Sahifa yuklanmoqda . . .

Ubaydulla Zavqiy Hayoti va Ijodi

Ubaydulla Zavqiy

shoir
hajvchi
ijodkor

1852 yili Qo'qon shahrida tavallud topgan

642 marta ko'rildi


Ubaydulla Zavqiy asarlari:

Barcha asarlari

Mustaqil muxammaslari

Yakpora g'azallari

Voqeaband g'azallari

Ubaydulla Zavqiy

(1853-1921)

Ubaydulla Solih o‘g‘li Zavqiy 1853-yilda Qo‘qon shahrining Shayxon dahasida mayda hunarmand oilasida dunyoga keldi. Otasi mahsido‘zlik bilan shug‘ullanar, oila moddiy qiyinchilikda hayot kechirardi. Lekin qobiliyatli Ubaydullani ma’rifatli qilib tarbiyalashga intilgan usta Solih o‘g‘lini avval maktabga o‘qishga beradi. So‘ngbo‘lajak shoir 1870-1871-yillarda Qo‘qondagi «Madrasayi oliy» va «Madrasayi chalpaklarda tahsil ko‘radi. Turmush sharoitining og‘irligi tufayli madrasani tark etishga majbur bo‘lgan Ubaydulla ota kasbi kosibchilik bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘or tebratadi. Lekin u sharq she’riyatining o‘zbek va fors tilidagi eng nodir namunalarini tinimsiz o‘qib boradi. Badiiy ijodga qiziqish yosh shoirni Muqimiy, Furqat, Nusrat, Muhayyirlar bilan uchrashtiradi. Va ular ta’sirida Ubaydulla ham Zavqiy taxallusi bilan she’riy mashqlar qiladi.

Kosiblar orasida e’tibori balandligi hamda ishchanligini payqagan Qo‘qon shahri poyafzal rastasining xo‘jayini Mo‘minboy Zavqiyni mirzolikka taklif qiladi. Bir necha yil Mo‘minboy xizmatida bo‘lgan Zavqiy ish yuzasidan Samarqand, Buxoro, Marg‘ilon, O‘sh, Andijon, Namangan, Xo‘jand, Toshkent kabi shaharlarga boradi. Savdo sirlari bilan birga, u xalq hayoti bilan tanishadi. Xo‘jayini Mo‘minboy va uning ukalarini tanqid qiluvchi hajviy she’rlari tufayli ishidan ajralgan shoir faqat she’r yozish bilan mashg‘ul bo‘ladi. 90-yillarda Zavqiyning otasi, ikki ukasi vafot etadi. Umr yo‘ldoshi Tojibibining ko‘zlari ko‘rmay qoladi. Ketma-ket zarbalardan bir oz bo‘lsa-da, chalg‘ish maqsadida shoir Muqimiyga hamrohlik qilib, vodiy qishloqlarini aylanadi. 1900-yilda Zavqiy tog‘asi Muhammad Siddiq bilan haj safariga otlanadi va uch yil shu muqaddas farzni ado etadi. U 1903-yil kuzlarida Qo‘qonga kirib kelganda, maslakdoshi Muqimiy dunyodan o‘tgan, Furqat esa chet elga ketgan edi.

Ma’rifatchilik adabiyotining vakili sifatida mazlumlarni himoya
qilish va adolatni tiklashga o‘zini javobgar hisoblagan shoir hajdan
qaytgach ham zamon zo‘rlariga haq gapni aytishdan qaytmaydi.
Zavqiy 1905-yilning avji yozida savdo bilan shug‘ullanib o‘zgalarning haqiga xiyonat qiladigan qirq olti nafar baloxo‘rni fosh etib bitilgan «Hajvi ahli rasta» she’rini maxsus qog‘ozga katta harflar bilan yozib, Mo‘ymarak ataluvchi saylgohning eng gavjum joyidagi terakka ilib qo‘yadi. She’rda haromdan hazar qilmaydigan savdogar, boy va sudxo‘rlar ochiqchasiga o‘rinli tanqid qilingan va mahorat bilan kulgiga olingan edi. Zavqiy tomonidan butun Farg‘ona vodiysiga sharmanda qilingan bu shaxslar albatta, jimgina qarab turishmadi. Ular shahar hokimiga ariza berib, shoirning ustidan ish qo‘zg‘atishga erishdilar. Uzoq davom etgan tergovlardan so‘ng Zavqiy yuz so‘m jarima to‘lab, qamoqdan qutulib qoladi.

Shundan keyin ham Zavqiy juda ko‘p qarshiliklarga, tazyiqlarga uchradi, azob-uqubatlar ko‘radi. 1921-yilning may oyida Zavqiy vafot etadi. Zavqiydan juda boy she’riy asarlar meros qoldi. Uning lirikasi qanchalik mashhur bo‘lsa, hajviy asarlari ham adabiyotimiz taraqqiyotida shunday o‘rin tutadi.

Lirikasi

Zavqiy lirikasi turfa yo‘nalishga ega. Ularda muhabbat iztiroblari, oliy jamolga intilish, zamon g‘addorliklaridan yozg‘irish singan xilma-xil taronalar ifoda etilgan. Shoirning «Jahonda kamsuxan kim bo‘ldi, asrori nihon bo‘ldi»tarzida boshlanadigan g‘azali yakpora g‘azallar sirasiga kirib, ezgu sifatlarning kishi shaxsiyatidagi o‘rni kuylangan. Unda kamso‘zlikning afzalligi-yu, sergaplikning zarari g‘oyat ta’sirchan timsollar orqali ifodalab berilgan. Shoir oddiy nasihatga o‘xshab ketishi aniq bo‘lgan fikrni juda dilbar she’riy libosga o‘rab, turli badiiy vositalar yordamida ta’sirli va yuqumli tarzda beradiki, u oddiy didaktikadan ko‘rkam she’r darajasiga ko‘tariladi. G‘azalda hayotiy holatlarni o‘rinli hamda nozik kuzatganligi va o‘ziga xos ifodalaganligi uning ta’sirchanligini oshirgan:

Nazokat ortturay desang, misoli g‘uncha xomush bo‘l,

Nadinkim og‘zini to ochdi gul, bargi xazon bo‘ldi.

Shoir hayotga amaliyotchining ko‘zi bilan qaray oladi, ayni vaqtda, hayotiy reallikdan shoirona xulosa chiqara biladi ham. Shu bois faqat suratga e’tibor qaratib, mohiyatni, odamlikni, odamiylikni unutib qo‘ymaslik kerakligini, inson o‘zini ezguliklar bilan ziynatlashi lozimligini, aks holda, kishi hayot tomonidan sharmanda qilinishi mumkinligini ta’sirli badiiy vosita orqali ta’kidlaydi:

Chamanda arg‘uvondek suratoro bo‘lmag‘ing xub yo‘q,

Pisharda mevasiz sharmandadur. sirri avon bo‘ldi.

Zavqiy g‘azalida kishining o‘z qadrini bilishi lozimligi, odamlar joniga tegmaydigan fazilat egasi bo‘lishi kerakligini chiroyli tarzda ifoda etadi. Odam nimagadir erishmoqchi bo‘lsa, o‘sha niyatiga mos yo‘l tutishi zarurligi quyidagi misralarda hikmatomuz tarzda aks ettiriladi:

Agar izzattalabsan, kamnamolig‘ orzusin qil,

Qay-u ajnos bisyor o‘lsa, sudi yo‘q, ziyon bo‘ldi.

Chindan ham nimaiki ko‘payib ketsa, qadrsiz bo‘ladi, nimaiki kamyob bo‘lsa, qadri ko‘tariladi. Shuningdek, sadaf og‘iz ochgani uchun ichidagi marvaridlardan ajralib qolishi-yu, ayrimlari lab qimtigani bois uning ichida qimmatbaho dur paydo bo‘lishi singari jihatlar juda nozik tasvirlangan. Demak, so‘zining qadr topishini istagan kishi imkon qadar kam gapirishi kerak. G‘azalning ibratli, o‘quvchi diqqatini tortadigan yana bir jihati uning maqta»sida yaqqol namoyon bo‘ladi. Shoir tamomila shaxsiy yo‘nalishdagi qarashlardan salmoqli ijtimoiy-hayotiy xulosalar chiqarishga o‘tadi, ya’ni og‘izni yumib, ko‘zni kattaroq ochish lozimligini ta’kidlaydi. Negaki, odamlar g‘alati, hayot mutlaqo kutilmagan ibratlarga boy. Shoir g‘azalda aytayotganlarining teskarisi foydali bo‘lib chiqishi ham mumkinligini taxmin qiladi:

Ey Zavqiy, xasta og‘zing kam ochib, ibrat ko‘zing ochg‘il, Ajabkim, qo‘l yaqoda yurgudek turfa zamon bo‘ldi.

Shoirning bir qadar hajviy yo‘nalishda bitilgan ,Ahli dil bo‘lma, zamonning boyi bo‘l, bazzozi bo‘l!» satri bilan boshlanadigan g‘azalida shaxsiy tuyg‘u va kechinmalar ifodasidan ko‘ra, zamonga berilgan tavsif ustunlik qiladi. Unda shoir odamlarning komillikdan yiroqlashib, nafsga berilib, ko‘ngil kishilarini tanimaydigan va anglamaydigan bo‘lib borayotganidan ozorlanganini aks ettiradi. Asl niyat asar matla’»sidayoq bayon etiladi:

Ahli dil bo‘lma, zamonning boyi bo‘l, bazzozi bo‘l!

Aqchadin langar cho‘p ushlab, rastaning dorbozi bo‘l!

G‘azalning ikkinchi baytida tuyg‘ular quruqshagan, odamlar bir-biriga manfaat yuzasidangina yaqinlashadigan zamonda hech kim she’r so‘ramasligi va eshitmasligi, kishilar bir-biriga ezgulik tilamasligi, ko‘ngil izlamasligi, odamlarga haqiqatning ovozidan ko‘ra oltin-kumush jarangi yoqimli tuyulishi tasvirlangan. Shu bois, dilning ifodachisi bo‘lishdan ko‘ra oltin-kumushlining xizmatida bo‘lish foydaliroq:

She’r eshitmaydi birov, davron qulog‘i kar anga,

Bir hovuch oltin, kumushning xushjarang ovozi bo‘l.

Bunday davrda otilgan so‘z o‘qi nishonga tegishi mumkin emas, chunki ko‘ngillarni zang bosgan edi. Bunday sharoitda rost gapirib, obro‘ topish mumkin emasdi. Shuning uchun ham chin so‘zni aytib biror muddaoga erishishni orzu qilmaslik kerak. Shoir buni g‘azalda kuyinish bilan ifoda etgan:

Tegmagay hargiz nishonga otgan o‘q yuz hajv ila,

Xoh zamonning shoiri bo‘l, xoh tiyrandozi (Tiyrandoz-o‘qchi, mergan.) bo‘l.

G‘azalning tugallanmasida muallifning tushkun ruhi aks etadi. Negaki, bu zamonda uning dardini tinglaydigan, ko‘nglini oladigan, noroziligi sababini so‘raydigan kimsa yo‘qligi shoirda umidsizlik paydo qiladi:

Istamas bo‘lsa zamona Zavqiy yozgan she’rini,

Kim eshitsin arzini xoh rozi, xoh norozi bo‘l.

Shoir odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibatning ko‘tarilishi oqibatida chin-u yolg‘on, haq-u nohaq bir xil qimmatga ega bo‘lganidan noroziligini shu yo‘sinda aks ettiradi.

