Sahifa yuklanmoqda . . .


Tushlik tanaffus

Sokingina yashar edi u, 
Na shodligi ayon, na dardi,
Tongda to'gri ishga borar u, 
Oqshom to'gri uyga qaytardi.

Ulfati yo'q, ko'cha kezmagan, 
Maishat ne bilmagan odam. 
Birov sezib, birov sezmagan, 
Borligi-yu, yo'qligini ham.

Bir mo'minga doir bir qotil, 
Esh bo'lganday yorug' dunyoda, 
Manglayiga bitgandi xotin, 
Azozildan ming bor ziyoda.

Cho'ntagiga erning to'r xalta, 
Qulog'iga solib olam gap, 
Ro'yxat qog'oz bilan albatta, 
Kuzatardi har kun ertalab.

Sodda, noshud, oriq, kichkina; 
Har kun uyda o'tirib oqshom, 
Gazetdan ko'z olmay tinchgina, 
Eshitardi xotindan dashnom.

Tiriklikning tashvishi, g'ami, 
Hammani ham qilgandek ado, 
Uchdi bir kun umrining shami, 
Bu olamdan ketdi benavo.

Xotin ko`zni ochib g'aflatdan. 
Bildi: tayanch tog'i yo'qoldi.
Shaddod xotin shunda da'fatan, 
Mushtiparga aylandi, qoldi.

Ko'rgilikning bari da'fatan, 
Qazo boqmas nola-yu, zorga, 
Mana u ham bir kun odatan, 
Sham ko'tarib keldi u ayol.

Qudrat tilang uning sabriga, 
Uni kutar bunda turfa hol: 
Qotib qoldi: eri qabriga 
Sham yoqardi o'zga bir ayol.

Qotib qoldi. To'plab nihoyat, 
Bor makri-yu irodasini, 
Yashiroldi ko'zdagi hayrat, 
Va hayojan ifodasini.

Ayol sari yurdi beparvo. 
Salom berdi, so'rab kechirim, 
Dedi ko'ngil olgandek go'yo: 
"Kim bo'ladi bu odam?"- "Erim"

"Erim"- bu so'z xotin qalbiga, 
Olovli o'q bo'lib sanchildi, 
Endi bildi, er uni nega, 
Xush ko'rmasdi, ha endi bildi.

Nahot shunday beozor odam, 
Nahot bo'lsa boshqa xotini, 
Qani endi shundan keyin ham, 
Oqlab ko'ring erkak zotini.

Qani endi go'rni ochsa-yu, 
Bevafoni tutsa so'roqqa, 
So'ng eriga qo'shib mana bu, 
Megajinni ko'msa tuproqqa.

E, voh, ayol g'azabidan ham, 
Makridan ham asra xudoyim, 
Yondirsa-da ichini alam, 
Savol so'rar yana muloyim.

"Bolalar-chi?"- "Qolmadi yodgor. 
Menga uning yodi kifoya, 
G'ayriodat ishq bu betakror, 
Eshitsangiz qilay hikoya.

Men u bilan tushlik chog'ida, 
Oshhonada dastlab ko'rishdim, 
Men stolning nargi yog'ida, 
U bu yoqda o'tirgancha jim,

Ovqatlandik ertasiga ham, 
Indininiga shu bo'ldi takror, 
Yettinchi kun deganda ilk bor, 
"Yaxshimisiz"-, dedi bu odam.

Tanishuv kun bo'ldi bu bizga, 
Salomlashib yurdik necha kun. 
Kechirasiz, ne bo'ldi sizga? 
Titrayapsiz, singiljon, nechun?"

"Hechqisi yo'q, sovqotdim bir oz. 
Davom eting "- "Xullasi kalom, 
Bir-birovga o'rgandik oz-oz, 
Bir-birovga bog'landik tamom.

Shunday ekan qismat xohishi, 
Men ham edim dunyoda tanho, 
U, kamina beozor kishi, 
Dardlarimga bo'ldi oshino.

Men-ku yolg'iz edim: na otam, 
Na onam bor, na oilam bor. 
Yolg'iz ekan dunyoda u ham: 
Farzandlar g'o'r, xotin dilozor.

Sodda noshud, ko'rimsiz: ammo, 
Qalbi uning bir olam edi, 
Teran fikrat, hislar musaffo, 
Fidoiylik jamuljam edi,

E, voh, qadrin bilmadi dunyo, 
Loyda yotgan dur edi bu zot, 
Mening zulmat hayotim aro, 
"Yarq" etgan bir nur edi, bu zot.

Dardlashardik bechora bilan, 
Ikkimizda nadomat afsus, 
G'am-anduhlar izhori bilan, 
O'tar edi tushlik tanaffus.

U so'zlardi, men tinglar edim, 
Men so'zlardim, kuyardi u ham. 
Gohi uzoq o'tirardik jim...
Ko'zimizga cho'kib tubsiz g'am.

Mening ko'zim derdi: "Ey, aziz, 
Qayda eding o'ttiz yil avval?" 
Uning ko'zi derdi: "Foydasiz. 
Bu dunyoda baxt yo'q mukammal".

Mening ko'zim derdi: "Men muhtoj. 
Qidirgandim seni bir umr". 
Uning ko'zi derdi: "Na iloj. 
Kech bo'lsa ham ko'rishdik. Shukr".

So'rsalarki :"Qay vaqt saodat, 
Bo'lgan sening umringga oshno?" 
Derdim:"Besh yil, har kun bir soat, 
Faqat tushlik tanaffus aro".

O'zga makon, o'zga zamonda. 
Paydo bo'lgan olis yulduzlar, 
El ko'zidan pinhon osmonda. 
Ko'rishgandik faqat kunduzlar.

Bu ham turmush... Mana nihoyat, 
Judo bo'ldik, bor gap shu singil 
Tamom bo'ldi dardli hikoyat..."

Oqshom cho'kar, tushar qorong'u, 
Hazonlarni supurar shamol, 
Yarimta oy surgancha xayol, 
Sokingina taratar yog'du.

Qabristonda qolmagan odam, 
Huvillagan sukunat aro, 
Bir qabr uzra yonar ikki sham... 
Ikki ayol yig'lar besado...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 16-Fevralda yuklangan

263 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
tush tushlik tanaffus odam xotin ayol oshxona qaabr sham hikoya shodlik dard tong kech ish oqshom ulfat ko'cha maishat mo'min azozil cho'ntak ro'yxat uy gazeta nola er qudrat sabr savol titroq hayrat hayajon
Muallif
Erkin Vohidov

Erkin Vohidov

Hozirgi zamon o’zbek she’riyatining taniqli vakili. Aruz va barmoq vaznlarida yozgan asarlari birdek mashhur. Ijodining asosini lirik turning barcha janrlaridagi she’riyati, dostonlari, dramatik asarlari, I.V.Gyote, S.Yesenin, R.Hamzatov singari jahon adabiyoti namoyandalari she’riyatidan qilgan tarjimalari tashkil etadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Erkin Vohidov She'rlari Erkin Vohidov asarlari