Sahifa yuklanmoqda . . .


Sodda Muhammadman

Sodda Muhammadman,
Sodda Muhammad.
Turkman qizni maqtab baloga qoldim.
Ko`ylagiga havas qilgandim faqat,
Toabad tuganmas g`avg`oga qoldim…

Nedan ranjidingiz, jon singillarim,
Qaboqlar uyuldi, chimrildi qoshlar.
Turkman tushunmay tosh otsa, chidardim,
Ammo yomon botdi siz otgan toshlar.

Yorug` dunyoda-ku bari qiz go`zal,
Millat tanlamas-ku husn degani,
Nigohim Jayhundan sakrab o`tsa sal,
Qaydan bilay sizga malol kelganin.

Yurtim suluvlari sizga yo`q ta’rif,
Qoshingizda o`sma yursa sirg`alib,
Uzun sochingizni o`rsangiz tarab,
Boqsa degan edim oy ham suqlanib.

Asli turkman qiz bir bahona xolos,
Izlaganim edi sizlar kabilar,
Qo`msaganim hayo – momomlarga xos,
Sog`inganim edi Kumushbibilar…

Yonsam hajringizda mening yonishim,
Kuysam siz tufayli ko`nglimdagi cho`g`,
Turkman qizlarda yo`q mening tanishim,
Qalinga tuyam ham tushib qolgan yo`q!


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 24-Aprelda yuklangan

89 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sodda muhammad turkman qiz maqtov balo ko'ylak havas g'avg'o ranj singil qaboq qosh tosh dunyo go'zal millat husn nigoh jayhun malol yurt suluv ta'rif o'sma soch oy bahona kumush hayo momo sog'inch hajr qalin tuya
Muallif
Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.

Batafsil


Yangi She'rlar Muhammad Yusuf She'rlari Muhammad Yusuf asarlari