Sahifa yuklanmoqda . . .


Yo'q qilish xizmati

 (hikoya)                

Tashrif buyuruvchini qabulxonadan ichkariga kiritmaslik kerak edi, zero janob Fergyuson kelganlarni oldindan kelishgan holda qabul qilar, o‘ta muhim ish bilan kelganlargina bundan mustasno edi. Fergyuson vaqtning qadriga yetadiganlar toifasidan edi.

Ammo janob Fergyusonning kotibasi miss Deyl yosh va ta’sirchan edi. Tashrif buyuruvchi yoshi ulug‘ bo‘lib, salobatli, qimmatbaho kostyum kiygan, qo‘lida hassa tutib olgan kishi edi. Miss Deyl uni muhim shaxslardan deb hisoblab, to‘g‘ri janob Fergyusonning xonasiga boshlab kirdi.

-Salom, ser,-dedi tashrif buyuruvchi, miss Deyl eshikni yopib chiqib ketishi bilan.-Mening ismim Esmond. Yo‘q qilish xizmatidanman.-U Fergyusonga tashrif qog‘ozini uzatdi.

-Tushunarli,-dedi Fergyuson, miss Deylning qilig‘idan jahli chiqqanini yashirmay.-Yo‘q qilish xizmati? Kechirasizu, menda yo‘q qiladigan narsaning o‘zi yo‘q.-U suhbatga yakun yasash uchun o‘rnidan turdi.

-Hech narsangiz yo‘qmi?

-Mutlaqo. Kelganingiz uchun tashakkur. Yo‘q qiladigan qog‘ozim yo‘q.

-U holda siz atrofingizdagi odamlar bilan yaxshi munosabatdasiz desak bo‘ladi, shundaymi?

-Nima? Buning sizga qanday aloqasi bor?

-Bilasizmi, janob Fergyuson, yo‘q qilish xizmati aynan shu ish bilan shug‘ullanadi. 

-Ustimdan kulmang,-dedi Fergyuson.

-Kulayotganim yo‘q,-javob qaytardi janob Esmond.

-Siz aytmoqchisizki,-dedi Fergyuson jilmaygancha,-odamlarni yo‘q qilasiz?

-Ha. Men hech qanday yozma dalil keltira olmayman: biz iloji boricha reklamadan qochamiz. Ammo ishontirib aytamanki, bizning firmamiz ishonchli.

Fergyuson tashrif buyuruvchidan ko‘zini uzmay qarab turardi. U eshitganiga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmayotgandi.

Bu albatta hazil. Ahmoqqa ham ayon.

Bu hazil bo‘lmasligi mumkin emas.

-Yo‘q qiladigan odamlaringizni nima qilasizlar?-so‘radi Fergyuson.

-Bu yog‘i bizning ishimiz,-dedi janob Esmond.-Muhimi, ular g‘oyib bo‘lishadi.

-Tushunarli, janob Esmond. Aslida menda qanday ishingiz bor edi?

-Aytdim-ku,-dedi Esmond.

-Bas qiling. Bu jiddiy gap emas. Agar sizni jiddiy gapiryapti deb o‘ylaganimda politsiyani chaqirgan bo‘lardim.

Janob Esmond uf tortgancha o‘rnidan turdi.

-U holda siz bizning xizmatimizga muhtoj emas ekansiz. Sizning do‘stlaringiz, qarindosh va qo‘shnilaringiz, xotiningiz bilan munosabatingiz yaxshi ekan.

-Xotinim bilan? Xotinim haqida nima bilasiz?

-Hech narsa, janob Fergyuson.

-Qo‘shnilarim bilan gaplashdingizmi? Mayda-chuyda janjallar hech narsani anglatmaydi.

-Men sizning oilangiz haqida hech qanday ma’lumotga ega emasman, janob Fergyuson,-dedi Esmond yana kresloga o‘tirarkan.

-Unda nimaga xotinim haqida eslatdingiz?

-Bizning hisob-kitoblarimizga qaraganda, asosiy daromadimiz er-xotinlar munosabatidan kelar ekan.

-Menda hammasi joyida. Xotinim bilan munosabatimiz a’lo darajada.

-Demak, sizga yo‘q qilish xizmatining keragi yo‘q ekan,-dedi janob Esmond hassasini qo‘ltig‘iga qistirib.

-Bir daqiqa,-Fergyuson qo‘lini orqasiga qilgancha xona bo‘ylab yura boshladi.-Bilasizmi, sizning gaplaringizga ishonmayman. Birortasiga ham. Ammo aytaylik, gapingiz rost. U holda agar men... istasam...

-Sizning og‘zaki roziligingiz kifoya,-dedi janob Esmond.

-To‘lov-chi?

-Ish bajarilganidan keyin.

-Menga farqi yo‘q,-shoshib dedi Fergyuson.-Men shunchaki qiziqyapman. Xotinim bilan munosabatimiz yaxshi. Turmush qurganimizga o‘n yetti yil bo‘ldi. To‘g‘ri, turmushda har xil janjallar bo‘lib turadi. 

Janob Esmond unga jimgina quloq solib o‘tirardi.

-Istasang-istamasang, murosa qilishga to‘g‘ri keladi,-dedi Fergyuson.-Men sevgi-muhabbat yoshidan o‘tganman, xotinimni yo‘q qilish maqsadim bo‘lgani...

-Sizni tushunaman,-so‘z qotdi janob Esmond.

-Mana, nima demoqchiman,-gapida davom etdi Fergyuson.-Ba’zida xotinim bilan yashagim kelmay qoladi. U shallaqi. Asabimni buzadi. Egovlaydi. Bundan xabardormisiz? 

-Yo‘q,-dedi janob Esmond.

-Bo‘lishi mumkin emas! Unda nega he yo‘q-be yo‘q oldimga keldingiz?

Janob Esmond yelkasini qisdi.

-Nima bo‘lgan taqdirda ham,-dedi Fergyuson,-hayotimni boshqatdan qurishni xohlaydigan yoshdan o‘tganman. Aytaylik, men uylanmaganman. Aytaylik, men miss Deyl bilan ishqiy aloqadaman. U holda yoqimli bo‘lardi.

-Gapingiz to‘g‘ri. Miss Deyl yoqimtoy qiz. Buni hech kim inkor etmaydi. 

Janob Esmond o‘rnidan turib, eshik tomon yo‘naldi.

-Siz bilan qanday bog‘lansam bo‘ladi?-beixtiyor so‘radi Fergyuson.

-Sizda tashrif qog‘ozim bor. Soat beshgacha qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Lekin bugun shu soatdan kech qolmasdan qaror qabul qilishingiz kerak. Vaqt-pul, biz ish jadvaliga qat’iy rioya qilamiz.

-Albatta,-dedi Fergyuson va jilmayib qo‘ydi.-Men sizning gaplaringizga ishonmayman. Sizlarning shartlaringizniyam bilmayman.

-Sizning moddiy holatingizda bizning shartlarimiz arzimas bo‘lib ko‘rinadi.

-Keyinchalik men siz bilan gaplashmaganimni, sizni hech qachon ko‘rmaganligimni aytishim mumkinmi?

-Albatta.

-Agar sizga qo‘ng‘iroq qilsam, albatta javob qaytarasizmi?

-Soat beshgacha. Yaxshi qoling, janob Fergyuson.

Esmond ketgach, Fergyuson qo‘llari qaltirayotganini sezdi. Suhbatdan u qattiq hayajonlangandi va u bugungi suhbatni miyasidan chiqarib yuborishga qaror qildi. 

Ammo bu oson emasdi. U ishga qanchalik jiddiy sho‘ng‘imasin, Esmondning har bitta so‘zi miyasida jaranglardi.

Qandaydir yo‘l bilan yo‘q qilish xizmati uning xotini haqida ma’lumotga ega bo‘lgan. Fergyuson esa xotinining qanday ekanligini tan oldi.

U yana ishga berildi. Ammo shu payt miss Deyl qog‘oz ko‘tarib kirib qoldi va Fergyuson beixtiyor uning nihoyatda go‘zalligini ichida tan oldi. 

-Yana biror topshirig‘ingiz bormi, janob Fergyuson?-so‘radi miss Deyl.

-Nima? Ha, hozircha yo‘q,-dedi Fergyuson. Qiz chiqib ketgach, u eshikka anchagacha qarab o‘tirdi. 

Endi ishlashdan ma’ni yo‘q edi. U uyga ketishga qaror qildi.

-Miss Deyl,-dedi u yelkasiga paltosini ilarkan,-meni chaqirib qolishdi... ish ko‘payib ketyapti. Biror kun kechki payt birga ishlasak rozimisiz?  

-Albatta, janob Fergyuson,-dedi qiz.

U ishxonasidan chiqdi.

Uyda xotini endigina kirlarni yuvib bo‘lgan ekan. Missis Fergyuson past bo‘yli, xunukkina ayol edi. U erini ko‘rib hayron bo‘ldi.

-Bugun erta qaytibsan,-dedi u.

-Ha, mumkinmasmi erta qaytish?-dedi Fergyuson bu gapidan o‘zi ham hayron bo‘lib.

-Albatta yo‘q...

-Nima, senga ishxonada o‘lib ketishim kerakmi?

-Yo‘g‘-e...

-Meni egovlama.

-Egovlamadim!-qichqirdi xotini.

-Men dam olaman,-dedi Fergyuson.

U zina bo‘ylab yuqoriga ko‘tarildi va telefon oldida to‘xtadi.  U soatga qaradi va chorak soat kam besh bo‘lganligini ko‘rdi.

Fergyuson u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. U Esmondning tashrif qog‘oziga tikildi va ko‘z oldida go‘zal miss Deylning chehrasi namoyon bo‘ldi.

U shoshib go‘shakni qo‘liga oldi.

-Yo‘q qilish xizmatimi? Fergyuson gapiryapti.

-Esmond eshitadi. Nima qarorga keldingiz, ser?

-Men...-Fergyuson go‘shakni mahkam qisdi. «Shunday qilishga haqqim bor», dedi u o‘ziga o‘zi.

Ular turmush qurishganiga o‘n yetti yil bo‘ldi. O‘n yetti yil! Ular hayotlaridagi nafaqat noxush damlarni, balki eng shirin damlarni ham birga o‘tkazishgan. Bu adolatdanmi?

-Nima qarorga keldingiz, janob Fergyuson?-qaytardi Esmond.

-Men... men... yo‘q! Menga sizlarning xizmatingiz kerakmas!-qichqirdi Fergyuson.

-Ishonchingiz komilmi, janob Fergyuson?

-Ha, ishonchim komil. Sizni panjara ortiga tiqish kerak. Xayr, ser!

U go‘shakni ildi va yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. U pastga shoshildi. 

Xotini u yomon ko‘radigan go‘sht qovurma tayyorlayotgandi. Lekin buning ahamiyati yo‘q. U mayda-chuyda noxushliklarga ko‘z yumishga tayyor edi.

Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. 

-Ha, kirxonadan bo‘lishsa kerak,-dedi missis Fergyuson salat tayyorlarkan.-Eshikka qarab qo‘yasanmi?

-Ha.-Fergyuson eshikni ochdi. Ostonada bir xil kiyingan ikki kishi katta qop ushlagancha turishardi.

-Kirxonadanmisizlar?-so‘radi Fergyuson.

-Yo‘q qilish xizmatidan,-dedi tashrif buyuruvchilardan biri.

-Lekin men...

Ular uni qo‘llarini qayirishdi va ustalik bilan qop ichiga solishdi. 

-Haqqingiz yo‘q!-chinqirdi Fergyuson.

Fergyusonni bog‘ yo‘lagi bo‘ylab sudrab ketishdi. Avtomashina eshigi ochildi va qopni mashina ichiga solishdi. 

-Hammasi joyidami?-u xotinining ovozini eshitdi.

-Ha, xonim. Ish jadvalimiz o‘zgardi. Oxirgi daqiqalarda sizning buyurtmangizni bajarishimiz aniq bo‘ldi.

-Xursandman,-ovozi eshitildi xotinining.-Bugun kunduzi firmangizda ishlaydigan janob French bilan suhbatlashgandim. Endi esa kechirasizlar. Ovqat tayyor, hozir mehmon kutyapman.

Avtomobil joyidan siljidi, Fergyuson qichqirishga urindi, ammo og‘zi bog‘langan qopdan ovozi chiqmadi.

U ko‘zidan yosh oqqancha o‘ziga savol berardi: «U qanaqa mehmonni kutyapti? Nimaga men hech narsani sezmadim?!»

 

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi Detektiv hikoyalar Robert Shekli Detektiv hikoyalari Robert Shekli asarlari