo‘lg‘ay va ko‘nglumga kechmaskim, bu parokanda ash’org‘a tartib bermak ko‘nglumga kechmish bo‘lg‘ay. Agarchi, alarkim axassi ashob va aazzi ahbob erdilar, ko‘p qatla bu ish irtikobig‘a iltimos va taklif qilur erdi-lar,  ammo oshufta xayolg‘a  andoq kelur erdikim,

Kulmakka o‘rganur el har so‘zki desa majnun, 
Ul so‘zni jam’ qilsa, kulmakni istar afzun.

Devonaki, mast bo‘lsa doyim, 
Kulmakka erur so‘zi muloyim.

O‘rgansa ulus, emas tahayyur, 
Gohi kerak elga ham tamasxur.

Va farzankim, bu so‘zlardin ba’zi zavqu hol yuzidin tadving‘a mustahiq va aazzahu aning tartibi istid’osido muhaqqiq bo‘lg‘aylar, ammo qoyilekim,

Har kun yana bir ishq iladur afsona, 
Har tun yana bir shay’g‘adur parvona, 
Ish anga junun, manzil anga mayxona, 
Devon yasamoqni ne bilur devona?!

Va bar taqdirekim, qoyil jununi iloj qobili bo‘lg‘ay va avqoti jomi saloh bodasidin tulg‘ay,

Bartaraf bo‘lg‘ay mayu ishqu junun, 
Barchag‘a qoyimmaqom o‘lg‘ay funun.

Ammo ash’or tadvin qilg‘onlardin ba’zikim, baqo mulkida foniy va ba’zikim, holo fano dayrida boqiy dururlar. Avvalg‘i zumradin bovujudi dard beshasining g‘azanfari va ishq otashgoxining samandari, ma’dani javohiri ma’naviy Amir Xusrav Dehlaviy qaddasal-lohu taolo ruhah va fano mayxonasinnng rindi xirkachoki va balo paymonasining masti beboki, ishqu muhabbat asrori aminlarining hamrozi Xoja Hofiz Sheroziy saqol-lohu saroh. Va so‘ngg‘i firqadin quds shabistonining sham’i anvari va uns gulistonining andalibi suxanvari, balog‘at shakkaristonining to‘tiyi shirinkalomi janobi maxdumiy mavlono Abdurahmon Jomiy maddal-lohu taolo zilola irshodihi alo maforiqit-tolibin devonlari orada bo‘lg‘ay. Va uyg‘ur iboratining fusahosidin va turk alfozining bulag‘osidin mavlono Sakkokiy va mavlono Lutfiy rahimahumol-lohkim, birining shirin abyoti ishtihori Turkistonda beg‘oyat va birining latif g‘azaliyoti intishori Iroqu Xurosonda  benihoyatdurur,  ham devonlari  mavjud bo‘lg‘ai.  Va g‘aribroq bukim, g‘aroyibi maoniy iktisobi uchun g‘arobat iqlimlarida tab’ sayyohini g‘urbatg‘a solg‘on forsiydisor va turkiyshior yigitlar sarxayli yori aziz Suhayliy doma tavfiqahkim, forsiy ash’or bahorida fayz sahobidin yoqqan maoniy yomg‘urinnng har qatrasi rishtasig‘a sho‘xtab’ abkori barmog‘lari uchi bila yuz girih tugar va turkiy abyot maydonida azimat bodpoyin po‘yag‘a solsa, yuz yilg‘i o‘lgan daqoyiq parivashlarining silsilayi zulfidin chobukluq zaman shahsuvori sinoni no‘gi bila yuz zirih ko‘tarur. Holiyo ikkalasi alfoz nazmig‘a qoyil, balki devon takmilig‘a moyil bo‘lg‘ay.
Va yana dog‘i latofatshior nozimlar zaroyifi va zarofatdisor roqimlar latoyifi har yondin istimo’ tusharkim, ko‘pragi g‘azal uslubig‘a mashg‘ul va aytilg‘on g‘azallaridin ko‘pragi matbu’ va maqbuldur. Ma’no daryosida muncha g‘avvos orasida bir biyobong‘a xo‘y qilg‘an devonakim, shino fanidin dog‘i begona bo‘lg‘ay, o‘zin ne nav’ bu daryog‘a solg‘ay va solsa ham, ne gavhar topa olg‘ay?

Bu qofila ahlig‘a haram shavqi tamom, 
Jammozalari po‘ya bila abrxirom. 
Men xastaki, erdin ola olmon bir  gom, 
Hamrahliq alar birla xayoledur xom.

Doim el qoshida bu nav’ maqbul uzr bila mashhur va o‘z ollimda bu tavr ma’qul bahona bila ma’zur erdim, to ro‘zgor havodisi ul jahondor saltanati asosin barham urdi va el taharrukluk sipehr ul komgor sham’i hayotin o‘churdi, mulksitonliq taxti bir shahanshoh maqdami bila tafoxur qildikim, saodat axtari tojining gavhari bo‘lmoqliq bila boshin ko‘kka etkurdi va jahonbonliq toji bir anjumsipoh farqi bila mubohot ko‘r-guzdikim, iqbol kavkabi chatrining qubbasi bo‘lmog‘liq bila farqin quyoshg‘a etkurdi. Mulk shabistoni bir davlat mash’ali bila ravshan bo‘ldikim, uchqunining ashi’asida badri munir badr ollida Suhodek yoshundi va adl shahristoni bir ma’dilat xurshidi bila yorudikim, ashi’asining partavida mehri olamgir mehr ollida zarradek ko‘rundi. Iqlimgirekim, humoyun alqobi sharafidin farmonravoliq xutbasining minbari poyasi Mushtariy avjig‘a etti va g‘anjbaxshekim, ro‘zafzun janobi ismidin kishvarkushoyliq sikkasining mir’oti behbud naqshin zohir etti. Pokdinekim, shariat rivojida xurshidi ra’yati ixtisobidin Zuhra udi yuzidagi torlardin mushaf bitir mistar yuziga chekti. Adloyinekim, raiyat rioyatida insofi dehqoni madadidin Mirrixi qahtandesh savobit donalarin sipehr mazra’ida ekti. Sohibqironekim, tiyg‘i suyidin razm bo‘stonida fath gullari ochildi, mulksitonekim, azmi asaridin bazmi anjumanida inoyat sahobidin zafar durlari sochildi.
 
Shahekim, vasfi yuz ming yil tuganmas, desa yuz ming til, 
Bu aytilg‘oncha yuz ming bil, yana har birni yuz ming qil.

Ki yuz mingdin biri zikr o‘lmag‘ay zikr o‘lsa yuz ming qarn, 
Bu yuz ming qaridin ham bo‘lsa har bir lahza yuz ming yil.

Oliy nasabi bila quvonib xonlar, 
Tun-kun eshigini yastanib xoqonlar,

Oy-yil qadamida bosh qo‘yub qoonlar, 
Jonlar  bila qullug‘in qilib sultonlar.

Gardun qadi hilmi yukidin xam bo‘ldi, 
Oy lam’asi ra’yi nuridin kam bo‘ldi, 
Sultonlig‘ anga garchi musallam bo‘ldi, 
Bu turfaki, darveshsifat ham bo‘ldi.

Bu yanglig‘ yozdi alqobini davron,
Ki sulton ibni sulton ibni sulton —
Abulg‘oziy  Sulton Husayn  Bahodirxon xalladal-lohu taolo mulkahu va saltanahu va  afoza alal-olamina birrahu va ihsonah

Ro‘ziy anga barcha kom bo‘lsun, yo rab, 
Iqboli mayi mudom bo‘lsun, yo rab, 
Ham ishrati bardavom bo‘lsun, yo rab, 
Ham davlati mustadom bo‘lsun, yo rab.

Omin, yo rabbul-olamin.
Hosilkim, chun ul saltanat sipehrining quyoshi anjum shoxi to‘rtunchi sipehr anjumanini musaxxar qilg‘ondek, to‘rtunchi iqlim taxtida mutamakkin bo‘ldi. Rub’i maskun xaloyiqi farog‘at maskanida muraffahul-hol va rifohiyat ma’manida forig‘ul-bol bo‘lub,

Nechukkim qamar tegrasida nujum 
Ulus ul quyosh sori:qildi hujum.

Jahon mulkatining ulug‘ beklari, 
Yana poyada o‘rtarog‘deklari.

Ulug‘ neyu, o‘rta nekim, xosu om 
Rafi’ ostonig‘a aylab xirom.

Etib dargahig‘a, topib bor ham, 
Budur turfaroqkim, meni zor ham.

Falak javfida bir ovuch xokdek, 
Karonsiz tengiz ichra xoshokdek.

Janobig‘akim, arsasidur sipehr, 
O‘shul arsa kirpichlari mohu mehr.

Uzumni solib zarradek beqaror, 
Itib ul quyosh nurida zarravor.

Quyosh arsasin chun matof ayladim, 
Ani zarra yanglig‘ tazof ayladim.

Chun yuzum bu sipehroso dargoh tufrog‘idin bahramand va boshim bu falakfarso borgoh itlari ayog‘idin arjumand bo‘ldi, agarchi ota-otadin etti pushtg‘a degincha bu rafi’ dudmonning boyiri bandasi va bu vasi’ ostonning mavrusi tug‘masi, ya’ni bu xonazodaning xonavodasi va bu xonavodaning xonazodasi erdi:

Otam bu ostonning xokbezi, 
Onam ham bu saro bo‘ston kanizi.

Manga, gar xud bo‘lay bulbul, vagar zog‘, 
Kim ushbu dargah o‘lg‘ay gulshanu bog‘.

Vale umre bu gulshandin havodis 
Qilib jonimga hijron ranji hodis.

Va lekin qobiliyat qillatidin va haqorat kasratidin hargiz salotini oliymiqdor mulozamati muddaosi xotirimg‘a xutur qilmaydurur erdi va xavoqini sipehriqtidor xususiyati tamannosi botinimda zuhur etmaydurur erdi. Ammo ul hazratning kimyo xosiyatliq iltifotlaridin va iksir manfaatliq murootlaridin mulozamatda beixtiyor va ubudiyatda devonavor erdim va xurshidi ra’yatidin nihoyatsiz tarbiyatlar quyosh tog‘din anvo’i javohir paydo qilg‘ondek, ko‘nglum konin daqoyiq gavharlari birla orosta qilib va sahobi kafidin g‘oyatsiz taqviyatlar bo‘lub, tufrog‘din turluk rayohin huvaydo qilg‘ondek, xotirim bo‘stonin latoyif gullari birla perosta aylar erdi. Va durarbor tiliga majolisda ba’zi abyotim mazkur va gavharnisor ilgiga mahofilda ba’zi g‘azaliyotim mastur bo‘lur erdi. Va gohi iboratim qusurin tag‘yir bermak bila aybdin mubarro, va gohi maoniyimdin futurin isloh qilmoq bila nuqsondin muarro qilur erdi. Ba’zi baytimdin biror nomunosib lafzni chiqorib, bir dasta subha ichra bir durri shahvor tortqondek biror lafz kiyurur erdi va ba’zi g‘azalimdin biror nohanjor baytqa xat urub, bir buzug‘ dasht ichra bir qasri zarnigor yasag‘ondek, biror baytg‘a daxl berur erdi. Bu oshufta abyotimda ul lafz va bu parishon g‘azaliyotimda ul bayt

Xoro orasinda erdi gavhar yanglig‘, 
Yo kullar ichinda erdi axgar yanglig‘,
Yoxud tikan ichra guli ahmar yanglig‘,
Balkim tan aro ruhi musavvar yanglig‘. 

Chun bu baytlar ayvoni ul islohlar naqshu nigoridin rashk» nigorxonayi Chin va bu g‘azallar bo‘stoni ul ihtimomlar bahoridin g‘ayrati xuldi barin bo‘la boshladi; sohibnazarlar ko‘ziga mahbubroq va ahli dillar ko‘ngliga marg‘ubroq bo‘lub, hurmati g‘oyatdin va shuhrati nihoyatdin o‘tti, val-haq
Bo‘ldi, chu shoh surdi isloh etarga xoma, 
Har  bayti — shohbayte, har noma — shohnoma.

Men bu vayronani ul javohir naqdi maxzan qilg‘an hayratdin mutafakkir va bu koshonani ul mashoil nuri ravshan etgan fikratdin mutahayyir:

Ravshan qilib ul charog‘i tobanda meni, 
Mas’ud etib ul axtari farxanda meni, 
Har  nuktasi yuz  qatla qilib banda meni. 
Har shafqati bandaliqda sharmanda meni.

Mundoq holatda:

Nido etkurdi nogah munhiyi roz, 
Ki:— «Ey afsungaru afsonapardoz,

Balog‘at kishvarining nuktadoni, 
Fasohat mulkining sohibqironi,

Ravon xomang uchun aylab murattab, 
Atorud ko‘z qarosidin murakkab,

Maoniy xaylikim, mar’iy emas ul, 
Hamono qildi xomang javfidin yo‘l.

Ulus tab’ing sahobi yomg‘uridin 
Bo‘lub serob, bal nazming duridin

So‘zung bir avj uza chekti alamni, 
Ki surdung arsh lavhig‘a qalamni.

Agarchi axtaredur har so‘zung pok,
Ki evrulur aning boshig‘a aflok.

Valekin bu qadar bikri parison 

Banotun-na’shdek bo‘lmish parishon.

 Tilarbiz, bu parishon bo‘lsa majmu’, 
Ravon bo‘lkim, emastur uzr masmu’.

Chu oliy himmatimiz bo‘ldi moyil, 
Sen o‘ldung muncha nodir so‘zga qoyil.

Bu nav’ istaydur emdi royi oliy, 
Ki qilg‘ay fikrating devon xayoli.

Jahonda kimga bo‘lsa muncha farzand, 
Ki bo‘lg‘ay barcha ruhafzovu dilband.

Ravomudur bizing farrux zamonda 
Alarni darbadar qilmoq jahonda?!

Barin yig‘ emdi andog‘kim atolar, 
Suruk tiflin nechukkim kadxudolar.

Ki bor ul xayli sargardoni soda 
Sanga farzand, bizga xonazoda.

Alar bechoravu biz chorarasbiz,
Sen ar nomehribonsen, biz emasbiz.

Chu bilding hukm, bor ishtin ruju’ et, 
Ravon maqsud sori-o‘q shuru’ et.

Murattab qilmag‘uncha tinma bir dam, 
So‘z o‘ldi muxtasar, vallohu a’lam”.

Bu vojibul-ittibo’ amr vuqu’idin va bu yasihus-sukut hukm suduridin dud boshimg‘a oshti va o‘t dumog‘imga tutoshti, xomam tili lol va tilim xomasi shikastamaqol bo‘ldi. Ne shurgь qilurg‘a quvvat va ne uzr ayturg‘a qudrat; g‘oyati iztirob, balki iztirordin o‘z voqi’amg‘a sodiq va o‘z holimg‘a muvofiq tilim bu baytg‘a mutakallim va ko‘nglum bu navog‘a mutarannim erdikim:

Navoiy g‘amg‘a qoldi o‘z kalomi jonfizosidin, 
Aningdekkim, etar bulbulg‘a mehnat o‘z navosidin.
Ki nogah xirad piri nahib urdi va aql xabiri yuzumga yugurdi:

Ki:—«Falon, bu ne tiyrajonliqdur?

2-qism


Ma'lumot
2018, 31-Yanvarda yuklangan

131 marta ko'rildi

BADOYI UL-BIDOYA (1-tom)


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Devonlar Alisher Navoiy Devonlari Alisher Navoiy asarlari