Sahifa yuklanmoqda . . .


Aziztepa mish-mishlari

Qiyali qishlog‘ida duv-duv gap tarqaldi. Xotin-xalaj birlashib g‘iybatning uyasini kovlashadi. Biri: — Eshitdilaringmi, Aziz fermer bir haftadan beri yo‘q emish, — desa, boshqasi: — Xotinidan biror yerga qochib ketgandir-da, — deb xandon otardi. Ba’zilari achingannamo: — Mastura sho‘rlikka ham qiyin bo‘ldi, — derdi.

Aziz bolaligida ko‘p qiyinchilik ko‘rdi. Ota-onasidan erta etim qoldi. Aka-uka, opa-singlisi yo‘q. Ulg‘aygach amallab yer oldi-yu, fermerlik ishini boshlab yubordi. Masturaga qo‘ni-qo‘shnilarni sovchi qilib, otasidan rozilik oldi. To‘y unchalik dabdabali bo‘lmasa-da birovlarnikidan qolishmadi. Yillar o‘tib uch nafar farzandli bo‘lishdi.

Ularning eri qo‘shni qishloq bilan chegarada joylashgandi. U erga borish uchun qishloq qabristonini qoq o‘rtasidan kesib o‘tish kerak. U har kuni shunday qilardi. Qora kechgacha ishlab, tun pardasi er yuzini qoplaganda mozor oralab “kulbai vayrona”si tomon qaytardi.

Qiyalidagi qo‘yindixona ancha eski, qariyb bir asrdan beri u erda ins-jinslar yuradi degan gap tarqalgandi. Xolbuki, bunga hech kim unchalik e’tibor beravermasdi. Alhol, bundan uch-to‘rt yil ilgari qo‘shni qishloqlik bir mo‘ysafid shu yo‘ldan o‘tayotganda og‘zi-burni qiyshayib qolgan ekan. Hech vaqt o‘tmay qazo qildi. SHu-shu odamlar bu mozordan bir oz hayiqadigan bo‘ldi.

Lekin Aziz parvo qilmadi. — Odamlar vaysayverishadi-da, — dedi “tunda mozor oralamasdan ertaroq keling” degan xotiniga javoban.

O‘sha kuni tongda odatdagidek dalaga otlandi. Kun bo‘yi ishladi. Tush vaqti oyog‘i qabriston tomon tortaverdi. Ko‘ngliga g‘uluv tushdi. “Ota-onamning qabrini ziyorat qilib kelaman” dedi-da qabristonga yo‘l oldi. Qabrlar oralab borarkan ehtiyotkorona qabrtoshlardagi yozuvlarga ko‘z yugirtirdi.

Bahor fasli. Yerlarni yam-yashil maysalar qoplagan. Kunda-kun ora yomg‘ir yoqqanligi bois zamin yuzi anchayin mo‘rt, bo‘shashib turardi. Qimtinibgina yurib, o‘ziga kerakli qabrni topdi. O‘sha tomonga o‘tish ilinjida ro‘parasidagi do‘mpayib turgan erni bosmaslik uchun aylanib yurishni o‘ylagan yigit havoga ko‘tarilgan oyog‘ini erga tashladi hamki, bosim tushgan er chuqurlashib pastga quladi...

Mana erining yo‘qligiga o‘n kuncha bo‘lib qoldi. Mastura ich-etini eyaverib ado bo‘ldi. Bolalari har kuni dadasini so‘rab yig‘laydi. Ayniqsa kichkintoyi, “dadam, dadam”lab yurakni ezib yuboradi. Mastura qarindoshlari bilan erini uzoq izladi. Bu orada bir oydan oshiqroq vaqt o‘tib ketdi. Odamlar Azizni o‘ldiga chiqarib qo‘yishdi. Qo‘shni ayollar Masturaga: Eringiz u—bu joyga qochib ketgan, o‘lgan bo‘lsa murdasi topilardi, umidingizni uzavering, — dedi. Biroq, juvon kutishdan charchamadi. Ba’zan o‘ylab qolardi: Rostdan ketib qolgan bo‘lsa-chi! Yo‘q, bunga hech qanday asos yo‘q. Ehtimol kimdir qasd qilgandir! Miyasida milliard o‘y charx urardi.

YOz keldi. Hovlida bolalari bilan tushlik qilayotgan ayolning yuzlariga boqqanda g‘amdan paydo bo‘lgan ajinlar yaqqol ko‘zga tashlanardi. Ko‘k rangli mo‘jazgina dasturxonni oqlab turgan parvardadan olib o‘g‘liga uzatarkan, bolasining “Dadam” deya hayqirgan ovozidan cho‘chib ketdi. Qo‘llari qaltirab piyolani tashlab yubordi.

Farzandlarining yugirib qarshisiga chiqqaniga Aziz e’tibor ham bermadi. Soch-soqoli o‘sib ketgan, kiyimlari bir ahvol, qadam tashlashi g‘alati, ko‘zlari dahshatli narsalarga guvoh bo‘lganligi sezilib turardi. U to‘ppa-to‘g‘ri xotinining yoniga kelib o‘tirdi. Tanasidan kelayotgan allaqanday g‘alati hid kishining avzoyini o‘zgartirishga majbur etardi.

Kech tushdi. Qishloqdoshlar, xotining qarindoshlari uni ko‘rgani keldi. U miq etmadi. SHuncha payt qaerda bo‘ldi, nimalar qildi sirligicha qoldi. Haytovur, sukut saqlashidan kelganlar shunday deb tushundi.

Mehmonlar ketib rafiqasi o‘rin solib, chiroqni o‘chirdi. Ostonadan bir qadam tashlagan edi, Azizning baqirgan ovozi xonani larzaga keltirdi. Mastura chopib uyga kirdi. CHiroqni yoqdi. Eri uning bag‘riga otildi. Xotini uni boshidan silab, hali hammasi yaxshi bo‘lib ketishini qayta-qayta takrorladi. Aziz bir oz o‘ziga keldi. Xuddi hushi joyiga qaytganday xotiniga uzoq termilib dedi:

— Ketadigan vaqtim bo‘ldi.

— Qaerga?

— U yoqqa, — Aziz qo‘lining bosh barmog‘ini shiftga niqtadi. Mastura hech narsaga tushunmadi.

— Bu nima deganingiz, — har so‘zini hayratli e’tirof etdi juvon.

— Menga shuni buyurishgan, — ayanchli ovozda ta’kidladi Aziz.

— Kim buyurgan?

— Ular!

— Hazillashmang dadasi!

— Men bilan yur! Eri Masturaning qo‘lidan tutdi. Ostonadan chiqarkan rafiqasiga buyurdi:

— YOpinishga biror narsa ber!

— Nega yopinasiz, — yig‘lamsiradi ayol. — Kimdan bekinasiz? Aziz qisqagina hamda ma’yus ohangda:

— Oy nuridan, — dedi.

Ayol turmush o‘rtog‘ining aytganini muhayyo qildi. Tunda ikkovlon qishloqdan chiqib, qabriston tomon zalvorli qadam tashladi. Mozorga kelishdi. Aziz zavjasini nariroqda qoldirib o‘zi dastlab yiqilgan go‘r ustiga keldi. Ayolining yuragi yorilgudek, ko‘zlari kosasidan chiqib ketganday his qilish va sezish tuyg‘ularidan butkul mosuvo bo‘lgandi. Nigohlari bir nuqtaga tikilganidan yonginasiga kelgan nurni sezmadi. Nur vujudiga tekkandan keyingina tok urganday seskandi. Qaradi. Harchand razm solmasin g‘ayrioddiy yorug‘likning qanday shaklda ekanligini payqay olmadi. U Azizga boqdi. Aziz ham unga ancha paytgacha ko‘z tikib turdi. Qo‘llari bilan o‘zining erlari tomon qandaydir g‘alati ishoralar qildi. Allaqayerlarni ko‘rsatdi. Xotini tushunmadi. Aziz xuddi so‘zlashga so‘nggi imkoniyat berilganday dedi: — Meni unutmanglar!

Keyin ohistalik bilan tanasi yorug‘lashib, butun vujudini nur qopladi va asta-sekin yo‘qlikka singib ketdi.

Mastura qachon qanday hushidan ketganligini eslolmadi. Ko‘zlarini ochganda uyida ekanligini angladi xolos.

Tushga yaqin Qiyali qishlog‘ida yangi xabar tarqaldi: Azizning fermerlik yerida tunda tepalik paydo bo‘lganmish.

Yana duv-duv gap... Yana g‘iybat... Fursat o‘tib odamlar tepalikka “Aziztepa” deya nom berishdi.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 15-Aprelda yuklangan

59 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
aziztepa qishloq mozor bola yer fermer yorug'lik tepalik xotin nur
Muallif
Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Baxt bekati” nomli kitobi chop etilgan. Hozirda “Kitob dunyosi” gazetasida faoliyat yuritadi.

Batafsil


Yangi Hikoyalar Shavkat Odiljon Hikoyalari Shavkat Odiljon asarlari