Sahifa yuklanmoqda . . .


Sizga...

Tunda…
nogoh uyg’onasizmi,
Dilingizga kirgan titroqdan?
Turasizmi og’ir xo’rsinib,
Chiqasizmi asta yotoqdan?
Ochasizmi derazalarni,
Qaraysizmi…
Oyga tikilib?
Ko’ksingizning ostida nadir
Yashayotgan bo’lar o’kinib.
Yodim o’tsa xayolingizdan,
Tushasizmi siz ham larzaga?
Rozimisiz hayotingizdan,
Menga bergan
oniy lahzaga?

Yolg’izlikning girdoblarida
Chorasizlik bo’lganida tosh.
Mening uchun yuragingizdan
To’kasizmi biron tomchi yosh?
Kesib o’tsa nigohingizni
Muhabbatning qovjiroq labi,
Siz ham…
qattiq sog’inasizmi?
Sevasizmi siz ham men kabi?
Chidaysizmi,
jimgina mendek-
Qoningizda yongan olovga?
Yoningizga bir kuni borsam,
Bermaysizmi…
Keyin birovga?


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi She'rlar Zebo Mirzo She'rlari Zebo Mirzo asarlari