Sahifa yuklanmoqda . . .


Shomil

Madinada yotibdi Shomil,
Madinada yotibdi bedor.
Qabr ichidan baqirar: “Kim bor,
Uzatsang-chi, qo’lingni, g’ofil!”

Arab qumi qabrtoshdagi
Yozuvni goh ko’mar, goh ochar.
Qabr uzra doira yasab
Erk qushlari – burgutlar uchar.

Qilich ushlab o’rgangan qo’llar
Timirskilar qabr ichini.
Tushga kirar tog’dagi yo’llar,
Ko’rar qorli tog’lar uchini.

Shamol Xunzax bog’chalaridan
Olib kelar olular isin
Va Dog’iston tog’laridagi
Qorlar bilan sovutar ko’ksin.

O’n sakkizta yarasi emas,
Dili og’rir,
Zirqirab og’rir.
Ko’ksin ezgan qabr toshimas,
Armon toshi…
U tog’dan og’ir.

Yuz bir zabon,
Yuz bir lahjada
So’zlashadi Dog’iston, biroq
Shomil tilin unutgan erlar
Bu o’lkada hammadan ko’proq.

O’z yurtida nomi xor bo’lib,
O’z yurtiga bo’lganicha zor,
Madinada yotibdi Shomil,
Madinada yotibdi bedor.

Arab qumi qabrtoshdagi
Yozuvni goh ochar, goh ko’mar.
Goho oyning uchiga kelib
Orom uchun burgutlar qo’nar…

1988


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

28 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari