Sahifa yuklanmoqda . . .


Surat

Mening kimligimni

Bilmaydi hech kim.

Men bir g‘alatiman,

Men alohida.

Ko‘zimning yoshini

Keladi ichgim,

Tilimni chaynagim

Kelar gohida.

Oy mening yelkamga

O‘tirib olgan,

Oftob g‘avg‘o solar

Yurgan yo‘limga.

Xayol tushovidan

Chiqolmay qolgan

Umrimni topshirib

Qo‘ydim ko‘nglimga.

Endi toshni tepsam,

O‘par izimni,

Yerga ag‘anasam —

Yer ham devona.

Barmog‘in o‘pgandim

Suygan qizimni,

Qo‘li yonib ketdi

Gurillab, mana.

Yovvoyi o‘rdakka

Berdim sevgimni!..

O‘rdak uchdi-ketdi,

Mung‘ayib qoldim.

Hayratim obketdi

Qanotida u.

Kim meni aldasa —

Xudoga soldim,

Mayli, aldanmasin

Hayotida u. Yondi,

Yonaverdi Kokillari, so‘ng,

Charsillab yuragi

Yondi bearmon.

Yarmi yonib bo‘lgan

Ko‘ylagi bir yeng

Ishqning bayrog‘iga

Aylandi alvon!..

Va o‘pdim bayroqni

Men o‘sha alvon,

Olov tan,

Olov jon,

Olov his-havas.

Qizil cho‘g‘ to‘shalgan

Chimildiq tomon

Otdim men o‘zimni

Misli o‘tparast.

Uyg‘onsam - ko‘rpam kul,

Yig‘lar sevgilim.

Men seni yig‘la deb

Quchgan edimmi?

Ayiq bosgan gulday

Ezildi ko‘nglim,

Qoldim kulko‘rpamda,

To‘shagim — tuproq.

Yumalab yotaman

Ilonlar bilan.

Ularga ishondim

Bir yordan ko‘proq,

Ilon chaqar,

Ammo

Gapirmas yolg‘on!..

Mening kimligimni

Bilmaydi hech kim.

Men bir g‘alatiman,

Men - alohida.

Kiyiklar qonini

Keladi ichgim,

Chayonni chaynagim

Kelar gohida.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 16-Fevralda yuklangan

939 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
surat ko'z yosh til oy yelka oftob yo'l g'avg'o xayol tushov umr ko'ngil tosh iz yer devona barmoq o'pich qiz sevgi qo'l o'rdak hayrat qanot xudo hayot kokil yurak armon ko'ylak ishq bayroq olov
Muallif
Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.

Batafsil


Yangi She'rlar Muhammad Yusuf She'rlari Muhammad Yusuf asarlari