Sahifa yuklanmoqda . . .


Armon haqida ballada

Bosib kela boshlar shom qorong‘usi,
Uylarda chiroqlar charaqlar sho‘x-sha’n.
Bu xona kechani kutib olgusi,
Xo‘mrayib, badqavoq bir nazar bilan.

Teleekranida olam aylanar,
Tubsiz ko‘zi bilan boqadi falak.
Kino ko‘rmoqlikka xona shaylanar,
Ammo derazaga boqar jonhalak.

Qahraton ayozning tosh og‘ushida,
Chirsillab sinadi bog‘larning beli.
Xona ajraladi aqlu hushidan,
Kimnidir chorlaydi: "Xabar ol kelib!".

Damlangan choyga u uzatmaydi qo‘l,
Ovqat sovib qolar, sindirilmas non.
Xonaning bag‘rida hamma narsa mo‘l,
Faqat hamma narsa beqadr, beshon.

Xona o‘rtanadi, yonar, uh tortar,
Boshini uradi devorlariga,
Uning dardlarini ulashsa, yetar
Dunyoning jamiki bemorlariga.

Bir mahal — uyquga olam cho‘kkanda,
Xonaning eshigi ochilar besas.
Ko‘chaga o‘zini tashlar bir sharpa,
Angrayib, beqaror turadi bir pas.

So‘ng uylar, bog‘lardan hatlab jo‘nar u —
Oyog‘i tagida sinmaydi muzlar.
Qorni kechib borar —qor momiq, parqu,
Ammo qor yuzida qolmaydi izlar.

U ketib boradi shiddatkor, tezkor,
Daryoyu tog‘lardan o‘tadi uchib.
Ko‘zidan yoshlari oqib shashqator,
Ikki qo‘li bilan ko‘ksini quchib.

Zulmatga termulib turar bezovta,
Olis bir shaharning chekka bir uyi.
Sharpa yetib kelar (shoshib, albatta!)
Va yalang boshini egadi quyi:

— Qaydasan, uzoqdan keldim sog‘inib,
Sog‘indim tanimda qolmadi darmon.
Men orzu-umidning g‘amgin yolqini,
Men — Armon! Ko‘yingda qovrilgan Armon!

Va uyning eshigi ochilar besas,
Bir sharpa chiqadi bulutdan suzib:
— Keldingmi men bilan olgani nafas,
Keldingmi yo‘llarning tanobin uzib?

Ular bir-biriga to‘ymay boqishar,
Bir-birin ko‘ksida berishadi jon.
Kulishar, xayollar ichra oqishar,
Ikki nochor vujud — ikkita Armon.

— Sovuq qotmadingmi?
— Yo‘q, yonib ketdim!
— Birov ko‘rib qolsa...
— Menga baribir!
— Taqdirga ming shukur, visolga yetdim!
— Aytdim-ku, men seni sevaman, axir!

Ular ajralgisi kelmaydi abad,
Ammo tong yorishib kelar muqarrar.
— Alvido! Bu tongda zarra yo‘q shafqat!
— Alvido!... Yana tun kelgunga qadar!...

Bir sharpa eshikka kirib yo‘qolar,
Bir sharpa ortiga qaytar mung‘ayib —
Gandiraklab, qaltirab, oriqlab qolar,
Deraza ichiga bo‘lguncha g‘oyib.

Shu kuni bir odam ishga boradi,
Hammaga tabassum qiladi shirin.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 18-Mayda yuklangan

62 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
erkak ayol orzu armon tabassum g'am xona tun
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari