Sahifa yuklanmoqda . . .
Kunlarimni yoshligimdan ayamadim,
Menda yoshlik nokaslikni hech ko‘rmadi.
Qiz sevganda, ho‘ngir-ho‘ngir qon yig‘ladim,
Go‘yo, qalbim amri - azmimni bir so‘rmadi.
Yoshligimning tarozusi beposangi,
Bir pallasi bahor toshi bilan og‘ir:
Sevinchim ko‘p... shodligim zo‘r... tilim biyron,
Qaysi umr shunday yoshlik ko‘rdi, axir?
Yuragimga achchiq-achchiq botar edi,
«Bog‘ ko‘chada» sharsharaning mungli kuyi...
Hayron bo‘lib, bolalikda o‘ylar edim,
Qaydadir deb bu oftobning yotar uyi?
Bolaligim gul bog‘larni ko‘rolmagan,
G‘arib bo‘lib, mungshib yurgan ko‘chalarda.
Yulduz sanab, yildan uzun kechalarda
Hisobiga sira, azal yetolmagan.
Ayamadim yoshligimdan kunlarimni,
Nokaslikni ravo ko‘rmay sevintirdim,
Chunki, unga yuragimda o‘lib qolgan
Bolaligim erkaligin tiriltirdim.
Yoshligimning sarguzashti benihoyat,
Bisoti ham tasodifga to‘lib bitgan...
Keyin bilsam, tasodiflar zarur ekan,
Hodisani yetaklarkan sababiyat.
Toshkent, 1934
(1912-1944) Qisqa umr ko'rgan bo'lishiga qaramay, o'zidan jahon adabiyotining eng yaxshi asarlari qatoridan o'rin olishga arzigulik asarlar yozib qoldirgan mashhur o'zbek shoiri va dramaturgi. Usmon Nosir nafaqat adabiyotni, balki dunyo tarixi, falsafasi, san’atini ham chanqoqlik bilan o‘zlashtirishga, buyuklarga ergashib ijod qilishga oshiqardi.Shu bois uning bitiklarida katta g‘oyalar, badiiy tafakkurning erkin parvozlari, fikrning o‘tkir yolqinlari yaqqol aks etardi.