Sahifa yuklanmoqda . . .
Men toshlarning tiliman,
Men ko‘ngilni guliman,
Bu dunyoning giliman,
Mendan meni so‘rama.
Tillosi yo‘q boy nadur,
Egilmasa yoy nadur,
Suv oqmasa soy nadur,
Mendan meni so‘rama.
Oftobga ergashmasang,
Yer bilan yig‘lashmasang,
Tig‘ bilan tillashmasang,
Mendan meni so‘rama.
Sen yetmagan yo‘ldaman,
Suv kirmagan cho‘ldaman,
Bir maysaman, do‘ldaman,
Mendan meni so‘rama.
To‘kilmasam, to‘lmayman,
Qor qo‘ynida gullayman,
Men shunchaki o‘lmayman,
Mendan meni so‘rama
Kundan tunni so‘rama,
Qo‘rdan kulni so‘rama,
Mendan dunyo so‘rayver,
Mendan meni so‘rama.
Har daryoning boshi bor,
Har ko‘zning o‘z yoshi bor,
Men tabibman, ham bemor,
Mendan meni so‘rama.
Shoir Mahmud Toirov 1952-yilning 31-avgustida Toshkent viloyatining Parkent qishlog’ida tavallud topgan. Mahmud Toirov 1959-yil Nizomiy nomidagi o’rta maktabga o’qishga kirib, uni 1969-yili tamomlaydi. Huddi shu yili Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetining kechki bo’limiga o’qishga kiradi.