Sahifa yuklanmoqda . . .


Anorbog' bolalari

Go‘dakligimda dadam hecham ishga bormasa, tongdan tungacha meni «ho‘ppa-ho‘ppa»lab yuqoriga otib ko‘nglimni xushlasa derdim. Oyim nega ishlarkin-a? Aqlimga sig‘dirolmasdim. Keyin bilsam bari men uchun ekan. Mening shodligim, kelajagimga zamin yaratish payida yurisharkan.

Hovlimiz ko‘zimga juda katta ko‘rinardi. Ko‘cha tomondan kiraverishda asfalt yotqizilgan uzun yo‘lka bo‘lib, doimo suv sepilgan, yaltirab, kishining ko‘zini olardi. Yoz oylarida undan ko‘tarilayotgan harorat butun hovlini qizitardi. Uyimizning o‘ng tomonida unchalik katta bo‘lmagan ochiq maydoncha, chap yonimizda mo‘‘jazgina mevazor, uning shundoqqina qarshisidan men «dengiz» deb nom bergan ariqcha oqib o‘tardi. Qo‘shni tengqurlar bilan yoz mobaynida oyog‘imizni suvga tiqib, ust-boshimizni shalobbo qilishdan nariga o‘tmasdik. Kimning uyida sevgan jonivori bo‘lsa hamisha o‘zi bilan olib yurardi. Zumradning mushugi, Ahmadning kabutari, Azizaning quyonchasi, mening esa kuchukcham hamroh bo‘lardi. Biz nafaqat bir-birimizni, hatto jonivorlarimizni ham juda yaxshi ko‘rardik. Ayniqsa, menga Azizaning quyonchasi yoqardi. U xuddi egasiga o‘xshab vazmingina, ma’yusgina boqib, menga beg‘uborgina termilardi. Ahmad kabutarlarini qafasdan bo‘shatsa osmon-u falakka parvoz qilar, biz bundan g‘ayritabiiy zavq tuyardik. Agar hushtak chalsang bormi...

Alhol, hushtak chalganimni oyim eshitgudek bo‘lsa, «Bas qil, hushtakni tunda sang‘iydigan o‘g‘rilar chaladi» deb koyirdi.

Ayni olma pishgan paytlar. Suv bo‘yida o‘tirarkanmiz, har birimiz (davramizda Zumrad yo‘q edi) qo‘limizdagi qip-qizil, katta-katta olmalarni o‘zaro maqtanib, karsillatib tishlardik. Quyonchali qizaloq ikkinchi olmasini bola qalbi bilan ko‘kni o‘ziniki qilib ulgurgan kabutarli bolakayga uzatdi. O‘shanda vujudimda g‘alati his tuygandim. Jahlim chiqqandi. O‘zimcha «Endi «quyoncha» bilan o‘ynamayman» deganman. Xuddi dasturxonga qo‘l cho‘zib onasidan dakki egan bolakay kabi qovoqlarim osildi. SHaxt bilan o‘rnimdan turib atayin ularning jig‘iga tegish uchun «dengiz»imga tosh ota boshladim. Qiziq-a! Ular hech nimani payqashmadi. Har tarafga tarvaqaylab o‘sgan daraxtlarning soyasida o‘tirib o‘zaro ko‘z urishtirardi. Bu esa, mening battar g‘ashimni keltirardi. Qiziq!.. Jahlim chiqqan sari ularni yana ham yaxshi ko‘rib ketardim.  O‘zimcha arazlardim-da, keyin yana inoqlashardik. Bu holat deyarli har kuni takrorlanardi. Kim-kimni xafa qilsa, darrov kechirim so‘rardi. Bizning bitta gapimiz bor edi. Urishib qoldikmi u tilga aytmasdan qolmasdik: “Kel, yarash-yarash qilamiz!” Keyin... ikki arazlashgan bolakaylar jimjiloq barmog‘ini o‘zaro qovushtirib yarashardi.

Sentyabrning oxirgi kunlari edi. Kishilarni o‘ziga ohanrabodek tortuvchi mayin shabada esadi. Elvizakka hamohang bo‘lib daraxtlar, maysalar chayqaladi. Nazarimda mumtoz musiqaga xirom aylab, raqsga tushishayotgandek.

Kunlarning birida dadam ishda navbatchi bo‘lib qolgan, oyim bilan uyda yolg‘izmiz. Bog‘imizda asosan anor daraxti o‘sardi. Hovuchni to‘ldiradigan, pishganidan, og‘irligidan shoxlariga osilib qolgan anorlar kishining zavqini keltirardi.

YArim tun... Qattiq taqillagan ovozdan uyg‘onib ketdim. O‘rnimdan turib hovlini ko‘zdan kechirdim. Jimjitlik. Kechaning osudaligini faqat hasharotlarning chug‘ur-chug‘uri buzardi. Bola bo‘lsam-da hovlida turgan ketmonni qo‘limga olib, uyimiz atrofini aylanib chiqdim. Hech zog‘ ko‘rinmadi. Kuchukvachcham esa nimanidir aytmoqchidek kiyimimdan tishlab tortqilaydi. Ko‘zim tushgan joylarning sukunat og‘ushida ekanligini ko‘rib, ko‘nglim xotirjam bo‘ldi. O‘rnimga kirib, ko‘rpaga burkandim.

Tong... Oyim turtkilab uyg‘otdi. Aytganini qilib, anorboqqa o‘tdim. Ko‘rgan manzaram hali-hanuz yodimdan chiqmaydi. Bog‘imizda birorta ham meva yo‘q edi. Tunda kimdir ship-shiydon qilib ketibdi. Gapning indallosini aytganda bog‘imizga o‘g‘ri tushgandi.

SHu kuni o‘g‘irlik naqadar yomon odat ekanligi shuurimga o‘rnashgan edi. Nafaqat men, balki tengdoshlarim ham qattiq xafa edi. Ahmad Zumraddan nimadir so‘radi. Zumrad bo‘lsa, «Yo‘q! Jim o‘tir, axir bog‘imizga o‘g‘ri tushibdi, bizning bog‘imizda, endi anorlarimiz yo‘q» dedi ters ohangda. U jim bo‘lib qoldi.

Biz endi anorlarimizni g‘arq pishib etilganini, ularni olib orzularimizni qayta-qayta takrorlashimiz uchun yana bir yil kutishimiz kerak edi. Bir necha kun, toki bog‘imizda yuz bergan o‘g‘irlik yodimizdan chiqmaguncha hech birimiz avvalgidek o‘ynay olmadik. Ilgarigidek kulmadik. Faqat, ma’yusgina bir-birimizga qarardik. Gohida esa to‘rtovlon bog‘ga o‘tib, anor daraxtlarini siypalardik. Barglarini yuzimizga bosardik. Ko‘zlarimizdan yosh sizayotgan bo‘lsa ham, bir-birimizga ko‘rsatmaslikka tirishib, oraliq masofamizni uzoq qilib yig‘lardik.

... Men har kuni bog‘ oralab eng katta, eng chiroyli va yaxshi pishgan anorlardan terib chiqardim. Keyin o‘yinqaroq do‘stlarimga taraqatardim. Oldiniga mevalarni ikkiga bo‘lib ichidagi donalarni po‘stlog‘idan ayirardik. Keyin... keyin sanashga tushardik. Kimniki ko‘p bo‘lsa, u o‘sha anor donalarichalik yoshga kiradi, shuncha puli bo‘ladi, osmondagi yulduzlarning o‘shanchasi uniki bo‘ladi... Lekin, endi rostdan ham bizning anorlarimiz yo‘q edi. Bizning xafaligimiz o‘shanda mevalarimizni o‘g‘irlashganidan emas, orzularimizning amalga oshmay qolishidan hadiksiragandan edi.

Dadamning sa’i-harakatlari bilan hammasi iziga tushdi. Bu narsa oddiygina o‘yinqaroq bolaga unchalik ta’sir qilmaydi deyishadi ayrim kishilar. Lekin biz butun oilamiz bilan ranjiganmiz.

* * *

Hayotimizda yangi bir davr boshlandi. Ulg‘aydik, o‘spirinlik yoshiga etdik. Hammamiz maktabning yuqori sinfida tahsil olardik. Zumrad, nainki Zumrad balki Aziza bilan ham yillar o‘tgan sari bolalikdagi do‘stligimiz o‘rtasida ko‘rinmas devor paydo bo‘lgandek tuyulardi menga. Urushmadik, sen-menga bormadik, ammo uchrashib qolsak salom-alikdan nariga o‘tolmasdik.

Ba’zan, olislarga bosh olib ketishni istardim. Oddiy narsalardan ham hayajonlanardim, to‘lqinlanardim. Do‘stlarimni ko‘rganda yuragim allanechuk hapqirib ketardi. Bu tuyg‘ularni na ularga ayta olardim va na o‘zim tushunardim. Bilganim, ularning har qaysisi bir-birini ko‘rganda mening holatimni his etgan. Zumrad menga, Ahmad Zumradga, Aziza Ahmadga, men esa... Unga oshufta edim. Lekin bu «mulk»ni hech birimiz o‘zaro baham ko‘rmadik. Avvallari nima topsak, ko‘nglimizda nima tuysak darrov bo‘lishardik, qizg‘anmasdik. Yillar... odamni qizg‘anchiq qilib qo‘yarkan.

U vaqtlarda uzoqdan Azizaga ko‘zim tushsa, u ham menga qarab turgan bo‘lar, sassiz gaplashib ko‘ngil yozishga tirishardig-u, uddasidan chiqolmay ikkimiz ham yo‘limizda davom etardik.

Kunlarimiz ana shunday zerikarli davom etardi. Bilasizmi, bolalikda odam g‘amsiz, tashvishsiz, o‘yinqaroqlik bilan kun o‘tganini ham sezmaskan. Ammo ulg‘ayib, do‘stlarimdan ajralib, o‘zimni yolg‘izlanib qolgandek his eta boshladim. To‘g‘ri, yangi do‘stlar, yangi tanishuvlar bo‘larkan. Lekin ularning hech biri bolalikdagi o‘rtoqlarimni, quyonchani, mushukchani, kabutarni o‘rnini bosolmas ekan.

Keyin... keyin barcha o‘z yo‘liga qayrilib ketdi. Men poytaxtda o‘qishda, Ahmad otasi bilan biznes ishida, Zumrad viloyat oliy o‘quv yurtida, faqat Azizaning hayotidan xabarim yo‘q.

Bolaligimizda to‘planishib kelajakda unday bo‘lamiz, bunday bo‘lamiz deb ko‘p gaplashardik. Ayniqsa, vatanparvarlik ruhidagi filmlarni ko‘rsak bir necha kunlab qahramonlari kabi yurib, ular singari gapirishga urinardik, taqlid qilardik.

Hayvonlarni juda-juda sevardim. Ayniqsa quyonchalarni. Men ulardan kuch olganman, shijoat, jasorat olganman. Hozir yagona bilmaganim bor. Mening «quyoncham» qaerda ekan? Buni bilishim uchun esa menga diydor kerak! Do‘stlarim diydori: Zumradning, Ahmadning...

Endi biz hech kimga taqlid qilmaymiz. Endi biz kinolarga ishonmaymiz. Endi biz ularning barini xayolot, odamlarning madaniy hordiq chiqarishi uchun qilinishini bilamiz. YAna shuni ham bilamizki, hozir qo‘shni bolakaylar bizga taqlid qilishadi. Biz kabi do‘stlashadi, o‘ynashadi va biz kabi gap-so‘zsiz ajralishadi. Keyin kimdir o‘z «quyoncha»sini sog‘inib yashayveradi.

Sog‘inam, sog‘inaman dadamning o‘sha «ho‘ppa»lashini, mehrini... yana... yana onamning allasini, anorbog‘ni, «dengiz»imni, kabutarimni, «mushukcha»ni va yana... Ular menga juda-juda sog‘inchli va qadrdon! Ular menga... Ular mening...

Azizlar, xullas, tushungandirsiz!..

 

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 15-Aprelda yuklangan

78 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
anor bog' bola dada oyi ish hovli bolalik maaydoncha mehr ona alla dengiz kabutar mushukcha
Muallif
Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Baxt bekati” nomli kitobi chop etilgan. Hozirda “Kitob dunyosi” gazetasida faoliyat yuritadi.

Batafsil


Yangi Hikoyalar Shavkat Odiljon Hikoyalari Shavkat Odiljon asarlari