 

Shoir muxammaslari

Zavqiyning lirik ijodida «Qilding» radifli muxammasi alohida o‘rin tutadi. Muxammas ko‘ngli muhabbat tuyg‘usi bilan to‘lgan ishq ahlining alamangiz dil izhori sifatida yozilgan. Olti band, o‘ttiz misradan iborat kattagina she’rda shoir tuyg‘ulari va kechinmalari ifodasini aslo susaytirmay, bir xil taranglikda ifodalay bilgani uchun ham bu asar hanuzgacha eskirgani yo‘q. Unda sho‘x va berahm ma’shuqaning erkaliklari, zararsizday ko‘ringan qiliqlari tufayli oshiq tortayotgan ozorlarning ko‘lami juda ham dardchil tarzda ifoda etilgan. Umidvor oshiqning boshlang‘ich holati birinchi bandda:

Yuzingni ko‘rsatib avval o‘zungga bandalar qilding,

Yana ko‘nglum olib, yuz noz birla xandalar qilding,

Jamoling partavin (Partav-nur, shu’la, yorug‘lik.) solib, ajoyib jilvalar qilding,

Masihdek bir boqishda murda jismim zindalar qilding,

«Senga men to qiyomat oshno», deb va’dalar qilding.

tarzida ifodalanadi. Lekin muxammasning ikkinchi bandidayoq ishonch shubhaga, umid zorlanishga aylanadi. Negaki, oshiqni umidlantirgan ma’shuqa bergan va’dalarni unutib, o‘zini tamomila boshqacha tutadi:

Qani, menga vafoyi ahd qilg‘oning, guli g‘uncha,

Qani, bulbulsifat oldingda turgonim ochilg‘uncha,

Qani, bizlarg‘a hamsuhbat raqiblardek tong otquncha,

Sani dardi firoqing aytib-aytib yig‘lay o‘lguncha,

Na deb ey mehri yo‘q, men xasta qulg‘a g‘amzalar qilding.

Uchinchi bandda oshiq o‘z holatining izohini beradi. Ma’shuqa unga:

...Deb erding: kecha-kunduz men seni yoring bo‘lurman deb, Tikandek suhbatingda bir guli noring bo‘lurman deb,

Jafoni senga oz aylab, vafodoring bo‘lurman deb,

Umidim ko‘p edi, yolg‘iz xaridoring bo‘lurman deb

va’dalar qilgan. Lekin va’daga vafo qilish o‘rniga uni «bulhavas», ya’ni har narsaga ishqi tushaveradigan betayin deb gap ham chiqargan. To‘rtinchi bandda yorning jafolaridan ko‘zi bir qadar ochilgan oshiq holati, o‘zicha chiqara boshlagan xulosalari tasviri beriladi. U o‘zining adashganidan o‘kinadi:

Manga mardumlar aydi: berma ko‘ngul bevafo yora,

...Netay, ey bemuruvvat, oxiri sharmandalar qilding.

Muxammasning beshinchi bandi oshiq holati ifodasining avj nuqtasi ekanligi bilan ajralib turadi. Uning iztiroblari chegara bilmaydi, zorlanishlari olamni buzguday darajaga ko‘tariladi. Chunki abgor oshiqning dardini kimga aytishni bilmay o‘rtanishi, jilvagar va kuydirmajon ma’shuqadan marhamat kutishi, uni insofga chaqirmoqchi bo‘lib, behuda urinishi mazkur bandda mahorat bilan aks ettirilgan. Yigitning nolasi beg‘ubor ko‘ngil ifodasi kabi yangraydi:

Kima aytib, kima yig‘lay bu zolim yor jafosini,

Haqiqat qilmasa ma’shuq degan oshiq xatosini,

Hamisha furqatin tortsam, raqib ko‘rsa vafosini,

Qay-u Laylisifat mundoq qilur Majnun gadosini,

Yuzingni bir ko‘ray desam, qo‘lingni pardalar qilding.

Band so‘ngidagi misra oshiq ahvolining nechog‘lik g‘aribligini ko‘rsatishi jihatidan ham, ma’shuqaning qanchalar ustomon ya makkorligini ifodalashi jihatidan ham xarakterlidir. Bir zamon yuzini ko‘rsatib, oshiqni o‘ziga rom etgan qiz endi qo‘lini pardalar qilib, uni kuydirmoqda. Ha, ma’shuqa atay qo‘lini pardalar qiladi. U oshiq bilan aloqani uzmoqchi ham, uni o‘ziga yaqinlashtirmoqchi ham emas.

Muxammasda umidning yashovchan bo‘lishi, uning so‘nggi damgacha ham turishi aks etgan. Shuning uchun ham oshiq muxammasning so‘nggi bandida shunchalik kuydirgan bo‘lsa-da, ma’shuqadan ko‘ngil uzolmay:

Yuragim raxna bo‘ldi, bas qil istig‘noni, jononim,

Arazingni qo‘yub, lutf aylasang hech yo‘qdir armonim, -

deya tavallo qiladi. Ushbu muxammas Zavqiyning muhabbat lirikasida alohida salmoq kasb etadigan badiiy barkamol asardir.

Zavqiy tili achchiq, mo‘ljali aniq hajvchi shoir edi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, ma’rifatchilik adabiyotining deyarli barcha vakillari hajvchilik bilan shug‘ullanishgan. Chunki xalqning tirikchiligiga aralashgan, uni bir qadar yaxshilamoqchi bo‘lgan odam badiiy tanqidga, kuydiruvchi tasvirga qo‘l urmasligi mumkin emasdi. Tabiatan haqgo‘y va murosasiz Zavqiy ko‘plab hajviy asarlar yaratgan. Qizig‘i shundaki, shoir hajviyalari ko‘pincha muxammas janrida yaratilgan. «Zamona kimniki» she’ri Zavqiyning ana shunday muxammaslaridan biridir. Shoir o‘zi yashayotgan davr tartibotlarini taftish qiladi. Uni sog‘lom aql tarozisi bilan tortmoqchi bo‘ladi. Shoir hayot ma’niliroq bo‘lishi, adolat qaror topishi uchun bilimli, insofli, to‘g‘ri so‘z, imonli kishilar zamon egalari bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Lekin she’rda uning o‘ylaganlarining aks bo‘layotgani ifoda etiladi:

Shahr-u qishloq demangizkim, fisq ila to‘ldi jahon,

Ahli dunyo qoshida yolg‘onchilardur nuktadon,

Yo‘q rivoj kasb-u hunarga, sovrilibdur xonumon,

Xoh kosib, xoh dehqon qayg‘a borsa bag‘ri qon,

Holo (Holo-hozir, shu payt.) har yerda suxan sharmanda-yu rasvoniki.

Shoir jamiyat chinakam ulug‘larni oyoqosti qilib, pastkash-u olchoq kimsalarga e’tibor qilayotganidan, ilm-u amal o‘rnini siym-u zar va zo‘r egallayotganidan kuyinadi. Zavqiy zamon haq va xalqni sevguchi, ularga xizmat qilguvchilarniki emas, balki uni talaguvchilarniki ekanidan o‘rtanadi. U o‘z xulosalarini juda ta’sirli yo‘sinda, esda qoladigan qilib bayon etadi: “Davr-u davron hama joyda hokim-u mirzoniki». Shunisi e’tiborliki, shoir zamona zo‘rlariga qarshi chiqishdan cho‘chimaydi. Balki ularga qarshi ekanidan, muxolifatda turganidan, hunarmandligidan g‘ururlanganday bo‘ladi. Bu hol muxammasning so‘nggi bandidan olingan quyidagi baytda ochiq ko‘rinadi:

So‘rsalarkim, bu muxammasni kim aydi, deb agar,

Zavqiy degan bir yamoqchi mahsido‘z ustoniki.

Shoir muxammasda an’anaviy timsollarga yangi ma’no yuklay bilgani uchun ham ta’sirchan she’r yarata olgan.

Zavqiy hajviyotida «Muncha ko‘p» deb nomlangan muxammas ham alohida ahamiyatga ega. Insonparvar shoir, avvalo, insoniylikni qadrlaydigan ma’rifatli ziyoli sifatida Zavqiy hamisha inson qadrini ulug‘lashga intiladi. Odamning xor bo‘layotgani, inson qadrining toptalayotgani uni qattiq g‘amga botiradi. Bu hol ushbu hajviyada o‘zining haqqoniy ifodasini topadi:

Derlar birov ulug‘, birning past taqdiri,

Biri to‘q-u biri och, balolarning sobiri,

Inson sharafli nomida emasmi har biri,

Yoxud ona tug‘g‘anida bo‘lganmidi bir siri,

Yolg‘on e’tiqod ila bid’at shior muncha ko‘p?

Shoir dunyo tartiblari haqida teran o‘yga tolgan mutafakkir kabi fikr yuritadi. Axir odam teng yaratilgan edi-ku? Ijtimoiy tengsizlik shaxsni xor qilar ekan, Zavqiyning qayta-qayta:

Inson sharafli nomida xor muncha ko‘p?

Inson sharafli nomida emasmi har biri?

Inson sharafila qadrsizdir, ...

deya iztirob chekishiga asos bor. Shoir odam, uning hayotdagi o‘rni haqidagi o‘ylarini bu muxammasda to‘la ifoda etadi. U bechoralarga e’tiborsizlik, ojizlarni xo‘rlash insonning o‘zini tubanlashtirishini aytadi.

Zavqiyning ijtimoiy tartibotlarni isloh qilish borasidagi qarashlari uning «Ajab ermas» nomli muxammasida yaqqol namoyon bo‘ladi. U ma’rifatchi shoir, kelajakka umid bilan qarovchi musulmon, jamiyat tartiblarini isloh qilish lozimligini bilgan ziyoli sifatida yaxshi kunlar kelishiga, zulm-u adovat yo‘qolishiga ishonadi. Bu hol muxammasning birinchi bandida shunday ifoda etiladi:

Bu kunlar boshimizda bir sahob (Sahob-bulut.) o‘lsa ajab ermas, Munavvar zimnida bir oftob o‘lsa ajab ermas,

Bu davlat suv yuzinda bir hubob (Hubob-ko‘prik.) o‘lsa ajab ermas,

Ko‘rinsa surati asli niqob o‘lsa ajab ermas,

Ochilsa pardalar yuzdin hijob (Hijob-parda.) o‘lsa ajab ermas.

Turkiston ahli zulm ostida ingrayotgan, xalq turmush azoblaridan ezilib yotgan bir paytda kelajakda yaxshi kunlar kelishiga, adolatsizlikning bartaraf bo‘lishiga bu qadar ishonch bilan qarash uchun kishida ulkan imon bo‘lishi kerak. Zavqiy shunday imon egasi edi. Shuning uchun ham muxammasning yakunlovchi bandida ruhiy ko‘tarinkilik, kelajakka ishonch yanada avjlanadi:

O‘tib bir qarn (Qarn-30 yil.), aqronim(Aqron-zamondosh, tengdosh.), jahon obod ko‘rgaysiz,

Jahon ahlini zolim haddidin ozod ko‘rgaysiz,

Giriftori alam ermas, hamani shod ko‘rgaysiz,

Burungi o‘tgan-u ketgan ko‘ngulda yod ko‘rgaysiz,

Qarigan chog‘da Zavqiy bir shabob(Shabob-yoshlik, yigitlik.) o‘lsa ajab ermas.

Shoir muxammasda mumtoz she’riyatimizdagi badiiy san’atlardan ustalik bilan foydalanadi. Ayniqsa, o‘zagi bir so‘zga o‘xshab ketadigan, ammo turli ma’nolarni ifodalaydigan «qarn» va «aqron» so‘zlarining yonma-yon kelishidan go‘zal badiiy vaziyat vujudga keltirgan. «Sahob», «oftob», «hubob». «niqob», «hijob» singari an’anaviy timsollarga zulmning o‘tkinchiligini aks ettiradigan yangi ma’no yuklab, she’rga yorug‘ bir badiiy nur kiritishga erishadi. Muxammas jangovar ruhi, ertangi kunga ishonchni ifodalashi bilan nafaqat Zavqiy ijodida, balki butun ma’rifatchilik adabiyotida o‘ziga xos estetik hodisa bo‘lgan.

 

 

Tafakkur Tafakkur asarlari

Barcha taklif va mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga yuboshiringiz mumkin: