Sahifa yuklanmoqda . . .


Xuan Goytisolo mavzuida

— Nega shoir bo’lding? – deyman men, —
Nega yalpiz tushimga kirdi?
…Qo’shnim o’g’li, mening tengdoshim
Mirshablikka o’qishga kirdi…

— Nega shoir bo’ldim? – deyman, oh…
Cho’ntak quruq, kelajak – jumboq.
Mirshab qo’shnim yangi uy soldi,
Sotib oldi qishloqdan chorbog’.

Nega shoir bo’ldim-a, deyman,
Qog’ozlarni ko’mib yoshimga.
O’zimni zo’r shoir sanardim,
She’r yozolsam qo’shnim boshiga.

Faqat boshi juda qattiq-da,
Ikki qo’li ikki miltiqday.
Men bir kuni o’lishim tayin
Shu miltiqdan otilgan o’qdan…

1982

* * *

Bog’larni ko’r zulmat
Quchgan pallada
Bir o’zim turardim
Cheksiz dalada.

Mening ko’zlarimga
Boqardi mahzun
Olis-olislardan
Oqib kelgan tun.

Tog’larning qizargan
Yelkasi uzra
Bulutdek ko’pchirdi
Bir vahshiy uzlat.

Shu uzlat qo’ynida
Bir Yulduz porlar,
U mening dilimni
Yoniga chorlar.

Men unga indamay,
Kulib turardim,
U qayg’um ekanin
Bilib turardim…

1983


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

315 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari