Sahifa yuklanmoqda . . .

Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqat Hayoti va Ijodi

Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqat

753 marta ko'rildi


Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqat asarlari:

Barcha asarlari

Mustaqil muxammaslari

Yakpora g'azallari

Voqeaband g'azallari

Furqat (taxallusi; asl ismsharifi Zokirjon Mullo Holmuhammad oʻgʻli) (1859, Qoʻqon —1909, Yorkend) — taraqqiyparvar shoir, mutafakkir, publitsist. Mahallasidagi maktabda savod chiqargan, mudarris va kotiblardan xattotlik, arab tilini oʻrgangan. Madrasada oʻqigan (1873—76). Alisher Navoiy ijodini, fors adabiyoti namoyandalari merosini chuqur oʻrgangan, fors tilini mukammal oʻzlashtirgan. 1876 yilda Yangi Margʻilon (hozirgi Fargʻona) shahridagi savdogar togasining iltimosiga koʻra u yerga borib, savdo ishlarida unga yordamlashgan, keyinchalik oʻzi ham kichik doʻkon ochgan. Ayni paytda bilimdon ziyoli sifatida kishilarning arz va iltimoslarini rasmiy mahkamalarga arizalar shaklida bitib, mirzalik ham qilgan.

F. Yangi Margʻilonda ijodkor sifatida toʻla shakllandi, oʻz gʻazallariga "Furqat" taxallusini qoʻyib, shuhrat qozona boshladi. Bu yerda oʻtkazilgan yillar F.ning xalqchil dunyoqarashi, ilgʻor adabiyestetik tushunchalarining shakllanishida ham muhim bir bosqich boʻldi.

80-yillarning boshlarida F. Qoʻqonga qa^tib, oila quradi va, asosan, ijodiy ish bilan shugʻullanadi. Muqimiy va Muhyi yetakchi boʻlgan Zavqiy, Nodim, Nisbat, Muhayyir kabi ijodkorlar guruhi bilan bevosita muloqotda boʻladi, ular uyushtirib turadigan adabiy majlislar, sheʼriyat kechalarining faol ishtirokchisiga aylanadi.

F.ning Qoʻqondagi bu davr ijodi tur va mavzu, mazmun va shakl rangbarangligi jihatidan ham, sermahsulligi jihatidan ham diqqatga sazovor. U mumtoz sheʼriyat anʼanalari ruhida koʻplab ishqiy gʻazallar, muxammaslar yaratgan. Alisher Navoiy asarlariga goʻzal nazira va taxmislar bogʻlagan, uning sheʼrlarida ijtimoiy ruh va zamonaviylik tobora keng oʻrin egallay boshlagan (mas, "Boʻldi" radifli muxammasi va boshqa sheʼrlarida). F. xalqning siyosiy huquqsizligi va iqtisodiy nochor ahvolidan qaygʻirgan ("Ne jurm oʻttiki bizdin, bunchalik Fargʻona tang boʻldi?...")Qoʻqon xonligining uzilkesil tugatilib, batamom mustamlakaga aylantirilishi voqeasiga bogʻliq holda yaratilgan: "Demish xon bir kunikim, davru davronlar qayon qoldi?" misrasi bilan boshlanuvchi muxammasi ham F.ning shu davrdagi ijodi mahsulidir. Toju taxtdan, shaʼnu shavkat va aʼyonlardan maxrum boʻlgan Xudoyorxon nomidan bitilgan bu asar ham shoir ijodida zamonaviy ijtimoiy mavzu keng oʻrin egallaganinint isbotidir.

F.ning ijodiy merosida anʼanaviy sheʼriy turlar, oʻzbek mumtoz adabiyotidagi asosiy mavzular yetakchi urin egallaydi. Uning gʻazal va muxammaslari, bogʻlagan taxmislari uzining hayotiyligi, musiqiyligi, nihoyatda samimiyligi bilan oʻquvchini maftun etadi. F. sheʼrlarida onayurt tabiati va bahor goʻzalligi, joʻshqin sevgi-muhabbat va chin insoniy fazilatlar, hayot shodliklaridan quvonish va turmush tashvishlaridan shikoyat qilish, umuman, odam va olam, kishilarning maʼnaviy dunyosi, mehri va qahri yaqqol tasvirlangan. Mac, "Bahor ayyomida gulgasht etarga bir chaman boʻlsa", "Umr xush oʻtmas bahor ayyomi sahro boʻlmasa", "Surmadin koʻzlar qaro, qoʻllar xinodin lolarang", "Jannatning gullaridan gulzoringiz chiroylik", "Koʻngul dardigʻa topmay boraman hargiz davo istab", "Fasli navbahor oʻldi ketubon zimistonlar" kabi misralar bilan boshlanuvchi gʻazallari, "Etti falak", "Biri", "Istar koʻngul", "Doʻst", "Kokulung" radifli muxammaslari, Navoiy gʻazallariga taxmislari davr sheʼriyatining ham gʻoyaviy, ham badiiy jihatdan yetuk namunalari hisoblanadi.

F. sheʼriyatida mustamlaka tuzumining illatlarini qoralash, joriy adolatsizlik va zoʻravonlikdan, huquqsizlik va nochor hayotdan, nodonlarning zamonada eʼtibor topib, donolarning xorzor etilishidan norozilik esda qolarli badiiy boʻyoqlarda tasvirlangan.

"Charxk kajraftorning bir shevasidan dogʻmen:Ayshni nodon surub, kulfatni dono tortadur"kabi barkamol misralar shoir ijodidagi ijtimoiy yoʻnalishni aks ettiradi. "Bormasmiz" radifli sheʼrida esa oʻzbek milliy ruhiyati badiiy ifodalangan. Mashhur "Sayding qoʻyaber, sayyod..." musaddasida esa shoir shaxsning erkin yashash huquqini himoya qiladi, zulm va istibdodni qatʼiy qoralaydi.

F. xuddi shu yillarda "Xammomi xayol" risolasini yozadi. "Chor darvesh" hikoyatini forschadan tarjima qiladi. "Nuh manzar" nomli sheʼriy kitob yaratadi. "Bulardin boʻlak har xil gʻazaliyotim Fargʻona muzofotigʻa (yaʼni, yonatrof qishloqshaharlariga) va digar mamlakatlarga muntashir (mashhur) boʻldi", deb yozadi shoir. Xuddi shu yillarda F. ilk bor sheʼrlarini toʻplab, majmua holiga ham keltirgan. Afsuski, shoirning oʻzi qayd etgan risola, manzuma va tarjimalari kabi bu majmua ham shu kunga qadar topilgan emas.

F. taxminan 1886—87 yillarda Margʻilonga borib, u yerdagi Masjidi jome hujrasida istiqomat qilgan, yoru birodarlari koʻmagida kichik doʻkon ochgan boʻlsada, asosan, sheʼriyat bilan shugʻullangan, shaharning ziyolilari, jumladan, Xoʻjajon Rojiy, Muhammad Umar UlshdmyHavoiy, Mulla Toshboltu Royiq kabi ijodkorlar bilan tanishib, adabiy suhbatlar qurgan. F. ilk bor gaz. bilan tanishib, uning "Toshkent shahrida bosma boʻlgʻon"ligini shu yerda biladi. Yangilikka chanqoq, taraqqiyparvar shoirda ijtimoiy hayotda yuz bergan oʻzgarishlarga, sekinasta yoyila borayotgan fan va texnika namunalariga qiziqish uygʻonadi, yangiliklar bilan bevosita tanishish, oʻz koʻzi bilan koʻrish ishtiyoqi zoʻrayadi. 1889 yil boshlarida Toshkent safariga chiqadi, Xoʻjandda toʻxtab, Toshxoʻja Asiriy boshliq shoirlar, adabiyot muxlislari bilan uchrashadi, adabiy kechalarda ishtirok etadi. Nihoyat, 1889 yilning iyunida Toshkentga keladi. Toshkentdagi Koʻkaldosh madrasasi hujralaridan birida yashaydi. Koʻzga koʻringan olim, fozillar bilan tanishadi. Sharifxoʻja eshon tavsiyasi bilan maʼlum muddat "Farhat" (shodlik, xursandlik) taxallusida sheʼrlar yozadi, lekin koʻp oʻtmay, eski taxallusiga qaytadi.

F. Toshkentda rus ziyolilari, yevropacha hayot tarzi bilan tanishdi. Chor maʼmurlari shoirning teatr, gimnaziyaga, turli konsertlarga kiritishni uyushtirdilar, koʻrgazmalarga olib bordilar. Yangi tarixiy sharoit tufayli yuz bergan oʻzgarishlarni mushohada etish natijasida F. dunyoqarashida jiddiy oʻzgarish boʻladi va bu hol uning ijodida oʻz badiiy ifodasini topadi — maʼrifatparvarlik, yevropacha ilmmadaniyat, fantexnikaga xayrixohlik shoir sheʼrlarining yetakchi gʻoyasiga aylana boradi. Bu esa F.nint koʻp asrli oʻzbek adabiyotiga yangi mavzular, yangi gʻoyalar olib kirishiga zamin boʻldi. Toshkentda ochilgan erlar gimnaziyasi, maorif muassasalari, madaniyat va sanʼat oʻchoqlarini, tobora koʻproq kirib kelayotgan fantexnika yangiliklarini kuzatish oqibatida uning "Ilm xosiyati", "Gimnaziya", "Vistavka xususida", "Akt majlisi xususida", "Toshkent shaxrida boʻlgʻon nagʻma bazmi xususida", "Suvorov" va boshqa asarlari maydonga keldi va ularning barchasi 1890 yillarda "Turkiston viloyatining gazeti"da chop qilindi.

Bu turkum asarlarida F. yangilik va taraqqiyotning , ilmfan va yevropacha maorifmadaniyatning targʻibotchisi sifatida namoyon boʻladi; oʻz vatandoshlarini zamonaviy bilimlarni puxta egallashga va ilgʻor xalqlar qatoridan oʻrin olishga daʼvat etadi. Birok F. ayrim zamondoshlari singari rus istilochilik siyosatining asl mohiyatini birdaniga anglay olmadi. Rus, Yevropa madaniyatparvarligi orqasida mahalliy ruslashtirish siyosati pinhon ekanligini soʻngroq tushunib yetdi. Xuddi shu yillarda yaratilgan "Shoir ahvoli va sheʼr mubolagʻasi xususida" asarida F. ijodkor va badiiy adabiyot xususida ran ochib, sheʼriyatda realistik tasvir masalasini koʻtardi.

F. hakli ravishda oʻzbek publitsistikasining asoschilaridan biri xisoblanadi. F.ning publitsist sifatidagi faoliyati 1890 yildan boshlandi. "Turkiston viloyatining gazeti"ga rasman ishga kirdi, gaz.ni tayyorlashda bevosita katnashsi. Bir yildan koʻproq vaqt mobaynida Sattorxon kabi ilgʻor maʼrifatparvarlar bilan hamkorliqsa ishlab, gaz. saxifalarida oʻz maqolalarini eʼlon kildi. Mas, 1891 yil 1yarmida "Xoʻqandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti. Oʻzi yozgoni" publitsistik asarini yozib, shu gaz.da eʼlon kildi. 1891 yil mayda Samarqandga bordi, osoriatiqalar bilan tanishdi, gaz.ga xabarlar yoʻlladi, keyin Buxoroda boʻddi. Iyudda esa chet el sayohatiga chiqdi. Uning chet elga sayohati haqida turli taxminlar bor. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, u atayin keytib kelmaydigan qilib oʻz yurtidan chiqarib yuborilgan. Xullas, 1891 yilning iyulida Marv —Ashxobod—Boku—Batumi orqali Istanbulga bordi. Doʻstlariga yozgan maktublarida, voqealarni oldindan bilgandek, vatanidan bir umr ajralib qoladigan odamning kayfiyatini aks ettirdi. Mas, Istanbuddan yozgan "Sabogʻa xitob" sheʼriy maktubida Vatan ishtiyoqi, doʻstlar sogʻinchi, gʻurbat azoblari va yolgʻizlik motivlari birinchi oʻringa chiqqan.

F. Istanbuldan Bulgʻoriya va Yunonistonga oʻtdi. Bolqon yarim orolining qator shaharlarida boʻldi. 1892 yilning martida Istanbuldan Oʻrta dengiz orqali Arabistonga — Makka, Jidda, Madina shaharlariga bordi. Makkadagi haj ziyorati munosabati bilan "Hajnoma" asarini yaratdi. Soʻng Bombayga keldi, Hindistonning qator viloyatlariga sayohat qildi. Uning bu davrda yozgan nasriy va nazmiy maktublarida tushkunlik, onayurt sogʻinchi va iztiroblari aks etgan. "Adashganman" radifli hamda "Kashmirda", "Bulbul" deb nomlanuvchi lirik sheʼrlar turkumi shu jihatdan oʻziga xos hijronnomadir. 1893 yil martida F. Kashmir va Tibet orqali Sharqiy Turkistonga borib, Yorkendda turgʻun yashab qoldi. Oila qurdi. Tabiblikdan xabardor boʻlgan shoir dorivor oʻsimliklar bilan savdo qiluvchi doʻkon ochdi, ijodiy ish va xattotlik bilan shugʻullandi. F. doimo Vataniga qaytish umidi bilan yashadi. Avval boshlagan "Sayohatnoma" asari ustidagi ishni Yorkendda davom ettirdi. Lekin bu asar hanuz topilgani yoʻq. U yerdan Toshkentga tgublitsistik asarlar, turli mavzudagi xatmaqolalar, Fargʻona va Toshkentdagi yordoʻstlariga maktublar yoʻllab turgan. F. oʻzbek matbuoti tarixida felyeton janrini boshlab berdi ("Hind nayrangbozi Yorkendda", 1905).

Barkamol lirikasi, jozibali nasri va ggublitsistikasi bilan 19-asr oxiri va 20-asr boshlaridagi milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qushgan F. onavatanidan uzoqda vafot etdi. Uning jasadi Yorkendning Dongdor qabristoniga koʻmilgan. 1990 yil shoir qabri ustiga maqbara qurilgan.

F.ning sheʼrlari kitob holida dastlab 1913 yilda Muqimiy sheʼrlari bilan birga bayoz holida toshbosmada bosilgan edi, 50—80-yillarda koʻp bor nashr etildi. Shoir hayoti va ijodi haqida qator ilmiy asarlar yozildi, dissertatsiyalar yoqlandi, opera librettosi, kinossenariy va boshqa yaratildi. Oʻzbekistondagi bir qator qishloq, tuman, maktab, koʻcha va xiyobonlar, bogʻlar uning nomi bilan ataladi.

Tafakkur Tafakkur asarlari

Barcha taklif va mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga yuboshiringiz mumkin: xabar@tafakkur.net