Sahifa yuklanmoqda . . .


Sukut haqida ertak

Bir sukut yashardi olamda,
Mahkam tutib quloqlarini.
U asrardi hamma tuyg’udan
Nurga tashna qaroqlarini.

Eshitmasdi hech bir tovushni,
Dunyo go’yo ovozsiz surat.
Tashqarida qorni gul bilan
Bezar edi o’yinqaroq mart.

Shamol tinmay cholg’usidan mung
Taratardi telba bog’larga.
Sukut hamon begona edi
O’zi dalli, ruhi sog’larga.

Maysa titrar, yaproqlaridan
Yerga shabnam tomadi tim-tim.
Zamin ko’kka shivirlar asta:
«Yomg’iringni juda sog’indim…»

Tomchilarga to’ladi toqat
Va ohista yomg’irga do’nar.
Yomg’irsevmas qushlar yig’ilib,
Sukutning juft kiftiga qo’nar.

Shunda sabr ketadi yonib,
Sukut qulog’ini ochadi.
Chug’ur-chug’ur so’zlashgan qushlar
Sekin ini tomon qochadi.

Olazarak tinglar olamni,
Yo’q bo’lsa-da tilda talaffuz.
Sukut og’ir qadamda turib,
Tomchilarga tutaverdi yuz.

Va so’qmoqqa burdi yo’lini,
Ketaverdi uyini tashlab.
Yo’lda uchrar har tovush uning
Borar edi ko’zini yoshlab.

Qadamlari bosilgan sayin,
Kichrayardi nozik jussasi.
Unga ko’plik qildi,chamamda,
Tor dunyoning keng-keng g’ussasi.

Bir eshikka bosdi yuzini,
Shivirladi:»Yetdim. Ming shukr!»
Va ko’ksidan to’kilib tushdi
Bitta gapga sig’gan qatim nur.

Nur shamolga qo’lini berib,
Ichkariga kirdi xotirjam.
Bir yel esdi qiz qulog’ida:
«Seni juda-juda sevaman!…»


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 20-Aprelda yuklangan

58 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sukut olam mahkam quloq tuyg'u nur qaroq tovush dunyo ovoz surat qor gul mart shamol cholg'u mung telba bog' begona dalli ruh sog' maysa yaproq yer shabnam zamin ko'k yomg'ir sog'inch sevgi tomchi toqat qush sabr
Muallif
Saodat Fayziyeva

Saodat Fayziyeva

Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.

Batafsil


Yangi She'rlar Saodat Fayziyeva She'rlari Saodat Fayziyeva asarlari