Sahifa yuklanmoqda . . .


Shukr deysan sen qachon

Ta'magirni tortqilab,
Nafsi qo`ymas deydilar.
Nokas o`zi to`ysa ham,
Ko`zi to`ymas deydilar.

Boq bir yorug` olamga —
Kimlar zo`rg`a kun ko`rar.
Odamlar bor, bog`dagi
Bulbuldan ham pul so`rar.

Yolg`on dunyo — bu dunyo,
Arzon dunyo — bu dunyo.
Ne-ne hokim, beklardan
Qolgan dunyo — bu dunyo.

Kiprikdan ham qisqadir
Mol-u dunyo yo`llari.
Ibrat bo`lsin Iskandar
Ochiq ketgan qo`llari!..

Uzat deysan, ber deysan,
Hech qo`ymading odamzod.
Tuya to`ydi, fil to`ydi,
Sen to`ymading, odamzod.

Shukr qilar hattoki
Qumursqa-parrandalar.
Shukr deysan sen qachon,
Xom sut emgan bandalar?..

Bu uch kunlik dunyoda
Savlatigga kerilma.
Qasr qurma, bog` qoldir,
Davlatingga kerilma.

O`z elingni qaqshatsang,
Xor bo`lasan o`zing ham.
Bir kun shu el mehriga
Zor bo`lasan o`zing ham!..


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 24-Aprelda yuklangan

419 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shukr ta'ma nafs nokas ko'z olam kun odam bog' bulbul pul yolg'on dunyo arzon hokim bek kiprik mol ibrat iskandar qo'l tuya fil qumursqa parranda sut banda savlat qasr davlat el mehr
Muallif
Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.

Batafsil


Yangi She'rlar Muhammad Yusuf She'rlari Muhammad Yusuf asarlari